Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Mardlik, jasurlik va sadoqat unutilmaydi
16:08 / 2020-05-10

Mayor Gulnora XODJAMUROTOVA, Mudofaa vazirligi “Vatanparvar” birlashgan tahririyati boʻlim boshligʻi:


Mayor Gulnora XODJAMUROTOVA, Mudofaa vazirligi “Vatanparvar” birlashgan tahririyati boʻlim boshligʻi:

– Prezidentimiz – Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qoʻmondoni Xotira va Qadrlash kuni munosabati bilan yangi barpo etilgan “Gʻalaba bogʻi”da Ikkinchi jahon urushida ishtirok etgan, front ortida turib, gʻalabaga munosib hissa qoʻshgan xalqimizga bayram tabrigi yoʻlladi.

Albatta, bu tabrikda eʼtibor qaratiladigan jihatlar talaygina. Xususan, onalarimizning, ayollarimizning jasorati, sadoqati va xalqimizga xos matonati davlatimiz rahbari tomonidan alohida eʼtirof etildi. Yangi bogʻning markazida bunyod etilgan “Matonat madhiyasi” muazzam obidasi davlatimiz rahbari tomonidan barcha Oʻzbekiston onalariga atab qoʻyilgan haykal ekanligini, bu ona Vatan ramzi boʻlib qad rostlaganini taʼkidlab oʻtdi. Obidaga eʼtibor bergan boʻlsangiz, ularning nigohida oʻsha sadoqatning yalt-yalt etib yonib turganini koʻrasiz.

Harbiylarda sadoqat tushunchasi men uchun juda muhim va qadrlidir. Bu tuygʻu nafaqat bizning kasbimizda, balki har bir inson qalbida alohida mehr-muhabbat bilan qadrlanadi. Prezidentimiz boshchiligida dahshatli urush tufayli besh oʻgʻlidan ayrilib, umrining oxirigacha farzandlariga ilhaq boʻlgan ona – Zulfiya aya Zokirova va undan oʻrnak olgan kelinlari sadoqatiga yuksak hurmat koʻrsatildi. Mana shu voqeaning oʻzi ham ona Vatanimizga, mehnatkash xalqimizga sadoqat bilan xizmat qilishimiz hech qachon unutilmasligi isbotidir.

Polkovnik Shuhrat YUSUPOV, Mudofaa vazirligi Maʼnaviyat va maʼrifat markazi boshligʻi:

Biz tarixdan yaxshi bilamizki, Ikkinchi jahon urushi yillarida or-nomusini, gʻururini, shaʼnini va qalbini saqlab qolgan millatlar juda koʻp emas. Lekin oʻzbek xalqi oʻsha olovli yillarda umumiy maqsad – Gʻalabaga oʻzining munosib hissasini qoʻshish bilan birga takrorlanmas qahramonliklar ham koʻrsata oldi. Xalqimizning jasorati, matonati va jasurligi nafaqat oʻz quroldoshlari, balki fashistlar armiyasi tomonidan ham oʻziga xos tarzda “eʼtirof” etildi.

Oʻsha janggohlarda yuksak qahramonlik koʻrsatgan ota-bobolarimiz boshi uchun katta-katta mukofot pullari vaʼda qilindi. Askarlarining koʻzini ochirmaydigan, koʻngliga dahshatli gʻulgʻula soladigan, nomini eshitsa, tanasi boʻshashib, tizzasida qaltiroq turadigan boʻlib qolgan qoʻshin holidan, albatta, har qanday sarkarda va qoʻmondon xavotirga tushadi. Biroq mardlik hadisini olgan vatandoshlarimizni mavh etish ular uchun armon boʻlib qolgan.

Prezidentimiz Ikkinchi jahon urushida mardlik va jasurlik namunasini koʻrsatgan xalqimiz haqida gapirar ekan, beixtiyor yuqoridagilar xayolimni band etgan edi. Ha, inson shaʼni va qadr-qimmati bebaho boʻlgan bu yurtda mardlik ana shunday qadrlanadi.

Mayor Tolib RAJABOV, Qurolli Kuchlar akademiyasi katta oʻqituvchisi:

Shu narsani aytib oʻtishni istardimki, davlatimiz rahbari oʻtgan yilgi tabrigida insoniyatni cheksiz azob-uqubatlarga giriftor etgan XXI asr fojiasi deya eʼtirof etiladigan Ikkinchi jahon urushida xalqimiz koʻrsatgan qahramonliklar, yuksak jasorat va chin insoniy fidoyilik aks etgan tarixiy haqiqatni tiklash toʻgʻrisida gapirgan edi. Mana, oradan roppa-rosa bir yil vaqt oʻtib, oʻsha haqiqat tiklandi.

“Gʻalaba bogʻi” oʻsha haqqoniy tarixni oʻzida mujassamlashtirgan ulkan majmuaga aylandi. Bu, albatta, Ikkinchi jahon urushida halok boʻlgan mard, jasur ota-bobolarimiz, front ortida mardonavor matonat koʻrsatgan jafokash xalqimizga boʻlgan yuksak hurmatdir.

Oliy Bosh Qoʻmondonimiz bayram tabrigida insoniyat tarixidagi eng dahshatli qirgʻin – Ikkinchi jahon urushining tugaganiga 75 yil toʻlgan boʻlsada, afsuski, yer yuzining turli burchaklarida, jumladan, mintaqamizga yaqin hududlarda davom etayotgan qarama-qarshilik, qonli toʻqnashuvlarga ham toʻxtalib oʻtdi.

Shu sababli doimo hushyor va ogoh boʻlmogʻimiz, mustaqilligimizni mustahkamlab, Vatanimiz qudrati, Qurolli Kuchlarimiz salohiyatini yana-da yuksaltirib borishimiz zarurligini taʼkidladi. Albatta, bu mustaqil Oʻzbekiston armiyasi saflarida xizmat qilayotgan har bir askar, har bir ofitser uchun taalluqlidir. Bundan hammamiz oʻzimizga tegishli xulosa chiqarishimiz zarur.