English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Maqsud Shayxzodaning Bobur asarlari bilan bog‘liq orzusi
09:15 / 2021-05-14

Vatanimiz tarixidagi 14 may sanasi bilan bog‘liq ayrim voqealar bayoni.

1429 yil (bundan 592 yil oldin) – tarixchi Fasih Ahmad Xavofiyning qayd etishicha, hijriy 832 yil sha’bon oyining to‘qqizinchisida shanba kuni (milodiy 1429 yil 14 mayda) Temuriylar davlati hukmdori Shoxruh Mirzo Bistomda Shayx Abul Hasan Xaraqoniy hazratlari qabrini ziyorat qildi.

1905 yil (bundan 116 yil oldin) – Uyg‘un taxallusi bilan ijod qilgan O‘zbekiston xalq shoiri, O‘zbekiston Fanlar akademiyasining muxbir a’zosi Rahmatulla Otaqo‘ziyev tavallud topdi (vafoti 1990 yil). U 1939 yilda yaratilgan birinchi o‘zbek baleti – “Gulandom” librettosi muallifi hisoblanadi.

Uyg‘un 1942 yilda Izzat Sulton bilan hamkorlikda ulug‘ o‘zbek shoirining 500 yilligiga bag‘ishlangan “Alisher Navoiy” dramasini yaratdi. Urushdan keyingi yillarda sahna yuzini ko‘rgan “Alisher Navoiy” dramasi keng tomoshabinlar ommasining Navoiyni kashf etishi va ulug‘ shoirga muhabbat tuyg‘ulari bilan yo‘g‘rilishida, shuningdek, o‘zbek adabiyotida tarixiy-biografik drama janrining taraqqiyotida muhim ahamiyatga molik bo‘ldi.

1918 yil (bundan 103 yil oldin) – Turkiston Xalq Komissarlar Kengashining buyrug‘iga asosan respublikada umumiy maktabni tashkil etishga kirishildi. Turli tipdagi o‘quv yurtlari “ular o‘qishni xohlaydiganlar uchun yoshi, millati, qaysi dinga e’tiqod qilishidan qat’i nazar guvohnomalarsiz” ochiq qilib qo‘yildi.

1930 yil (bundan 91 yil oldin) – akademik Naim Karimovning qayd etishicha, Botu raisligida bo‘lib o‘tgan Maorif xalq komissarligi hay’at yig‘ilishida “Qizil O‘zbekiston” va “Uzbekistanskaya pravda” gazetalariga ilova tarzida o‘qituvchilar uchun varaqalar chiqarish masalasi muhokamaga qo‘yildi va bu tashabbus ma’qullandi. Shundan keyin o‘qituvchilar uchun “Madaniy inqilob” (hozirgi “Ma’rifat”) nomi bilan maxsus gazeta nashr etila boshlangan.

1942 yil (bundan 79 yil oldin) – arxeolog-tarixchi olim, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi akademigi Edvard Rtveladze tavallud topdi. U O‘rta Osiyo, Kavkaz, Kipr, Yaponiya va Fransiyada olib borilgan 80 dan ortiq ilmiy arxeologik ekspeditsiyalar ishtirokchisi. 2001 yilda “Buyuk xizmatlari uchun”, 2003 yilda “Mehnat shuhrati” ordenlari va 2001 yilda Gruziyaning “Girsebis” (“Ritsarlik sharafi”) ordeni bilan mukofotlangan.

1964 yil (bundan 57 yil oldin) – shoir, dramaturg, adabiyotshunos, tarjimon va pedagog Maqsud Shayxzoda Moskvadagi markaziy kutubxonada turk olimi Fuod Ko‘pruluzoda asarining “Turk klassik adabiyotida xususiy nazm shakllari” bobini ko‘zdan kechirayotib, Zahiriddin Muhammad Boburning Parij milliy kutubxonasida saqlanayotgan “Aruz risolasi” asari tavsifini uchratdi. Bu risolani Fuod Ko‘pruluzoda Parij milliy kutubxonasining Sharq qo‘lyozmalari katalogi bilan tanishayotgan vaqtida tasodifan aniqlaydi.

Saidbek Hasanovning qayd etishicha, bu ma’lumotlardan so‘ng Maqsud Shayxzoda o‘z maqolasida Hoji Muhammad Samarqandiy tomonidan ko‘chirilgan Boburning “Aruz risolasi” asarining nusxasi tasodifiy bir voqea bilan ma’lum bo‘lganini va tafsilotini keyinchalik xabar qilajagini e’lon qilgan. Boburning katta ahamiyatga molik bu yirik asari haqida mukammal va chuqur ilmiy ish yozish orzusida bo‘lgan Maqsud Shayxzoda o‘z niyatlarini amalga oshira olmay bevaqt olamdan ko‘z yumdi.

1994 yil (bundan 27 yil oldin) – respublika o‘quv yurtlariga abituriyentlarni test usulida tanlash sohasida yagona davlat siyosatini ta’minlash maqsadida va oliy o‘quv yurtlari abituriyentlarini test sinovidan o‘tkazishning ijobiy tajribasini e’tiborga olib Vazirlar Mahkamasi qarori bilan Davlat test markazi tashkil etildi.

1996 yil (bundan 25 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Bosniya va Gersegovina Respublikasi bilan diplomatiya munosabatlarini o‘rnatdi.

2014 yil (bundan 7 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasining “Huquqbuzarliklar profilaktikasi to‘g‘risida”gi Qonuni qabul qilindi.

2018 yil (bundan 3 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Jinoyat va jinoyat-protsessual qonunchiligi tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

2019 yil (bundan 2 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Oliy ta’lim muassasalariga test sinovlari orqali qabul qilish tizimini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”, “Baxshichilik san’atini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” qarorlari qabul qilindi.

Alisher EGAMBERDIEV tayyorladi