Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Mardlar xaloskori yoxud janggohlarda jasorat ko‘rsatgan o‘zbek hamshirasi
12:36 / 2022-05-07

Urush qurbonlarsiz, yaradorlarsiz bo‘lmaydi. Bu esa janggohlarda harbiylar bilan birga tibbiyot xodimlarining ham fidoyiligi va mardonavor kurashini taqozo etadi.

Ikkinchi jahon urushida yurtimizning jasur o‘g‘lonlari barobarida ko‘plab shifokor va hamshiralar ham qahramonlarcha ishtirok etgan. Kunlarning issig‘iyu sovug‘iga, tunu kunga qaramay, urush maydonlaridagi xavf-xatarlarga pisand qilmay, o‘lim bilan ro‘baro‘ kelgan harbiy shifokor va hamshiralar yarador askarlarning joniga oro kirgan. 

Ana shunday fidoyi hamshiralardan biri toshkentlik Rixsi Mo‘minova 1941 yil noyabr oyida urushga safarbar etilgan. Jang maydonlaridagi faoliyati davomida yuzlab harbiylarga tibbiy yordam ko‘rsatgan, 80dan ortiq yaralangan askar va ofitserlarni ayol boshi bilan yelkasida opichlab, urush o‘choqlaridan olib chiqqan. Matonatli o‘zbek ayoli tibbiy yordam ko‘rsatish bilan birga donorlik ham qilib, 30dan ortiq askarga qon bergan. 

— O‘zbek qizi Rixsi Mo‘minova Ikkinchi jahon urushi yillarida fidoyilik ko‘rsatgan hamshiralardan biri edi, — deydi “G‘alaba bog‘i” yodgorlik majmuasidagi “Shon-sharaf” Davlat muzeyi xodimi Zebo Xolboyeva. — 1921 yilda Toshkent shahrida tavallud topgan Rixsi Mo‘minova 1941 yilda Oxunboboyev nomidagi tibbiyot bilim yurtida tahsil olgan.  Turmush o‘rtog‘i urushga safarbar etilganda 6 oylik chaqalog‘i bilan qolgan. Ammo bu ayolning mas’uliyati, qasamyodi uni urushga otlanishga undaydi. U jang maydonlari sari shaylanib, 3 oylik hamshiralik kurslarini o‘qib tugatadi. 1941 yil noyabr oyida armiya safiga safarbar etiladi. Dastlab Belarus frontida hamshiralik faoliyatini boshlaydi va 1942 yil avgust oyida Stalingrad janglariga jalb etiladi. Tarixdan ma’lumki, Stalingrad ostonasidagi janglar urush tarixidagi eng fojiali, qonli jang bo‘lgan. Har ikki tomondan ham katta yo‘qotishlar, talofatlar yuz bergan. Ana shunday og‘ir damlarda Rixsi Mo‘minova sidqildan xizmat qilgan. Vaziyat jiddiy tus olgandan keyin qo‘mondonlik uni harakatdagi vzvodning old qismiga jo‘natishga majbur bo‘ladi. Shu tariqa uning keyingi faoliyati bevosita jang maydonlarida davom etadi. Eng hayratlanarlisi, bu o‘zbek ayoli jang maydonlarida 80dan ortiq yaralangan hrbiylarni o‘z yelkasida ko‘tarib, urush o‘choqlaridan olib chiqqan. Og‘ir janglarda o‘zi ham yaralanib, gospitalga yotib davolanishga majbur bo‘ladi va bu 3 oyga cho‘ziladi. Keyinchalik Rixsi Mo‘minovaning hamshiralik faoliyati Polsha, Ukraina, Jitomir hududlarini ozod qilishga qaratilgan janglarda davom etadi. 

Bir gal tank kapitani va yana bir askar yarador bo‘ladi. Rixsi Mo‘minova ularni yelkasida ko‘tarib jang maydonidan olib chiqib, yordam ko‘rsatadi. Ular ham o‘zbek yigitlari bo‘lib chiqadi. O‘sha kuni tank ichidan harbiylarni olib chiqayotgan paytda portlash oqibatida o‘zi ham og‘ir yaralanadi. Qorin bo‘shlig‘iga snaryad qoldiqlari kirib, oqibatda ko‘pgina ichki a’zolari zararlanadi. Shundan so‘ng jasur hamshira mamlakat ichkarisiga davolanishga yuboriladi va 1946 yilgacha davolanadi, — deydi muzey xodimi. 

Darhaqiqat, Rixsi Mo‘minovaning jasorati, matonati, qo‘rqmas va dovyurakligiga qoyil qolmaslikning iloji yo‘q. Uning mardligi hamda vatanparvarligi yuksak e’tirofga munosib. Qirg‘inbarot janglarda ko‘plab harbiylarning salomatligini tiklashga ko‘maklashib, yaralariga malham bo‘lgan bu jasorat sohibasi mardonavor xizmatlari uchun ko‘plab mukofot va medallarga sazovor bo‘lgan. 

— Rixsi Mo‘minova jang maydonlaridagi tibbiy xizmatlari uchun hamshiralik sohasi asoschilaridan biri Florens Naytingeyl nomidagi xalqaro medal bilan taqdirlangan, — deydi Zebo Xolboyeva. — Ushbu medal urushlar yoki jangovar harakatlar vaqtida, shuningdek, tabiiy ofatlar paytida odamlarga tibbiy xizmat ko‘rsatgan hamshiralarga taqdim etiladigan xalqaro mukofot hisoblanadi. Ikkinchi jahon urushi davrida 40 dan ortiq hamshiralar ushbu medal bilan taqdirlangan. Ta’kidlash joizki, ushbu medalga O‘zbekistondan 4 nafar xotin-qiz sazovor bo‘lgan bo‘lsa, birgina Rixsi Mo‘minova jangovar harakatlar vaqtidagi xizmatlari uchun munosib ko‘rilgan. Urushdan keyin Rixsi Mo‘minova Toshkent viloyatining Oqqo‘rg‘on tumanida tez yordam bo‘limida ko‘p yillar xalqqa xizmat qilgan. 2000 yilda 79 yoshda vafot etgan. “Shon-sharaf” Davlat muzeyi

ekspozitsiyalarida Rixsi Mo‘minova xotirasiga bag‘ishlangan alohida vitrina tashkil etilgan. Bu yerda ularning orden va medallari, fotosuratlari o‘rin olgan. Ushbu ashyolar Rixsi Mo‘minovaning oila a’zolari tomonidan muzeyimizga taqdim etilgan. 

Darhaqiqat, Rixsi Mo‘minova o‘z kasbiga sadoqatli, qasamyodiga sodiq, jasoratli ayollardan edi. O‘zi o‘lim xavfi ostida qolsa-da, yurt ozodligi yo‘lida jang qilayotgan askarlarni qutqarishga, jonlarini omon saqlashga jon-jahdi bilan harakat qilgan, matonat bilan xizmat qilgan. Bu o‘zbek ayolining Florens Naytingeyl nomidagi xalqaro medalga munosib ko‘rilgani uning xizmatlariga berilgan yuksak baho, e’tirofdir.  

Bu kabi fidoyi vatandoshlarimizning hayotini, qizg‘in faoliyatini batafsil o‘rganish, qolaversa, ularning jasoratini, qahramonligini bugungi avlod vakillariga namuna qilib ko‘rsatish muhim vazifadir. Ikkinchi jahon urushida fidokorona xizmatlari, mardligi bilan g‘alabaga, ozodlikka hissa qo‘shgan har bir yurtdoshimizning xotirasi mudom qalbimizda abadiy qolajak.  

Muhtarama Komilova,  O‘zA