Vatan himoyachilari kuni bayrami munosabati bilan Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti Nukus filialida talaba-yoshlar o‘rtasida “Mard yigitlar – Vatan tayanchi” nomli sport musobaqalari tashkil etildi.
Mazkur sport tadbiri yoshlarni jismonan chiniqtirish, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etish, shuningdek, ular ongida vatanparvarlik, jasorat va fidoyilik tuyg‘ularini mustahkamlashga qaratildi.

Musobaqaning tantanali ochilish marosimida so‘zga chiqqanlar barcha qatnashchilarni Vatan himoyachilari kuni bilan samimiy muborakbod etishdi. Bu kabi sport musobaqalari yoshlarni jismonan baquvvat, ma’nan yetuk etib tarbiyalashda muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidlashib, jamoalarga omad va zafarlar tilashdi.
Bellashuvlar davomida talaba-yoshlar tosh ko‘tarish, arqon tortish hamda turnikka tortilish kabi sport turlari bo‘yicha o‘zaro kuch sinashdilar. Qizg‘in, murosasiz va yuqori sport ruhida o‘tgan musobaqalar talaba-yoshlarga ko‘tarinki kayfiyat va unutilmas lahzalar ulashdi.

Yakuniy natijalarga ko‘ra, g‘olib va sovrindor bo‘lgan jamoalar qimmatbaho sovg‘alar hamda diplomlar bilan taqdirlandi.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri