Munosabat
Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ishlar o‘z ko‘lami va kelgusi rejalar bilan yanada samarali tus olmoqda. Islohotlar va ulardan kutilayotgan natijadorlik olamshumul ahamiyatga ega ekanligi bilan ham quvonarli albatta.
Muhtaram Prezidentimizning Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga qilgan murojaatnomasida qayd etilgan tahliliy ma’lumotlar har birimizga ishonch berishi bilan bir qatorda mas’uliyat ham yuklaydi.

Jumladan, o‘tgan yil davomida 5 million aholimiz daromadli bo‘lib, ishsizlik darajasi 5,5 foizdan 4,9 foizga, kambag‘allik 8,9 foizdan 5,8 foizga tushganligi, natijada 1,5 million ehtiyojmand aholi kambag‘allikdan chiqib, ko‘plab mahallalar “kambag‘allikdan xoli” hududga aylantirilgani farovonlik sari tashlanayotgan qadamlarimizning ishonchli ekanidan dalolatdir.
Prezidentimiz tomonidan odilona va uzoqni ko‘zlab olib borayotgan ijobiy strategik davlat siyosati dunyo hamjamiyati tomonidan ham yuksak baholanmoqda. Mamlakatimiz global masalalar muhokama etiladigan xalqaro muloqot maydoniga aylandi.
Davlatimiz rahbarining: “Biz – bugun 38 milliondan ziyod katta xalqmiz. Mashaqqatli va sharafli mehnatimiz bilan dunyoda hurmat topayotgan, ertangi kunga ishonch bilan dadil borayotgan, matonatli va g‘ururi baland millatmiz”- degan so‘zlari yuragimni to‘lqinlantirib yubordi. Biz o‘zgarishlarni kutib yashamaymiz, o‘zgarishlarni aql-zakovatimiz va mas’uliyatli mehnatimiz bilan yaratamiz”, dedilar.
Darhaqiqat, millati, tili va dinidan qat’i nazar, butun el-yurtimizni birlashtiradigan ulug‘ bir g‘oya – Vatan manfaati, xalqimiz manfaati yo‘lida jipslashishimiz zarurligini davrning o‘zi ko‘rsatib turipti. Maqsadga erishishimizda esa mahalla tizimining ta’siri va kuchidan foydalanishimiz zarurligi alohida qayd etib o‘tildi. Shu sababli 2026 yilni “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili” deb e’lon qilinganligi xalqimiz tomonidan qizg‘in kutib olindi.
Shuningdek, davlat rahbari ayollar va bolalarga nisbatan oilaviy zo‘ravonliklarni oldini olish yuzasidan ham Murojaatnomada to‘xtalib o‘tdi. So‘nggi ikki yilda ayollar va bolalarga nisbatan oilaviy zo‘ravonlik holatlari bo‘yicha 2 mingdan ziyod jinoyat sodir etilganligini, oilaviy zo‘ravonlik jamiyatga tegishli masala ekanligini kuyinib gapirdi.
Jamiyat taraqqiyotining kushandasi, adolat va qonun ustuvorligini izdan chiqaradigan korrupsiya illatiga qarshi kurashish bo‘yicha 2026 yilda “favqulodda holat” belgilandi.
Murojaatnomaning asosiy negizini tashkil etgan 2026 yilda amalga oshiriladigan 6 ta ustuvor yo‘nalishdan iborat dasturning asl mazmun mohiyatida ham xalqimizning farovon turmush tarzi, inson qadri, farzandlarimizni baxtli hayot kechirishlari mujassamligini ko‘ramiz.
Vatanimizning iqtisodiy-ijtimoiy salohiyatini yuksaltiradigan, avlodlarimizni kelajagini belgilab beradigan bu dasturilamalni bajarishda har birimiz javobgar ekanligimizni his qilmog‘imiz kerak.
Jahon ma’naviyati va ma’rifati maydoniga ikkita renessansni tuhfa etgan, uchinchi renessans poydevorini barpo etishga harakat qilayotgan buyuk millatmiz. 2026 yilda o‘zbek kosmonavtini fazoga parvoz etishi haqidagi xushxabar har bir Vatandoshimizda faxr va iftixor tuyg‘usini uyg‘otganligi shubhasizdir.
Muhtaram Prezidentimiz aytganidek: “Bir bo‘lsak, yagona xalq, yagona millat bo‘lib olg‘a intilsak, ko‘zlagan ulkan maqsadlarimizga albatta yetamiz!”
Davlatimiz rahbarining Murojaatnomasi negizida xalqimizning farovon turmush kechirishi, inson qadrining har narsadan ulug‘ligi, ma’rifatli farzandlarni kamol toptirishdek buyuk maqsadlar mujassamligini angladik.
Belgilangan ustuvor vazifalarni amalga oshirilishida bor kuch va salohiyatimiz bilan harakat qilishimiz ertangi kunimizning barokatli bo‘lishiga zamin yaratadi.
Pardaxol Norqobilova,
Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi bosh mutaxassisi