Yoshlar ishlari agentligi ma’lumotiga ko‘ra, ayni paytda davlat mukofotiga 2024 yilgi saralash jarayonlari amalga oshirilmoqda.
Shu munosabat bilan, respublika hamda xalqaro miqyosda o‘tkazilgan musobaqalar, loyiha va tanlovlarda g‘olib bo‘lgan, jamiyatimiz hayotining turli sohalarida yuqori natijalarga erishgan hamda mardlik va jasorat, qat’iyatlilik, halollik, vatanparvarlik kabi fazilatlarga ega bo‘lgan 14 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan yigitlar saralanmoqda.
Shuningdek, o‘zining chuqur bilimi, tashabbuskorligi, ishbilarmonligi, shijoati va fidoyiligi bilan ajralib turgan iqtidorli yigitlar o‘z hujjatlarini joriy yilning 1 martiga qadar yashash manzili joylashgan hudud bo‘yicha Yoshlar ishlari agentligining tuman (shahar) bo‘limlariga topshirishlari mumkin.
“Mard o‘g‘lon” davlat mukofoti davlatimiz rahbarining 2017 yil 5 iyuldagi “Yoshlarga oid davlat siyosati samaradorligini oshirish va O‘zbekiston yoshlar ittifoqi faoliyatini qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq ta’sis etilgan.
Mazkur mukofot mamlakatimizda buyuk ajdodlarimizga munosib bo‘lgan, mardlik va jasorat, qat’iyatlilik, halollik, vatanparvarlik kabi fazilatlarga ega mard o‘g‘lonlarimizni tarbiyalash hamda jamiyatimiz hayotining turli sohalarida yuqori natijalarga erishib kelayotgan bilimli, tashabbuskor, ishbilarmon, shijoatli va fidoyi yigitlarni rag‘batlantirish maqsadida beriladi.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA