FOTOREPORTAJ
Yurtimizda yosh, iqtidorli va tashabbuskor qizlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida ta’sis etilgan Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti ko‘plab iste’dodli qizlar uchun yuksak e’tirof sanaladi. Ushbu mukofot adabiyot, san’at, fan, ta’lim va sport sohalarida salmoqli yutuqlarga erishgan 30 yoshgacha bo‘lgan qizlarga beriladi. Buxorolik sportchi va murabbiy Mohinur Namozova ana shunday mukofot sohibalaridan biri.
Bolaligidan kuchli va jasur bo‘lishni orzu qilgan Mohinur taekvondo bilan ilk bor murabbiy Ubaydullo Mukarramov rahbarligida shug‘ullana boshladi. Tinimsiz mashqlar, muntazam mehnat va har bir harakatni puxta o‘zlashtirish uning kundalik hayotiga aylandi. Bu mehnat samarasi uzoq kuttirmadi — u 11 karra O‘zbekiston chempioni bo‘lib, Osiyo va jahon chempionatlari hamda jahon kubogi musobaqalarida ishtirok etib, faxrli o‘rinlarni qo‘lga kiritdi. Shuningdek, qora belbog‘ sohibi bo‘lib, sport ustasi unvoniga sazovor bo‘ldi.
Sport bilan bir qatorda qahramonimiz ta’limga ham jiddiy e’tibor qaratdi. Avval huquqshunoslik yo‘nalishida tahsil olgan bo‘lsa, keyinchalik sport psixologiyasiga qiziqib, O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetida bakalavriat va magistratura bosqichlarini muvaffaqiyatli tamomladi.
Bugungi kunda Mohinur Namozova murabbiy sifatida yoshlar tarbiyasiga o‘z hissasini qo‘shib kelmoqda. U Buxoro shahridagi 23-umumta’lim maktabi o‘quvchilariga taekvondo bo‘yicha saboq berib, ularni sportga jalb etish, yosh avlodda iroda, matonat va intizomni shakllantirishga alohida e’tibor qaratadi.
[gallery-28019]
Zulfiya nomidagi Davlat mukofotini 2014-yilda qo‘lga kiritgan Mohinur Namozovaning hayot yo‘li mehnatsevarlik, matonat va maqsadga sadoqat namunasi hisoblanadi. U nafaqat sportdagi yutuqlari, balki yoshlar tarbiyasiga qo‘shayotgan munosib hissasi bilan ham ko‘plab qizlar uchun ibrat bo‘lib kelmoqda.
Tohir ISTATOV (surat), O‘zA