Mulohaza
Qo‘qqisdan boshimizga juda og‘ir kunlar tushdi. Shifoxonaga o‘zlari borgan onajonimni bir necha kundan keyin muzdek holatda uyga olib kelishdi... Men uchun bu qo‘rqinchli tushdan ham qo‘rqinchliroq jarayon edi. Bir zumda xonadonimiz ola-tasir bo‘lib ketdi.
Qo‘qqisdan paydo bo‘lgan kimsa ko‘ngil so‘ragan bo‘ldi. Keyin meni boshqa xonaga tortib, ko‘zlarini katta-katta ochganicha “Qani o‘limliklari qayerda, sandiqda nimalar bor? Tobutni ustiga yopishga nima bor? Yuvg‘uchiga falon dollar, oyisini yangi poyabzallari, yangi ko‘ylaklari, bir necha xildagi yaxshi shokolad, qand-qurslarni katta setkaga solib berish kerak”, dedi buyruq ohangida.
Yana go‘rkovgayam faloncha miqdorda dollarmi yoki o‘zimizni so‘m, erkaklarning yangi ko‘ylagi, yana nimalardir, katta xaltada “sarpo-surug‘” kerak ekan. Ertalabdanoq, boshiga og‘ir musibat tushgan akalarim bozorga yugurishdi. Dasturxonga bir necha xil yaxshi konfet, shokolad, qand-qurs, bargak va boshqa ma’raka uchun zarur bo‘ladigan kerakli narsalarni qo‘sh qaytadan xarid qildilar...
Rosti, uyda kafanlik ham yo‘q emasdi. Uni bundan o‘n yillarcha avval Onajonim o‘tkir pnevmoniya xastaligi bilan kasalxonada davolanib chiqqanlarida kichkina xolam “mehribonchilik” bilan uyimizga keltirgandi. O‘shanda Onajonim qattiq xafa bo‘lib, “Meni o‘lib qoladi, deb kafanlik ko‘tarib, chopqillab uyimizga kelibdi-da”, deb rosa yig‘laganlari sira ko‘z oldimdan ketmaydi. Shundan buyon kafanlik qo‘l va ko‘z yetmaydiganroq joyda saqlanardi...
Oyog‘i kuygan tovuqday pitirlayman. Vujudim olovga aylangan, ko‘z o‘ngim qorong‘ilashgan. Uyni odam bosgan. Hech narsa, hatto salom-alik ko‘ngilga sig‘maydi. Yaratganning dargohiga ketgan g‘amguzorimga yig‘laymi yoki “falon kerak, tugun kerak, qonun-qoidasi bunday bo‘lishi kerak, mozorgayam falon narsalar kerak”, deganlarning buyrug‘ini bajarish kerakmi??? Yana qulog‘im ostida buyruq yangraydi. “Bu kiyim bo‘lmaydi. Boshqa kiyim toping. Oyingizning tuzukroq, azabop kiyimlaridan kiyib oling!”
Uch kun ko‘ngil so‘rab, yo‘qlab, fotiha uchun ancha odamlar keldi. Qarindoshlar, hamkasblar, yaqin birodarlar. Musibat tushgan xonadonda qozon qaynatish mumkinmas, deb uyimizga tugun-tersak qilib kela boshlandi. Tavonxonada tog‘oralar aylanadi... Ko‘ngil so‘rashga kelgan mehmonlardan biri dasturxon yozganimiz uchun dakki berib ham ulgurdi: “Hozir dasturxon yozilmaydi!”
Aza ham g‘alati jarayon ekan. Kimning qandayligi aynan boshga og‘ir tashvish tushgan paytlarida bilinarkan. Muruvvat kutmagan insonlarim, ish bilan o‘ralashib, hatto o‘zim ham hol-ahvol so‘rashni o‘rniga qo‘ymagan qadrdonlarim, hamkasblarim yo‘qlab kelishdi. Imkon qadar ko‘mak qo‘lini uzatdi. Eng og‘ir kunlarda dalda bo‘lishdi. Yolg‘izlatib qo‘ymadilar. Lekin “Bu dunyo hisob-kitobli” tarzida ish ko‘radiganlar ham ahdida turganiga guvoh bo‘ldim.
Aza payti marhuma haqidagi yaxshi, yorqin xotiralarni, uning ibratli fazilatlarini yodga olish o‘rniga boshdan oyoq o‘lik qanday yuviladi, qaysi qarindosh qayerda kim bo‘lib ishlaydi, kimning nechta bolasi bor, kim qayerda yashaydi, kim o‘g‘liga yaxshi qiz qidiryapti, kimning qudasi kim, kim o‘tib ketganu, kim hayot, kimning telefon raqami necha ekani haqida ma’lumot to‘plash bilan band bo‘lganlarni qarindosh safiga qo‘shish mumkinmi, bilmayman...
