"Adabiyot" nashriyotida "Mardi maydon" nomli kitob nashrdan chiqdi.
Ushbu kitobda yozuvchi va kinodramaturg G‘afur Shermuhammadning turli yillarda yozilgan va xalqimiz sevib tomosha qilgan filmlarga asos bo‘lgan asarlari, yangi kinopovesti jamlangan.
Bu asarlarda yurtdoshlarimizning tanti fe’l-atvori, ibratli hayot tarzi, sevgi va muhabbat iztiroblari, orzu-intilishlari aks etgan.
O‘ylaymizki, ushbu to‘plam kitobxonlarga o‘ziga xos ifodasi, badiiyati bilan manzur bo‘ladi.
Kitob O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi homiyligida chop etilgan bo‘lib, mas’ul muharrir – Nurullo Chori.
Aytish kerakki, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi G‘afur Shermuhammad nasr va dramaturgiya janrlarida samarali ijod qiladi. “Quduq tubidagi faryod”, “Pariqishloq afsonasi” kabi pesalari respublikamiz teatrlarida sahnalashtirilgan.
Yozuvchining adabiy asarlari asosida “Chavandoz”, “Arosat”, “Ta’ziyadagi to‘y”, “Aldangan ayol” singari yana bir nechta badiiy filmlar, ko‘plab hujjatli va multiplikatsion filmlar suratga olingan. Muallifning ko‘plab povest va hikoyalari adabiy to‘plamlarda, jurnallarda chop etilgan. G‘afur Shermuhammad qoraqalpoq yozuvchisi Murodboy Nizanovning “Aqchagul” qissasi, “Oxirat uyqusi”, “Dushman” romanlarini qoraqalpoq tilidan o‘zbek tiliga tarjima qilgan.
N.Usmonova, O‘zA