Sirdaryo viloyati Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi tomonidan joriy yilning yanvar–sentyabr oylari davomida tabiat muhofazasi va ekologik xavfsizlikni ta’minlash maqsadida 2 993 ta nazorat-reyd tadbiri o‘tkazildi.
Natijada 2 947 nafar javobgar shaxsga nisbatan 3 milliard 785 million so‘mlik jarima qo‘llanildi. Shuning 2 milliard 180 million so‘midan ortig‘i undirilib, undirish darajasi 94,2 foizni tashkil etdi.

Hisobot davrida 318 nafar mansabdor shaxsga 843 million so‘m, 2 629 nafar fuqaroga esa 2,9 milliard so‘m miqdorida ma’muriy jarima belgilandi. Undirilgan mablag‘ning 1,26 milliard so‘mi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligining Jamg‘arma hisob raqamiga, 915 million so‘mdan ortiq qismi esa Majburiy ijro organlari orqali davlat byudjetiga yo‘naltirildi.

Yo‘nalishlar kesimida eng ko‘p huquqbuzarliklar chiqindilar bilan bog‘liq sohada qayd etildi — 1 470 holatda 701 million so‘m jarima solingan. Shuningdek, atmosfera havosini muhofaza qilish bo‘yicha 797 shaxsga 428 million so‘m, suv va yer resurslarini muhofaza qilish bo‘yicha 381 shaxsga 1,2 milliard so‘m, bioxilma-xillik va muhofaza etiladigan tabiiy hududlar bo‘yicha 299 shaxsga 1,4 milliard so‘m miqdorida jarimalar belgilandi.
Ma’muriy jarimani ixtiyoriy to‘lamagan holatlarda ham qat’iy choralar ko‘rilmoqda. Jumladan, 49 holatda 53 million so‘m, 23 holatda esa 52 million so‘mlik da’vo materiallari majburiy ijro organlariga yuborildi.

Sirdaryo viloyati Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi boshqarmasining nazorat inspeksiyasi boshlig‘i Bekzod Qo‘ldoshevning ta’kidlashicha, amalga oshirilayotgan ishlar nafaqat huquqbuzarliklarni aniqlash, balki ekologik madaniyatni oshirishga qaratilgan profilaktik faoliyatni ham qamrab olgan:
– Biz uchun asosiy maqsad — jarimalar sonini ko‘paytirish emas, balki tabiatni muhofaza qilish bo‘yicha mas’uliyatni kuchaytirishdir. Har bir fuqaro va tashkilot atrof-muhitga ta’sir ko‘rsatayotganini anglashi zarur. Shu bois, biz joylarda ekologik targ‘ibot tadbirlarini, ta’lim muassasalarida uchrashuvlarni muntazam o‘tkazyapmiz, – dedi Bekzod Qo‘ldoshev.

Uning so‘zlariga ko‘ra, yaqin orada viloyatda “Yashil makon”, “Toza hudud” va “Ekologik madaniyat oyligi” loyihalari doirasida keng qamrovli amaliy ishlar tashkil etiladi. Bu chora-tadbirlar nafaqat chiqindilarni kamaytirish, balki aholi ongida tabiatga ehtiyotkorona munosabatni shakllantirishga xizmat qiladi.
G‘ulom Primov, O‘zA