Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Mardlar maydonda sinaladi
13:00 / 2022-01-10

O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil topganining o‘ttiz yilligi hamda Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan joylarda harbiy-vatanparvarlik tadbirlari o‘tkazilmoqda.

IIV Akademiyasining Harbiy tayyorgarlik kafedrasi tashabbusi bilan tashkil etilgan bellashuvda kunduzgi ta’lim kursantlari to‘rt shart asosida o‘z mahoratini namoyon etdi. Hakamlar hay’ati a’zolari to‘pponchadan o‘q otish, qurolni qismlarga ajratish va yig‘ish, fuqaro muhofazasi hamda harbiy topografiya fanlari bo‘yicha kursantlar tomonidan bajarilgan amaliy topshiriqlarni baholab bordi. Bahslar yakuniga ko‘ra faxrli o‘rinlarni A.Tursunboyev, S.Shakirova va R.Jamoliddinovlar egalladi.  

Bellashuv doirasida kafedra qoshidagi “Vatan himoyachisi” ilmiy to‘garagi a’zolari ishtirokida davra suhbati o‘tkazildi. Tadbirda faxriylar kengashi a’zosi, iste’fodagi polkovnik T.Soatov, Harbiy tayyorgarlik kafedrasi boshlig‘ining o‘rinbosari, polkovnik I.Mahmudov, podpolkovnik T.Azimov va boshqalar so‘zga chiqib, Qurolli Kuchlar tizimidagi keng ko‘lamli islohotlarga to‘xtalib o‘tdi.  


– Yoshlarimizni har tomonlama barkamol voyaga yetkazish, ular qalbida ona Vatanimizga mehr va sadoqat tuyg‘ularini mustahkamlash dolzarb vazifa sanaladi. Bu borada ichki ishlar organlari tizimida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar o‘zining ijobiy samaralarini ko‘rsatmoqda. Binobarin, ma’naviy-axloqiy va harbiy-vatanparvarlik tuyg‘ulari yuksak darajada shakllangan yoshlar yurtimizning mustahkam qalqoniga aylanadi, – dedi  polkovnik Ibrohimjon Mahmudov.

IIV Akademiyasi kursantlari bilan olib borilayotgan jangovar-jismoniy tayyorgarlik mashg‘ulotlari haqidagi videorolik tadbir ishtirokchilarida katta taassurot qoldirdi.  

Shuningdek, ta’lim maskanida Vatan himoyachilari kuniga bag‘ishlab “Ochiq eshiklar kuni” ham tashkil etildi. Shu kuni IIV qoshidagi 1-sonli akademik litsey o‘quvchilari Akademiyada yaratilgan sharoitlar bilan tanishib, kursantlarning kasbiy bilimi hamda harbiy-vatanparvarlik fazilatlarini shakllantirishga qaratilgan mashg‘ulotlarda qatnashdi. 

 

IIV Akademiyasi Axborot xizmati

O‘zA