Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Mardlikni o‘rgatuvchi maskan
18:28 / 2025-05-23

Davlatimiz rahbari tashabbusi va g‘oyasi asosida barpo qilingan Millat fidoyilari xiyobonida uch avlod vakillari ishtirokida tadbir o‘tkazildi.

Muazzam maskanda ichki ishlar organlari faxriylari, taniqli ziyolilar, ma’naviyat targ‘ibotchilari, IIV akademiyasi professor-o‘qituvchilari va kursant yoshlar yig‘ildi.

Tadbir avvalida O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, shoir Bobur Bobomurod so‘z olib, mustaqillik yillarida yurtimiz tinchligi va osoyishtaligi yo‘lida halok bo‘lgan jasur o‘g‘lonlar xotirasini abadiylashtirish maqsadida bunyod etilgan majmuaning ma’naviy hayotimizdagi o‘rniga to‘xtaldi.

Uchrashuvda xotira xiyobonida nomlari bitilgan harbiy xizmatchilar va huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlarining jasorati, muqaddas burchini bajarish chog‘ida ko‘rsatgan qahramonligi, bugungi va kelgusi avlodlar uchun ibrat bo‘ladigan fazilatlari e’tirof etildi. Yosh avlod vakillariga majmuadan o‘rin olgan lavhalarning badiiy g‘oyasi, mazmun-mohiyati haqida batafsil ma’lumot berildi. 

– Vatan tinchligi va ravnaqi yo‘lida qilingan hech bir ish besamar ketmaydi. Poytaxtimizda qad rostlagan shunday maskanni ko‘rib, yurtimizda inson qadri ulug‘ qadriyatga aylanganiga yana bir bor guvoh bo‘ldim. Majmuani tomosha qilar ekanman, ko‘zim beixtiyor yoshlandi. Boisi, bu yerda biz bilan bir safda turgan, el-yurt osoyishtaligi uchun aziz jonidan kechgan hamkasblarimizning ham nomlari zarhal harflar bilan yozilgan. Demak, qahramonlar nomi aslo o‘chmaydi. Ishonchim komilki, xotira xiyoboni farzandlarimiz uchun chinakam vatanparvarlik maktabiga, sevimli ziyoratgohga aylanadi, – deydi Ichki ishlar akademiyasining Tezkor-qidiruv faoliyati kafedrasi katta o‘qituvchisi, iste’fodagi general-mayor Mirsamad Adilov. 

Tadbirda bugungi avlod millat fidoyilari oldida hamisha qarzdorligi, mustaqilligimiz, musaffo osmonimiz, tinch-osuda hayotimiz ulkan jasorat va matonat evaziga himoya qilingani, yurt o‘g‘lonlarining mardligi, qahramonligini yoshlarga ibrat qilib ko‘rsatish, xiyobonda vatanparvarlik va xotira darslarini o‘tkazish insoniy burchimiz ekanligi ta’kidlandi.

Kursantlar tomonidan o‘qilgan vatan, tinchlik, ezgulikni tarannum etuvchi she’rlar esa tadbirga o‘zgacha ruh bag‘ishladi.

IIV akademiyasi Axborot xizmati