Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Marg‘ilonda 25 ming aholiga mo‘ljallangan uy-joylar quriladi
21:16 / 2024-07-11

Farg‘ona viloyatining Marg‘ilon shahrida aholi zich yashaydi. Yaqin kelajakda bu nufus oshib boradi. Yosh oilalarga va kelgusi avlodlarga munosib sharoit yaratish maqsadida Prezidentimiz shaharda yangi massiv qurish g‘oyasini ilgari surdi. Tashrif chog‘ida bu borada marg‘ilonlik nuroniylar, jamoatchilik vakillari bilan maslahatlashildi.

- Mamlakatimizning ko‘p joylarida yangi massivlar, shaharchalar qurayapmiz. Marg‘ilonliklarning yashash sharoitlaridan, uy-joylarga ehtiyojidan xabarim bor. Shu talab va istaklarni, ko‘pchilik oilalarning orzularini inobatga olib, zamonaviy imoratlar qurishni o‘ylayapmiz, - dedi Shavkat Mirziyoyev.

Loyihaga ko‘ra, 110 gektar maydonda bunyodkorlik ishlari olib boriladi. Xususan, 25 ming aholiga mo‘ljallangan 5 mingta xonadonli ko‘p qavatli uylar quriladi. Shuningdek, Burhonuddin Marg‘iloniy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, Maqom teatri, yuridik institut, 4 ta mehmonxona, shoir va san’atkorlar hiyoboni, savdo va xizmat majmualari bo‘ladi. Istirohat bog‘i unga fayz va havo bag‘ishlaydi.

Jamoatchilik nomidan so‘z olgan nuroniylar bu xalq kutgan loyiha ekanini aytib, mamnunligini bildirdi. Ushbu ezgu ishga muvaffaqiyat tilab duo qilindi.

- Bugun borib ko‘rdik, Farg‘onada katta sanoat korxonalari ishlayapti. Yangi elektr stansiyalarini ishga tushirdik. Nima uchun? Xalqimizning sharoiti bo‘lishi uchun, korxonalar barqaror ishlashi uchun. Endi sizlar ham islohotlarga kamarbasta bo‘lib, mahallalar ishsizlik va kambag‘allikdan xoli bo‘lishiga ko‘mak berishingizni istardim, - dedi Prezident. 

Mutasaddilarga massivni xorij tajribasi asosida puxta loyihalashtirish, uylar va infratuzilmani uzoqni ko‘zlab barpo etish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.