Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Marg‘ilon o‘zbek milliy san’ati markaziga aylandi (+video)
18:49 / 2023-07-13

Marg‘ilon ustoz san’atkorlar yetishtirib bergan makon. Usta Olim Komilov, Tamaraxonim, Mukarrama Turg‘unboyeva, Ma’murjon Uzoqov, Jo‘raxon Sultonov, Yulduz Usmonova... Bu ro‘yxatni uzoq davom ettirish mumkin. So‘z san’ati ustasi Yusufjon qiziq Shakarjonov esa o‘ziga xos askiya maktabini yaratdi.

Hayot davom etar ekan, bu san’at turlari avloddan-avlodga o‘tib kelmoqda. Xususan, bugun ham Yusufjon qiziqning nabira shogirdlari Muhammadsiddiq Shiryayev, Hotamjon Hakimjonovlar bu noyob san’at sirlarini yoshlarga o‘rgatib kelmoqda. So‘zning ma’nolari vositasida “Kosa tagida nimkosa” deganlaridek, muhim ijtimoiy masalalarni hajv yo‘li bilan olib chiqadilar.  

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Respublikada milliy askiya va qiziqchilik san’atini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaroriga ko‘ra Marg‘ilonda Yusufjon qiziq Shakarjonov nomidagi askiya va qiziqchilik san’ati markazi tashkil etiladi. Bu yerda shu yo‘nalishda to‘garaklar ochiladi, ilmiy tadqiqot ishlari olib boriladi, yosh askiyachi va qiziqchilar tanlovlari tashkil etiladi.  

– Har bir inson o‘ziga-o‘zi savol beradi, men baxtlimanmi, degan. Eng baxtli odamlardan biri men bo‘lsam kerak, deydi ustoz askiyachi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi Hotamjon Hakimjonov. – Prezidentimizning qarorini o‘qib chiqdim. Xayolimizga kelmagan sharoitlar nazarda tutilgan. Shuning uchun ham men baxtliman, demoqdaman. Prezidentimizga rahmat. Biz bor bilim, tajribamizni sarflab qaror ijrosini ta’minlashga hissa qo‘shamiz.  

Markaz uchun Marg‘ilon shahridagi ko‘rkam binolardan biri ajratilgan. Unda zamonaviy sahna, to‘garak va mashg‘ulotlar uchun o‘quv xonalari yetarli.  

– Askiyani rivojlantirish uchun ilmga ega bo‘lish kerak. Askiya “zakiya” degan so‘zdan olingan. Ongli, ilmli, Vatanga, xalqiga va ilmga muhabbatli insongina askiyachi bo‘la oladi, – deydi O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist, ustoz askiyachi Muhammadsiddiq Shiryayev. – “Ustoz-shogird” an’analari asosida yoshlarni o‘qitib, tarbiyalab, askiyachi, qiziqchi tayyorlaymiz, deya va’da beramiz.  

Darhaqiqat, shu tarzda Marg‘ilon o‘zbek milliy san’ati markazlaridan biriga aylandi. Avvalroq, Prezident qarori bilan shaharda o‘xshashi yo‘q “Maqom teatri” tashkil etilgandi. Askiya va qiziqchilik san’ati markazi esa nafaqat yurtimizda qadim san’at turini rivojlantiradi, balki o‘zbek tili rivojiga ham ulkan hissa qo‘shadi.  

<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/dB0XVuCsqCA" title="Marg‘ilon o‘zbek milliy san’ati markaziga aylandi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" allowfullscreen></iframe>

Muhammadjon OBIDOV.  

Tasvirchi Elyor Olimov.