Milliy gvardiya Buxoro viloyati bo‘yicha boshqarmasi muddatli harbiy xizmatchilari ko‘hna Ark qo‘rg‘oni maydonida ona Vatanga sodiqlik qasamyodini qabul qildi.
Tadbirda Milliy gvardiya Buxoro viloyati bo‘yicha boshqarmasi rahbariyati, Qo‘riqlash boshqarmasi, harbiy prokuratura, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi Buxoro viloyati bo‘limi mas’ullari qatnashdi.
–Ta’kidlash joizki, oriyatni, g‘urur va sadoqatni hamma narsadan ustun qo‘yadigan xalqimiz uchun harbiy qasamyod bu shunchaki rasmiy tadbir emas, balki yigitlik sha’ni, or-nomusini o‘rtaga qo‘yib, o‘z zimmasidagi mas’uliyatli hamda sharafli burchni ado etishga bel bog‘lab, ahdu paymon qilish marosimidir, – deydi Milliy gvardiya Buxoro viloyati bo‘yicha boshqarmasi katta zobiti, katta leytenant Murodjon Rahmatulloyev. –Davlatimiz hamda xalqimiz ishonchini oqlashga ahd qilgan, askarlik libosini kiyib, boshlang‘ich harbiy hamda umumqo‘shin tayyorgarlik mashg‘ulotlarida armiya haqida muayyan tasavvurga ega bo‘lgan, zimmasidagi mas’uliyatni chuqur his eta oladigan ana shunday saralangan 42 nafar mard va jasur o‘g‘lonlar harbiy qasamyod qabul qildi.
Tadbirda Milliy gvardiya harbiy xizmatchilari tomonidan ko‘rgazmali chiqishlar namoyish etildi. Askarlarga Prezident sovg‘alari topshirildi.
Ma’lumot uchun, o‘rta asrlardan qirolliklar harbiy qo‘shinlarining saralangan imtiyozli qismi gvardiya atamasi ostida jarang sochgan. Ayni kunlarda esa demokratik davlatlarning Milliy gvardiyasi – har qanday vaziyatda o‘ziga yuklatilgan vazifani muvaffaqiyatli bajara olish qobiliyatiga ega, jismonan baquvvat, ma’nan yetuk, professional tayyor harbiy xizmatchi va xodimlardan saralanadi.
Shu bois, Milliy gvardiya saflarida xizmatni o‘tash uchun ham yuqoridagi talablarga to‘la javob beradigan, zabardast yigitlar qabul qilinadi. 2017 yilning 4 avgust kuni davlatimiz rahbari farmoni bilan O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi tashkil etildi. Shu bilan birga, 2020 yilning 18 noyabrida “O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi to‘g‘risida” gi qonun imzolanib Milliy gvardiyaning faoliyati qonuniy mustahkamlandi.
O‘tgan qisqa davr mobaynida O‘zbekiston Milliy gvardiyasi Qurolli Kuchlar va huquqni muhofaza qilish organlari orasida muhim bo‘g‘in bo‘lib shakllandi va o‘z o‘rniga ega bo‘ldi.
Zarif Komilov,
O‘zA