Marg‘ilon olamga dovruq solgan o‘nlab san’atkorlarni tarbiyalab yetishtirgan. Mashhur qiziqchi Yusufjon qiziq Shakarjonov, Angliyada qirolicha barmoq izlarini olib qolgan doirachi usta Olim Komilov, soz va ovozda betakror Muhiddin qori Yoqubov, sahna va kino qirolichasi Lutfixonim Sarimsoqova, dovudiy ovozi yetti iqlimni zabt etgan Jo‘raxon Sultonov, Ma’murjon Uzoqov, Halima Nosirova, dunyo xalqlari laparchisi Tamaraxonim, raqs malikasi Mukarrama Turg‘unboyeva va yana ko‘plab ular kabi o‘zbek san’atining darg‘alari ko‘hna Marg‘ilon farzandlaridir. Xalqimiz hamisha ular bilan faxrlanadi.
Mamlakat hukumati xalq mehrini qozongan ulug‘ san’atkorlarning nomlarini abadiylashtirish vazifasini belgilab berdi. Unga ko‘ra Marg‘ilondagi ijodkorlar bog‘ida «San’atkorlar xiyoboni» tashkil etish, xalq mehrini qozongan san’atkorlar byustini o‘rnatish, atrofni obodonlashtirish kabi vazifalar yuklatilgan. Marg‘ilondagi ijodkorlar bog‘ida ishlar boshlab yuborildi.
– Hukumatimiz qarori bilan Marg‘ilon shahar ijodkorlar bog‘i hududida 20 sotix yer maydoni tanlab olinib, o‘rnatilishi rejalashtirilgan san’atimiz darg‘alari byustlari loyihalari to‘liq ishlab chiqilgan. Hozirda haykaltaroshlar tomonidan byustlarni yasash ishlari olib borilmoqda, – deydi Marg‘ilon shahar qurilish bo‘limi mutaxassisi Bobur Mahmudov.
Bo‘lajak «San’atkorlar xiyoboni»ga 20 ta byust tag-supalari o‘rnatildi. Ularning har birida ulug‘ zotlar haqida ma’lumotnomalar bo‘ladi. Umuman, bu xiyobon maktab o‘quvchilari, o‘rta va oliy ta’lim talabalari uchun sayyor darslar, ijodiy kecha va uchrashuvlar o‘tkazadigan mo‘’tabar dargohga aylanadi. Marg‘ilon shahar hokimligi xiyobon obodonchiligini ta’minlash, unga doimiy xizmat ko‘rsatuvchi ishchi o‘rinlari masalasini ham hal qilmoqda.
– Ishonchim komilki, «San’atkorlar xiyoboni» ertangi kunda xalqimizning sevimli ziyoratgohi bo‘lib qoladi, – deydi Bobur Mahmudov.
Muhammadjon Obidov