FOTOREPORTAJ
Farg‘ona viloyati Marg‘ilon shahrida barpo etilayotgan Burhoniddin Marg‘inoniy nomidagi zamonaviy turizm majmuasi milliy meros va zamon talablarini o‘zida uyg‘unlashtirgan yirik loyihalardan biri sifatida e’tiborga molik.
Maydon hajmi 35 gektar bo‘lgan majmua hududida ayni paytda buyuk alloma nomi bilan ataladigan ilmiy-amaliy markaz, “Otabek va Kumush uyi”, hunarmandlar rastalari, karvonsaroylar, tarix muzeyi, sharqona bozor, musiqali maqom teatri hamda amfiteatr kabi qator madaniy va sayyohlik ob’ektlari barpo etilmoqda. Shuningdek, hududda sun’iy ko‘l, musiqali favvoralar, yashil hududlar, hordiq maskanlari, mehmonxonalar hamda servis va xizmat ko‘rsatish shoxobchalarini barpo etish rejalashtirilgan.
Sharqona me’morchilik an’analari asosida ishlab chiqilgan majmua loyihasi Turkiyaning taniqli arxitektorlari tomonidan tayyorlangan. Bugungi kunda davlat byudjeti mablag‘lari, mahalliy tadbirkorlar va xorijlik investorlar ishtirokida 35 ta ob’ektda qurilish ishlari jadal sur’atlarda olib borilmoqda.
Majmua joriy yil Navro‘z bayrami arafasida foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan bo‘lib, uning faoliyati natijasida 1000 nafardan ortiq yangi ish o‘rni yaratilishi ko‘zda tutilgan.
[gallery-27415]
Erkin Vohidov nomidagi Ijodkorlar bog‘ida o‘tkazilgan matbuot anjumanida amalga oshirilayotgan qurilish va bunyodkorlik ishlari haqida batafsil ma’lumot berildi. Shuningdek, ommaviy axborot vositalari vakillari uchun majmua hududi bo‘ylab press-tur tashkil etildi. Ma’lum qilinishicha, ushbu majmua yaqin istiqbolda Marg‘ilon shahrining yangi turizm brendiga aylanib, yiliga 1 millionga yaqin mahalliy va xorijiy sayyohni jalb etishi kutilmoqda.
Muqimjon QODIROV (surat), O‘zA