Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Mardlik, jasorat va sadoqat faqat harbiylarga xos bo‘lmasligi kerak
20:29 / 2026-01-12

Samarqand shahridagi Yoshlar markazida Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan “Mardlik, jasorat va sadoqat” shiori ostida festival o‘tkazildi.

Vatanparvarlik oyligi doirasida tashkil etilgan tadbirda shahardagi ta’lim muassasalari o‘quvchi va talabalari, uyushmagan yoshlar ishtirok etdi.  

Festivalning ochilish marosimida Samarqand viloyat hokimi o‘rinbosari Husan To‘xtayev ishtirokchilarni Vatan himoyachilari kuni bilan tabriklab, harbiylik, yurtni himoya qilish eng muqaddas ish ekanligini ta’kidladi.  

– Mardlik, jasorat, sadoqat degan tushuncha haqida gap borganda bu tuyg‘ular har bir harbiy xizmatchida bo‘lishi kerak, deymiz. Bunga shubha yo‘q, lekin har bir inson o‘z Vatani, xalqi oldida ana shu tuyg‘ular bilan bog‘liqligi, mas’ulligini unutmaslik lozim, – dedi viloyat hokimi o‘rinbosari.

[gallery-27075]

Tadbirda ulug‘ adib, jadid bobolarimiz yetakchilaridan biri bo‘lgan Abdulla Qodiriy hayoti va ijodiga bag‘ishlangan sahna ko‘rinishi namoyish etildi. Harbiy orkestr va yoshlar ishtirokida Vatan va harbiylik sharaflangan kuy-qo‘shiqlar yangradi.

Shundan so‘ng Markaziy harbiy okrug qo‘mondonligi, Yoshlar ishlari agentligi viloyat boshqarmasi mas’ullari hamda Qurolli Kuchlar faxriylari ishtirokida “Rahbar va yoshlar uchrashuvi” o‘tkazildi. Harbiylar va soha faxriylari Vatanni himoya qilish shu yurtda yashovchi har bir fuqaroning muqaddas burchi ekanligini ta’kidladilar. O‘z hayoti, ish faoliyatidagi esda qolarli holatlar, yurtimiz sarhadlari daxlsizligi, tinchlik-barqarorlikni ta’minlash uchun ko‘rsatgan jasoratlari haqida gapirib berdilar. Uchrashuv davomida yoshlar o‘zlarini qiziqtirgan ko‘plab savollarga javob oldi.

Festival doirasida qurol-aslaha, harbiy texnika va maxsus vositalar ko‘rgazmasi tashkil etildi. Shuningdek, harbiylarning ko‘rgazmali chiqishlari, amaliy mashg‘ulotlar yoshlarda katta qiziqish uyg‘otdi. Yigit-qizlar harbiylar bilan bevosita muloqot qilib, xizmat sharoiti, harbiy kasbning afzalliklari hamda Vatan himoyachisining mas’uliyati haqida batafsil ma’lumotlarga ega bo‘ldilar.

G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat), O‘zA muxbirlari