Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Marg‘ilon – Jahon ipak va ikat hunarmandlari shahri
12:23 / 2022-10-20

Marg‘ilon shahrida “Atlas bayrami” V xalqaro an’anaviy to‘qimachilik festivali boshlandi. Unda Turkiya, Hindiston, Malayziya, Bangladesh, Qozog‘iston, Tojikiston, Qirg‘iziston kabi dunyoning yigirmadan ortiq davlatidan mohir dizaynerlar, hunarmandlar, taniqli madaniyat arboblari, san’atshunos olimlar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etmoqda.

Festivalning tantanali ochilish marosimida Farg‘ona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov, Butunjahon hunarmandlar kengashi prezidenti Saad al-Kaddumiy hamda videokonferens aloqa orqali YUNESKOning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Sara Noshadi barchani nufuzli anjuman bilan tabrikladi. Mamlakatimizda milliy hunarmandchilikni rivojlantirish, hunarmandlarni qo‘llab-quvvatlash ishlari e’tirof etildi.  

O‘zbekistonda ko‘pchilik kundalik hayotining ajralmas qismi bo‘lgan hunarmandchilik san’ati, xususan, yog‘och o‘ymakorligi, ganchkorlik, kulollik, to‘qimachilik, zardo‘zlik, sozgarlik, kandakorlik, zargarlik necha-necha ming yillik tarixga, o‘ziga xos ijodiy maktab va an’analariga, atoqli namoyandalariga ega. Mohir ustalar tomonidan tayyorlangan ko‘plab badiiy hunarmandlik va amaliy san’at mahsulotlari bugungi kungacha dunyoning mashhur muzeylarida saqlanishi ularning jahon xalqlari tarixida muhim o‘rin egallaganidan dalolat beradi.  

Shunday omillar sabab bo‘lsa kerak, bu noyob san’atning ko‘plab yo‘nalishlarida samarali faoliyat ko‘rsatganlar, ularga izdosh va voris bo‘lgan iste’dodli hunarmandlar doimo el-yurt orasida hurmat-ehtiromga sazovor bo‘lib, “usta”, “ustazoda” degan sharafli nomlar bilan e’zozlanadi.  

Mamlakatimiz mustaqillikka erishganidan so‘ng milliy madaniyatimizning barcha sohalari qatori hunarmandchilikni, uning an’analari va maktablarini tiklash, saqlash, rivojlantirish va targ‘ib etishga ham alohida e’tibor qaratildi. Keyingi yillarda ana shu boy madaniy merosimizni asrab-avaylash, xalq badiiy va amaliy san’atini yanada rivojlantirish, bu borada tarixiy an’analarni izchil davom ettirib kelayotgan mohir ustalarning mashaqqatli mehnatini munosib qadrlash, har tomonlama qo‘llab-quvvatlash maqsadida tegishli farmon va qarorlar qabul qilinib, ularga yangi imkoniyat va imtiyozlar yaratildi.  

O‘zbek milliy hunarmandchiligi markazi bo‘lgan Farg‘ona viloyati Marg‘ilonning atlas va adraslari, Rishtonning kulolchilik san’ati, Qo‘qonning yog‘och o‘ymakorligi va naqqoshlik maktablari bilan dunyoga mashhur.  

Bu yil beshinchi bor tashkil etilayotgan  “Atlas” festivali uchun Marg‘ilon shahri tanlangani bejiz emas. Bu yerda qo‘l mehnati bilan to‘qilgan ipak matolari hech bir insonni hayratga solmay qo‘ymaydi. Undan qadim Sharqning sirli nafasi ufurib turadi. Ushbu qadimiy va go‘zal shahar mohir hunarmandlar maskani, xalq badiiy va amaliy san’atining markazi sifatida dunyoga dovruq qozongan.  

Marg‘ilon va unga tutash tumanlarda  mato va gilam to‘qimachiligi, milliy libos va milliy poyabzal tayyorlash bilan 3 mingga yaqin, Rishton tumanida an’anaviy kulolchilik bilan 5 mingdan ortiq, Qo‘qon shahri va unga tutash hududlarda yog‘och o‘ymakorligi, zargarlik kabi hunarmandchilik turlari bilan 10 mingga yaqin oilalar shug‘ullanadi. Joriy yilda Farg‘ona viloyatidagi 13 ta tumanda yangi “Hunarmandlar markazlari” qurib bitkazilib, bunday markazlar soni 18 taga yetkazildi. Ushbu markazlarda to‘qimachilik yo‘nalishining o‘zida 4 mingta yangi ishchi o‘rin yaratildi. Hozirgi kunda Rishton tumanida 4 ta kulolchilikka ixtisoslashgan hunarmandlar markazlari barpo etilmoqda. Joriy yilda Furqat tumanida O‘zbekiston xalq ustasi Muhammadali Yunusovning ustaxonasi qoshida yog‘och o‘ymakorligi markazi barpo etilib, mingdan ziyod shogirdlar doimiy ish o‘rniga ega bo‘ldi.    

Butunjahon hunarmandlar kengashi tomonidan Marg‘ilon shahriga “Jahon ipak va ikat hunarmandlari shahri” maqomi berildi. Tantanali tadbirda mazkur sertifikat shahar hokimi Adhamjon Ziyovuddinovga topshirildi.  

bugungi kunda dunyoning 4 ta qit’asidan 57 ta shahar bunday e’tirofga sazovor bo‘lgan. Viloyatda Qo‘qon shahridan so‘ng Marg‘ilonning ham  ushbu ro‘yxatga kiritilgani Farg‘onada xalq amaliy san’atini rivojlantirishga qaratilgan ishlarga berilgan katta baho bo‘ldi.  

Turizm va madaniy meros vazirligi, YUNESKOning O‘zbekistondagi vakolatxonasi, Farg‘ona viloyati hokimligi, Respublika “Hunarmand” uyushmasi tomonidan tashkil etilgan  festival uch kun davom etadi. Tadbirlar davomida Marg‘ilon shahrining barcha xiyobon va maydonlarida xalq sayllari, askiya va katta ashula ijrochiligi, kurash musobaqalari, dorbozlik, qo‘g‘irchoqbozlar chiqishlari, “Hunarmandlar shaharchasi”da hunarmandchilik buyumlari namoyishi, mahalliy va xorijiy dizaynerlarning liboslar namoyishlari, to‘qimachilik ustalarining mahorat darslari, ko‘rgazma va ilmiy-amaliy anjumanlar bo‘lib o‘tadi.  

 

Ma’sudjon Sulaymonov,  

M.Qodirov (surat), O‘zA