Jahon sivilizatsiyasi rivojida yetakchi o‘rin egallagan ajdodlarimiz bilan nainki faxrlanish, balki tarixi, ma’naviy merosi, nasihat va o‘gitlarini o‘rganish ham g‘oyat muhim.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2026-yil 5-fevraldagi “Buyuk davlat arbobi va sarkarda, ilm-fan, madaniyat va san’at homiysi Sohibqiron Amir Temur tavalludining 690 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida”gi qarori jahongir Amir Temur bobomiz va Temuriylar tarixini mukammal o‘rganish va targ‘ib etishda yangi imkoniyatlar ochadi.
O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Tarix instituti direktorining o‘rinbosari, atoqli tarixchi olima, fan doktori, professor Dilnoza Jamolova bilan yuqorida nomi keltirilgan qarorning ahamiyati haqida suhbatlashdik.
– Davlatimiz rahbarining buyuk sohibqiron bobomiz Amir Temur tavalludining 690 yilligini keng nishonlash to‘g‘risidagi qarori ahamiyatini qanday izohlagan bo‘lar edingiz?

– Amir Temur ona-Vatanimizni mo‘g‘ullar zulmidan ozod qilib, shu hududda markazlashgan davlat tuzgan o‘zbekning ulug‘i, buyuk arbobidir. U Turonda osoyishtalikni saqlash bilan birga, iqtisodiyotni yuksaltirish va xalqning turmush farovonligini yaxshilashga alohida e’tibor qaratgan. Davlat boshqaruvini adolatli yuritib, xalqiga xiyonat qilgan amaldorlarni qattiq jazolagan. Mamlakat taraqqiyotining asosi bo‘lgan ta’limni rivojlantirish va ilm-fanni rag‘batlantirish yo‘lidan borgan. O‘sha davrning asosiy ta’lim muassasalari bo‘lgan maktab va madrasalarni moddiy va ma’naviy jihatdan qo‘llab-quvvatlagan. Samarqand, Buxoro va boshqa shaharlarda olimlar tadqiqot olib borishi uchun keng imkoniyatlar yaratib bergan. Natijada Turon olimlari buyuk kashfiyotlarni amalga oshirib, Ikkinchi Renessansga asos solgan.
Amir Temurning bunyodkorlik ishlari ham tahsinga loyiq. Bu davrda Turonning markaziy shaharlari Samarqand, Buxoro, Shahrisabz va boshqa shaharlarda ko‘plab me’moriy inshootlar qad ko‘targan, bog‘lar barpo qilingan. Amir Temur Turonda bunyodkorlik va obodonchilik ishlarini davlat siyosati darajasiga ko‘targanini “Tuzuklari” ham tasdiqlaydi: “Amr etdimki, xarob bo‘lib yotgan yerlarda korizlar qursunlar, buzilgan ko‘priklarni tuzatsunlar, ariqlar va daryolar ustiga ko‘priklar qursunlar, yo‘l ustida har manzilgohga rabotlar bunyod etsunlar… Katta-kichik har bir shahar, har bir qishloqda masjid, madrasa va xonaqohlar bino qilsunlar, faqiru miskinlarga langarxona solsunlar, bemorlar uchun shifoxona qurdursunlar va ularda ishlash uchun tabiblar tayinlasunlar. Har bir shaharda dor ul-imorat (saroy) va dor ul-adolat (qozixona) qursunlar…”.
Mana shunday ishlarni amalga oshirgan Amir Temur bobomiz temuriy shahzodalar va keyingi sulolalar hukmdorlari uchun buyuklik ramziga aylandi. Turon – Turkiston hukmdorlari Amir Temurning boshqaruv, ilm-fan, bunyodkorlik sohasidagi ishlarini o‘zlariga dastur deb bildilar. U qurdirgan me’moriy inshootlarni ta’mirlab, avlodlarga yetkazish vazifasini amalga oshirdi. Rossiya imperiyasi Turkistonni bosib olgach, mustamlakachi hukumat xalqimizga buyuk ajdodlarimizni atayin qoralab, ularga nisbatan nafrat tuyg‘usini uyg‘otish bo‘yicha targ‘ibot olib bordi. Ularni o‘rganishga taqiq qo‘ydi.
Mustaqilligimiz tiklangan kundan boshlab, Amir Temur shaxsini tanish, uning o‘zbek xalqi va davlatchiligi tarixida tutgan o‘rnini ko‘rsatish, xalqimizga tanitish asosiy vazifa qilib qo‘yildi va bir qator muhim amaliy tadbirlar amalga oshirildi. Amir Temur va temuriylar davri tarixi bo‘yicha tadqiqotlar qilindi, o‘sha davrga oid asarlar o‘zbek tiliga tarjima qilinib, nashr qilindi. 2026-yil 5-fevralda davlatimiz rahbari tomonidan imzolangan “Buyuk davlat arbobi va sarkarda, ilm-fan, madaniyat va san’at homiysi Sohibqiron Amir Temur tavalludining 690 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida”gi qaror Yangi O‘zbekiston tarixidagi muhim voqealardan biri desam, xato bo‘lmaydi. Bu qaror Amir Temur tavalludining 690 yilligini keng nishonlash bilan bir vaqtda Amir Temur va temuriylar oltin chog‘i – Ikkinchi uyg‘onish davri tarixini jiddiy tadqiq qilish kerakligini belgilab berdi.
