Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Tadbirkorlik, raqobatni rivojlantirish va sanoat masalalari qo‘mitasi tomonidan Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligining 2025-yilda ajratilgan byudjet mablag‘lardan foydalanish, shuningdek, rivojlantirish dasturi maqsadli indikatorlarining bajarilish holati yuzasidan hisoboti eshitildi.
Axborotda ta’kidlanganidek, issiqlik ta’minoti ob’ektlarini qurish, rekonstruksiya qilish va modernizatsiyalash uchun xarajatlar ijrosiga 2025-yilda rejalashtirilgan mablag‘ 500 mlrd. so‘mni tashkil etib, bu mablag‘lar yetarli darajada sarf qilingan. Modernizatsiya qilinadigan issiqlik qozonxonalari hisobiga issiqlik ta’minoti bilan qamrab olinadigan xonadonlar soni 14 ming 758 tani, yillik modernizatsiya qilinadigan issiqlik qozonxonalari soni esa 22 tani tashkil etgan holda, bu yo‘nalishdagi maqsadlar samarali ijro etilgan.

Deputatlar ajratilgan mablag‘lar amalda qanchalik samarador bo‘lgani bilan qiziqdi. Byudjet mablag‘larining sarflanishi natijasida qanday aniq ijobiy o‘zgarishlarga yuz bergani, ularning sarfi bo‘yicha reja qilingan maqsadlarga erishilganlik holati yuzasidan mas’ullar oldiga savollar qo‘yildi.
Ajratilgan mablag‘larni o‘zlashtirishda ayrim kamchiliklarga yo‘l qo‘yilgani, taqdim etilgan hisobotda ma’lumot va tahlillar yetarli emasligi ta’kidlandi. Shuningdek, maqsadli indikatorlarni ijro etishda yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarni chuqur tahlil qilgan holda 2026-yilda ushbu yo‘nalishda yanada samarali faoliyat olib borish, byudjet mablag‘laridan foydalanish samaradorligini oshirish bo‘yicha taklif va tavsiyalar berildi.
M.Komilova, O‘zA