Motivatsiya!
Andijon ixtisoslashtirilgan san’at maktabi damli va zarbli cholg‘u ijrochiligi yo‘nalishi o‘qituvchisi Akmaljon Sattorov 2025 yil 30 iyun — Yoshlar kunida “Mard o‘g‘lon” davlat mukofoti bilan taqdirlandi.
1996 yil 26 iyulda Andijon viloyati Xo‘jaobod tumanida tug‘ilgan Akmaljon bolaligidan hofiz tog‘asi va doirachi amakilarini ko‘rib, musiqa va san’at sohasiga alohida mehr va qiziqish bilan ulg‘aydi. Amaki va tog‘alarining davrasida birga yurgani, ularga havas bilan qaragani Akmaljonga san’at yo‘nalishidan ketishiga katta turtki bergan. Shu bois, u musiqa maktabida tahsil olib, fortepiano va doira sinflarida o‘qidi, 2012 yilda Andijon san’at kollejiga o‘qishga kirdi.
Ta’lim dargohida tahsil olish barobarida qator ko‘rik-tanlovlarda qatnasha boshladi. Jumladan, 2015 yil “Madaniyat va san’at kollejlari hamda musiqa akademik litseylari yosh ijrochilarining Respublika tanlovida 3-darajali diplom bilan taqdirlangan.
2017 yil Serbiya davlatida bo‘lib o‘tgan 8-xalqaro musiqa tanlovida tuba cholg‘usi yo‘nalishi bo‘yicha 1-darajali diplom bilan taqdirlangan. Yana shu yili respublika miqyosida o‘tkazib kelinayotgan ma’naviy–ma’rifiy tadbirlardagi faolligi uchun O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vaziri hamda O‘zbekiston davlat Konservatoriyasi rektorining tashakkurnomasi bilan taqdirlangan.

Akmaljon 2021 yil 30 iyunda Yoshlar kuni munosabati bilan Andijon yoshlar simfonik orkestrining birinchi ochilish konsert dasturini tashkil qilgan. 2022 yilda Turkiya hamda Rossiya Federatsiyasida tashkil etilgan do‘stlik konsertida Andijon yoshlar simfonik orkestri bilan mohirona ijro etib, ikki davlat tashakkurnomasiga ega bo‘lgan.
Akmaljon Sattorov O‘zbekiston Respublikasi Mustaqillik bayrami, Navro‘z va boshqa ko‘plab davlat tadbirlarida dirijyor sifatida faol ishtirok etib keladi. Buning uchun bir necha bor viloyat va tuman hokimligi hamda madaniyat boshqarmalari rahbariyatining tashakkurnomalari bilan taqdirlangan.

2024 yilda Madaniyat vazirligi tomonidan Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston davlat akademik katta teatrida bo‘lib o‘tgan dirijyor, rejissyor, baletmeysterlar tanlovida dirijyorlik yo‘nalishi bo‘yicha faxrli 2-darajali diplom bilan taqdirlangan. Shu yili xalqaro ilmiy jurnalda yoshlar simfonik orkestri faoliyati to‘g‘risida maqolasi chop etilgan.
“Mard o‘g‘lon” davlat mukofoti bilan taqdirlangani Akmaljonga yanada katta kuch va motivatsiya berib kelmoqda:
— Har bir yosh, har bir ijodkor davlat rahbarining qo‘lidan mukofot olishni xohlaydi, albatta. Ayniqsa, ota-onalar farzandining bunday yutug‘idan cheksiz faxr-iftixorga to‘ladi. Shu yil Yoshlar kunida ana shunday baxtga erishganimda, katta hayajonga to‘ldim. Qolaversa, yanada zalvorli mas’uliyat hissini tuydim.
Kelgusida Andijon yoshlar simfonik orkestri tarkibini yanada kengaytirib, butun dunyoga milliy san’atimizni targ‘ib etish eng katta maqsadim. Bu yo‘lda tinmay mehnat qilib, natijalarga erishish harakatidaman, — deydi Akmaljon Sattorov.
Darhaqiqat, bugun iqtidorli, iste’dodli o‘zbek yoshlarining har bir soha va yo‘nalishda ishtiroki, tashabbuskorligi va faolligi ortib bormoqda. Bu esa ular erishayotgan natijalarda o‘z aksini topayotir.
Muhtarama Komilova, O‘zA