Samarqand viloyati Toyloq tumani bandlikka ko‘maklashish markazi qoshida fuqarolarni vaqtincha ish bilan ta’minlash byurosi o‘z faoliyatini boshladi.
Aholi tomonidan mardikor bozori, deb yuritiladigan maskanda “Alisher transqurilish” mas’uliyati cheklangan jamiyati bosh pudratchiligida 1,9 milliard so‘m mablag‘ evaziga tashkil etilgan byuroda erkaklar va ayollar kutish zallari, 20 o‘rinli oshxona va yotoqxona, ish qurollarini ijaraga berish xonasi, ichki ishlar va tibbiyot xodimlari uuchun xonalar, yuvinish joylari mavjud.
Byuro tomonidan ish izlovchi fuqarolarga, shuningdek ish beruvchi xususiy shaxslarga bepul xizmat ko‘rsatiladi.
Jumladan, vaqtincha, bir martalik ishlarga yollanishda fuqarolarga ko‘malashish, bo‘sh ish joylarida ishga joylashish, kasbga tayyorgarligi, o‘z ishini tashkil etish va yuritish masalalari bo‘yicha maslahat va kasbga yo‘llash xizmatlari, bir martalik ishlarni bajarish uchun fuqarolarni yollashda ish beruvchi xususiy shaxslarga yordam berish, ish izlovchi fuqarolarni keng xabardor qilish uchun xususiy ish beruvchilar tomonidan beriladigan ish turlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar bankini shakllantirish, bo‘sh ish o‘rinlari yarmarkalari byuroning asosiy vazifalari hisoblanadi.
Byuroning ochilishi marosimida Samarqand viloyati hokimi E.Turdimov ishtirok etdi va bu yerda yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi. Ish izlovchi fuqarolar bilan suhbatlashib, ularning murojaatlarini eshitdi.
G‘.HASANOV, O‘zA