Birin-ketin ehson, turli xotira marosimlarini o‘tkazdik. Tilovatu duolar shu kunlargacha sira tingani yo‘q. Hayit kunlari ham xotira tadbirlari imkon qadar to‘kin dasturxon atrofida o‘tkazildi. Hayitning birinchi kuni kimlardir birgalashib, nimalarnidir astoydil muhokama etishga tushib ketishgandi. Bir parcha qog‘ozchada yozuvlar taxminan quyidagicha edi. “O‘limlik uchun: 1.Kafanlik 2.Toza material. 3.Jag‘ bog‘lashga chit ro‘mol 4.Tobutga yopiladigan mato 5.G‘assol uchun tilla taqinchoqlar, uzuk yoki zirak...” Anchagina mol-matohdan iborat ro‘yxat, ko‘zimga tushib ulgurgani shular edi. Juda g‘alati ro‘yxat. Yana nimalarningdir hisob-kitobiga ko‘zim tushgach, o‘zimni tutib turolmadim. Kimlargadir o‘lik ko‘mish yoqib qolib, havasga aylandi shekilli... “Bu yana nima ro‘yxat”, deb g‘azab bilan so‘radim. “Ha o‘zim, shunday o‘lik marosimida nimalar kerakligini so‘rab olayotgandim”, dedi ro‘yxat tuzishga tashabbuskor bo‘lganlardan biri hovliqqanicha ro‘yxatni yulqib, mendan yashirarkan... Bu orada qudalar ko‘ngil so‘rab kelishdi. To‘g‘risi, g‘azabimning chegarasi yo‘q edi. Yuz-ko‘zimdan, rang-ro‘yimdan o‘ylagan fikrimni uqib olish qiyin emasdi. Kamiga “serjahl”, “zahar”ligim tufayli ular ko‘z o‘ngida aybsiz aybdorga ham aylanib ulgurgandim...
O‘zini qadrdon, mehribon, g‘amxo‘rdek tutuvchi yana bir inson uyimizga kelib na telefon, na telegram yozuvlariga javob bermasligimni zarda qilgandek yuzimga solib, so‘roq-savolga tuta boshladi. Nima bo‘lgandi, qaysi qabristonga olib borildi, kim necha yoshda, falonchi kim, yana nechta adog‘i yo‘q savollar qurshovida edim...
Yaqinda ijtimoiy tarmoqda g‘alati videorolikmi, ishqilib, bir videoko‘rinishga ko‘zim tushdi. Qaysidir viloyatda ma’rakada tobut ustidan xuddi to‘yda kelin-kuyov yoki san’atkor, o‘yinchilarning ustidan pul sochgandek kimdir tinimsiz pul yog‘dirardi. Azaga kelgan ayollar bir-birini turtib, surtib, itarib, yiqilib pul terishga tushib ketadi... Shunday marosimlarda biz bilmagan urflar ancha shekilli. Bunaqasiyam bor ekan-da. Yaxshiki, “azaboshilar”, “ishboshilar“ning hammasi ham bu odatdan xabardor emas!
Ha, bu dunyoda hech kim mangu qolmaydi. Yaratganning irodasi, hukmi bilan vaqti-soati yetgach, hamma bu yolg‘on dunyoni tark etadi. Buni doim yodda tutmoq kerak! Lekin hamma narsani, shu jumladan, aza, ma’raka marosimlarini o‘tkazishning ham o‘z odobi, tartibi, yo‘l-yo‘rig‘i, zamonaviy til bilan aytganda, etiketi bor. Mo‘’tabar nuroniylarimiz yemay-ichmay, sanatoriylarga bormay, o‘zlariga sarf etmay orttirgan nafaqalarini shunday marosimlarga asrashi ham bor gap. Kuzatishimcha, ko‘pgina marosimlar to‘yboshi, azaboshi, tavonboshi, kayvonilarning, yangayu ovsin-ajinlarning yo‘l-yo‘rig‘i bilan o‘tkaziladi. Yaratgan Egam ularga ham insof, asl iymon va diyonat, vijdondan yo‘l-yo‘riq ko‘rsatsin, ilohim. Nazarimda, bunday “sovuq marosim”larning bari o‘zgalarning ruhiyatiga ozor yetkazmaslik, hamiyatiga daxl qilmaslik, fahm-farosat, odamiylik kabi ustunlarga qurilmog‘i kerak. O‘tganlarni ezgu amallar, Qur’on tilovatlari, xayrli duolar bilan eslash asosiy burchimiz emasmi?
Nazokat Usmonova, O‘zA muxbiri