– Jadidlar Amir Temurning shaxsiyati, benazir ma’naviy merosi, jahon miqyosidagi faoliyatiga qanday munosabatda bo‘lganlar?
– Buyuk turonchilik g‘oyasini ilgari surgan jadid bobolarimiz Amir Temur shaxsi hamda uning davlatchiligimiz tarixida tutgan o‘rnini juda yuqori baholaganlar. Jumladan, 2026-yil 140 yilligi keng nishonlanishi kutilayotgan Abdurauf Fitrat Amir Temurning buyukligi va qudratini ko‘p marta e’tirof etgan. “Yurt qayg‘usi” she’rida Turkiston xalqini uyg‘onishga da’vat qilar ekan, millat arslonlari tanasida Amir Temurning qoni oqayotganiga ishora qiladi. Sohibqironga murojaat qilib, Turonning bosqinchilar tomonidan egallanishida turklikka xiyonat qilganlar aybdorligini, bu sharmandali holatdan uyatda ekanini qayd qiladi va undan duo qilishini so‘raydi: “...Meni qo‘limni tut, belimni bog‘la, muqaddas fotihangni ber! Seni dunyoga sig‘magan g‘ayratingga ont ichamanki, Turonning eski sharaf va ulug‘ligini qaytarmasdan burun oyog‘laringda o‘tirmasman!”
Abdurauf Fitrat Turkiston xalqiga, ayniqsa yoshlarga Amir Temurning buyukligi, uning davlatchilik tarixida tutgan o‘rnini ko‘rsatishga harakat qilgan. Buxoro Xalq Sovet Respublikasi maorif noziri bo‘lgan vaqtida 1922-yili iqtidorli yoshlarni Germaniyaga o‘qish uchun yuborishdan oldin Amir Temur maqbarasini ziyorat qilishga olib borganini tarixiy manbalar tasdiqlaydi.
Turkiston jadidchiligining yorqin vakili Siddiqiy Ajziy “Ruhlar suhbati” (Arjumani arvoh) risolasida Amir Temurning davlatchilik sohasidagi buyuk xizmatlarini e’tirof etib, temuriylardan keyingi qoloqlikni qattiq tanqid qilgan. Yana bir taraqqiyparvar Hoji Muin temuriylar oltin davrini e’tirof etib, yoshlarni ilm olishga chorlaydi.
Turkiston jadidlarining yetakchisi Munavvarqori Adburashidxonov Amir Temur haqida she’rlar, maqolalar yozmagan bo‘lsa-da, milliy davlatchilikni tiklashda Amir Temurning saltanatchilik siyosatini asos qilib oldi. Buyuk turonchilik g‘oyasini ilgari surdi, turkistonliklarni birlashishga chorlab, mustamlakachilikka qarshi kurashish hamda Sohibqiron davridagi kabi markazlashgan Turon davlatini tiklash masalasini qo‘ydi. Jadid maktabi, kutubxona va teatr guruhlarini Turon deb nomladi. Farg‘ona taraqqiyparvarlarini birlashtirgan jamiyatga ham behudaga “Temur” nomi berilmadi. Ular uchun Amir Temur jasorat, mardlik va adolat timsoli edi.
– Yurtimiz olimlarining taraqqiyparvar bobolarimiz va buyuk ajdodlarimiz, jumladan, Sohibqiron Amir Temur, Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur kabi ulug‘larimiz merosini o‘rganish borasidagi tadqiqotlari haqida ham gapirib bersangiz.
– Bugungacha buyuk bobolarimiz Amir Temur, Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur bo‘yicha ko‘p tadqiqotlar amalga oshirilgan. Asarlari qayta-qayta nashr qilingan. Ammo bir narsani aytishim kerakki, ular haqida biz bilmagan ma’lumotlar juda ko‘p va tadqiqotchilarini kutmoqda. O‘zbekning eng ulug‘i bo‘lgan Amir Temur va temuriylar davri tarixini o‘rganish bo‘yicha arab, fors, xitoy, ingliz, fransuz, ispan, nemis tilini biladigan tadqiqotchilarni tayyorlashimiz, ular orqali ilmiy jamoatchilikka, xalqimizga Amir Temur va temuriylar oltin davrining noma’lum sahifalarini ochib berishimiz ham farz, ham qarzdir.
O‘zA muxbiri
Nazokat Usmonova suhbatlashdi.