Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Maqsadli loyihalar tizimda shaffoflikni ta’minlashga xizmat qilmoqda
11:48 / 2022-09-25

So‘nggi yillarda aholi va iqtisodiyot tarmoqlarida energiya resurslari, xususan gaz ta’minotiga bo‘lgan ehtiyoj hamda talabning ortib borishi sohada tizimli islohotlar, maqsadli loyihalarni amalga oshirishni taqozo etmoqda.

Vazirlar Mahkamasining joriy yil 5 avgustda qabul qilingan "Respublika iste’molchilarini tabiiy va suyultirilgan gaz bilan ta’minlash tizimining samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarori esa tabiiy gaz ta’minoti tizimini modernizatsiya qilishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Ushbu qarorda iste’molchilarga tabiiy gaz yetkazib berishni "gaz taqsimlash stansiyasi - tuman (shahar) chegarasi - yirik uchastkalarning kirish qismi - iste’molchi" texnologik zanjiri asosida tuman (shahar)lar chegarasidagi quvurlarga elektron hisoblagichlarni o‘rnatish va "onlayn" monitoring qilish imkonini beruvchi avtomatlashtirilgan tizim ishga tushirilishi belgilab berilgan.

Navoiy viloyatida ayni vaqtda tabiiy gazdan foydalanadigan 164 mingdan ortiq aholi va 3000 ta ulgurji iste’molchi mavjud bo‘lib, hududni 49 ta yirik hududga ajratish hamda 59 ta gaz hisoblash uskunasini o‘rnatish rejalashtirilgan. bugungi kunga qadar 56 ta gaz hisoblash uskunasi o‘rnatilib, ishga tushirildi. 35 ta modem qurilmasi bilan jihozlanib, “askugbalans” dasturi orqali kuzatib borish imkoniyati yaratildi. Hozirda Karmana tumani va Navoiy shahrida bu borada ishlar davom etmoqda.

– Asosiy maqsad, tuman va shaharlar chegarasidagi quvurlarga elektron hisoblagichlarni o‘rnatish orqali gaz taqsimlash stansiyalaridan qabul qilinayotgan gazni tabiiy gaz iste’molchilariga yo‘qotishlarsiz yetkazib berishdir, – deydi “Hududgaz Navoiy” gaz ta’minoti filiali direktori o‘rinbosari Bahriddin Xudayarov. – Shuningdek, tabiiy gazning iste’molchilar tomonidan noqonuniy foydalanishini hamda gaz sizib chiqish holatlarini aniqlashda ushbu avtomatlashtirilgan tizim katta samara beradi. Ya’ni, gaz taqsimlash stansiyalaridan olingan gaz sarfi miqdori yirik hududlardagi quvurlarga o‘rnatilayotgan hisoblagichlardagi miqdor bilan teng bo‘lishiga erishiladi. Tuman va shaharlarni yirik hududlarga ajratish va hisoblagichlar o‘rnatishda iste’molchilar soni, iste’mol sarfi inobatga olindi. Masalan, viloyatda tabiiy gaz iste’molchilari soni nisbatan ko‘p bo‘lgan Karmana tumani 9 ta yirik hududga ajratilib, 18 ta hisoblagich o‘rnatildi. Belgilangan reja bo‘yicha yana bitta hisoblagich o‘rnatiladi. Tabiiy gaz iste’moli miqdori oz bo‘lgan Uchquduq tumanida esa, eng kam - 1 ta hisoblagich o‘rnatildi.

Aytish kerak, "onlayn" monitoring qilish imkonini beruvchi avtomatlashtirilgan tizim ishga tushirilishi tabiiy gaz ta’minoti sohasini yanada rivojlantirish, turli ovoragarchiliklarning oldini olish, mavjud quvvatlardan samarali foydalanishda asos bo‘lmoqda. Pirovardida, bu tabiiy gaz ta’minoti bilan bog‘liq qator muammolarning bartaraf etilishiga yordam beryapti.

Aslida ham barcha soha, jumladan, gaz ta’minotida ham amalga oshirilayotgan har bir islohot zamirida iste’molchi manfaati ustuvor hisoblanadi. Zero, maqsadli loyihalar tizimda shaffoflikni ta’minlab, iste’molchilarning tizimga bo‘lgan ishonchini mustahkamlaydi, ish unumida samaradorlikni oshiradi.

 

A.Bo‘riyev, O‘zA