Xalq deputatlari Marg‘ilon shahar Kengashining navbatdan tashqari sessiyasi bo‘lib o‘tdi. Sessiya ishida Farg‘ona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov ishtirok etdi.
2020 yildan buyon Marg‘ilon shahar hokimi bo‘lib ishlab kelgan Adham Ziyavitdinov O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning joriy yil 27-28 iyul kunlari Farg‘ona viloyatiga tashrifi chog‘ida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda hududda ishlarni lozim darajada tashkil etmagani uchun lavozimidan ozod etilgan edi.
Xalq deputatlari Marg‘ilon shahar Kengashining navbatdan tashqari sessiyasida lavozimidan ozod etilgan Adham Ziyavitdinov o‘rniga yangi shahar hokimini tayinlash bilan bog‘liq tashkiliy masala ko‘rildi.
Viloyat hokimi Xayrullo Bozorov tomonidan taqdim etilgan Nisbatxonov Shukurulloxon Xolmatxonovich nomzodi Marg‘ilon shahar deputatlari tomonidan yakdillik bilan qo‘llab-quvvatlandi va hozirga qadar Qashqadaryo viloyati soliq boshqarmasi boshlig‘i bo‘lib ishlab kelgan Shukurulloxon Nisbatxonov shahar hokimi etib tasdiqlandi.
Sessiyada so‘z olgan viloyat hokimi Xayrullo Bozorov, hunarmandlar shahri, tadbirkorlar yurti bo‘lgan Marg‘ilonning bugungi iqtisodiy ko‘rsatkichlari mavjud salohiyatga umuman mos emasligi, shaharda yirik sanoat korxonalari deyarli yo‘qligi, pirovardida soliq tushumlari past ekanligi, xorijiy investitsiyalar va eksport hajmi kamayib ketgani, ko‘p qavatli uylar qurilishi sustligi, hududda ishsizlik yuqori ekanini tanqid qildi. Allomalar vatani bo‘lgan Marg‘ilonning ta’lim sohasida Respublika bo‘yicha eng past natijalardan biriga ega ekani, shaharda bor-yo‘g‘i bir dona kutubxona mavjudligi afsuslanarli holat ekanini qayd etdi.
Xayrullo Bozorov Marg‘ilon ahlini rozi qilish, aholining ijtimoiy muammolarini hal etish, yangi ish o‘rinlari yaratib, xorijda yurgan marg‘ilonliklarning qaytishlari va munosib mehnat qilishlari uchun sharoit yaratish, tadbirkorlar uchun ishonch muhitini shakllantirish, xorijiy investitsiyalar hajmini oshirish, sanoatni rivojlantirish, hunarmandchilik va turizmni yangi bosqichga olib chiqish, bir so‘z bilan aytganda Marg‘ilonda keskin ijobiy o‘zgarishlar qilish bo‘yicha yangi shahar hokimi oldida turgan ustuvor vazifalarni belgilab berdi.
Shukurulloxon Nisbatxonov 1969 yilda Qo‘shtepa tumanida tug‘ilgan. Andijon iqtisodiyot va boshqaruv institutini iqtisodchi mutaxassisligi bo‘yicha tamomlagan. 2000 yilgacha Yozyovon tumani davlat soliq inspeksiyasida turli mas’ul vazifalarda ishlagan. 2000-2010 yillarda Farg‘ona viloyati davlat soliq boshqarmasida sektor boshlig‘i, bo‘lim boshlig‘i o‘rinbosari va bo‘lim boshlig‘i lavozimlarida faoliyat olib borgan. 2010-2014 yillarda Namangan viloyati davlat soliq boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari bo‘lgan. 2014-2019 yillarda Qo‘shtepa va Farg‘ona shahar davlat soliq inspeksiyalarida, Farg‘ona viloyati davlat soliq boshqarmasida rahbarlik lavozimlarida ishlagan. 2019-2020 yillarda Farg‘ona viloyati davlat soliq boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari, 2020-2022 yillarda Farg‘ona viloyati davlat soliq boshqarmasi boshlig‘i bo‘lgan. 2022 yil aprel oyidan buyon Qashqadaryo viloyati davlat soliq boshqarmasi boshlig‘i bo‘lib ishlab kelayotgan edi.
M.Sulaymonov, O‘zA