“O‘zsuvta’minot” va “Toshkent shahar suv ta’minoti” hamkorlikda OAV uchun press-tur o‘tkazdi. Unda tizim korxonalarning bugungi texnik holati va imkoniyatlari bevosita o‘rganildi.
Unda Toshkent shahrida 3700,8 km ichimlik suvi tarmog‘i bo‘lib, hozirda uning 72 foizi ichimlik suvi, 60 foizdan ortiq oqova suv tarmoqlari xizmat muddatini o‘tab bo‘lgan qayd etildi. Buni yildan-yilga ortib borayotgan suv tarmoqlaridagi avariyalar sonidan ham ko‘rish mumkin. Masalan, 2019 yilda 10 ming atrofida avariya bo‘yicha ta’mirlash ishlari bajarilgan bo‘lsa, 2020 yilda bu raqam 12 mingtaga yetgan.
– Bunday avariyalar ichimlik suvining behuda yo‘qotilishiga sabab bo‘lmoqda, – deydi «Toshkent shahar suv ta’minoti» rahbari Maqsud Abbosxonov. – Suv ta’minotidan kelayotgan mablag‘ ishlab chiqarish xarajatlarini qoplamagani sababli aksariyat hollarda yangilash yoki ta’mirlash bilan bog‘liq ishlar bajarilmay qolib ketmoqda. Imkoniyatdan kelib chiqib bajarilayotgan ishlar esa yetarli emas. Toshkent shahrini suv bilan ta’minlashga ixtisoslashgan korxona 1931 yildan tashkil etilgan. Poytaxtni suv bilan ta’minlovchi 7 ta inshoot esa 1960 yillarda qurilgan.
Tizimning bu zaylda abgor ahvolga kelib qolishiga yana bir sabab bor. O‘tgan yillarda suv ta’minoti alohida tarmoq sifatida faoliyat yuritmagan. Natijada suvdan kelgan mablag‘lar kommunal xizmatlarning boshqa maqsadlariga yo‘naltirib yuborilavergan. “O‘zsuvta’minot” aksiyadorlik jamiyati alohida korxona sifatida faoliyat boshlagandan so‘ng kirim va chiqim masalalariga haqiqiy holatdan kelib chiqib baho berildi.
Hisob-kitoblarga ko‘ra, Toshkent shahriga suv yetkazib berishda 2019 yilda 58,8 milliard, 2020 yilda esa qariyb 37,8 milliard so‘m zarar ko‘rilgan. Shuningdek, olingan xorij kreditini qaytarish jarayonida ham valyuta kursining keskin oshishi natijasida korxona moliyaviy holatiga 2019 yilda 54 milliard, 2020 yilda esa 43,0 milliard so‘m zarar kutilmoqda.
Yana bir muhim jihat, ming litr suv ishlab chiqarilganda, uning 25 foizi, ya’ni to‘rtdan bir qismi elektr energiyasi to‘lovlariga, 3 foizi ichimlik suvi tozaligini saqlash uchun qo‘shiladigan reagentlarga, 20,5 foizi, ya’ni beshdan bir qismidan ortig‘i ichimlik va oqova suv inshootlarining ish rentabelligini oshirish maqsadida olingan xorijiy institutlarning kreditlarni qaytarishga, 19 foizi ichimlik va oqova suv quvurlarini ta’mirlash va qayta ta’mirlashga sarflanmoqda.
– Poytaxtimizda ko‘p qavatli uylar ko‘payishi hisobiga aholi soni keskin ko‘payib bormoqda, –deydi Maqsud Abbosxonov. – Biroq, ichimlik suviga bo‘lgan ehtiyoj tufayli tarmoqlarimiz talabga javob berolmay qolmoqda. Yana bir jihatni ichimlik suvi narxi hududlarda turlicha belgilangan. Qaysi bir viloyatda uch ming, yana birida ikki ming. Ana shunday qiyoslaydigan bo‘lsa, suv narxi bo‘yicha Toshkent shahri eng arzon hududlardan hisoblanadi.
Press-tur davomida shu va shu kabi tahliliy ma’lumotlar jurnalist va blogerlar e’tiboriga havola etildi. Ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mutaxassislardan javoblar oldilar.
Sayyora SHOEVA, Yoqub MELIBOEV, O‘zA