Surxondaryo viloyatida 9 may – Xotira va qadrlash kuni keng nishonlanmoqda. Viloyatning Termiz shahrida bo‘lib o‘tgan asosiy tadbirda ishtirok etish uchun erta tongdan sektorlar rahbarlari, harbiy xizmatchilar, davlat va jamoat tashkilotlari, huquqni muhofaza qiluvchi organlar vakillari, nuroniylar va yoshlar muazzam Xotira maydonida jamul-jam bo‘ldi.
Bu yerda harbiy orkestr sadolari ostida Motamsaro ona haykali poyiga gulchambarlar qo‘yilib, Ikkinchi jahon urushida bugungi tinch, to‘kin turmushimiz, obod hayotimiz uchun jasorat ko‘rsatib, janglarda mardlarcha halok bo‘lgan ajdodlarimiz xotirasi yod etildi.
Ayni paytda viloyatda 8 nafar Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi tinch, to‘kin hayot kechirmoqda. Bu yil suronli urush faxriylarining eng yoshi ulug‘i 101, eng kichigi 97 yoshga to‘ldi. Fashizm ustidan qozonilgan shonli g‘alabaning 78 yilligi munosabati bilan ularga Prezidentimizning bir martalik 18 million so‘m pul mukofoti va qimmatbaho esdalik sovg‘alari topshirildi. Davlat, jamoat tashkilotlari vakillari, harbiy xizmatchilar, tibbiyot xodimlari va yoshlar yurtimiz osayishtaligi, mamlakatimiz obodligi uchun kurashgan otaxonlar holidan xabar olib, ularga chuqur ehtirom ko‘rsatdi. Salomatligi tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi. Sovg‘a-salomlar ulashildi.
[gallery-11821]
Janubdagi vohadan Ikkinchi jahon urushida 53 ming 365 kishi ishtirok etgan. Ularning 11 ming nafari dahshatli jang maydonlarida ko‘kragini dushmanga qalqon qilib, halok bo‘lgan. Fashizmga qarshi qahramonlarcha kurashgan ko‘plab yurtdoshlarimiz jangovar orden va medallar bilan taqdirlangan.
Marosim yakunida Xotira maydoni yonidagi so‘lim va sokin bog‘da Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari, front orti mehnat faxriylari, afg‘on urushi ishtirokchilari uchun Ikkinchi jahon urushi yillarini yodga soladigan yaxlit ko‘rgazma tashkil etildi. Harbiylar va aktyorlar, tibbiyot xodimlari xalqimiz urush davrida boshidan o‘tkazgan og‘ir damlar va mashaqqatlarni sahna ko‘rinishlari orqali keng namoyish etdi.
Tadbirda Surxondaryo viloyati hokimi U.Qosimov ishtirok etdi. Viloyatda 9 may – Xotira va qadrlash kuniga bag‘ishlangan tadbirlar davom etmoqda.
Xolmo‘min MAMATRAYIMOV, O‘zA