Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Maqsadim, yangi uzum navini yaratishdir”
09:30 / 2021-08-05

Zamonamizning yosh qahramonlari

Har bir zamonning o‘z qahramoni bo‘ladi. Kimdir Vatani ozodligi uchun kurashganlarni, yana kimdir buyuk kashfiyotlar qilib nomini tarix zarvaraqlariga muhrlaganlarni, yana kimdir turli sport musobaqalarida g‘alaba qozonib, yurt bayrog‘ini jahon arenalarida yuksaklarga ko‘tarayotganlarni zamon qahramoni, deydi.

Yana shunday zamonamiz qahramonlari borki, ular o‘z faoliyatlari davomida bor bilimi va tajribasini ishga solib shu yurt, shu xalq farovonligi uchun safarbar etadi.

bugungi qahramonimiz esa o‘z mehnati, peshona teri evaziga yurtimiz ravnaqiga o‘z hisasini qo‘shib kelayotgan yoshlardan biri.

Abdujabbor Avezov 30 yoshda. U Navoiy viloyati Qiziltepa tumani “Gulbog‘” mahallasida tug‘ilgan. Otasidan dehqonchilik va bog‘dorchilik sir-asrorlarini o‘rgangan. Hozirda “Said Sirj Samandar” fermer xo‘jaligini boshqarib kelmoqda.  

Oilaviy muhit sababli Abdujabbor yoshligidan bog‘dorchilikka, asosan, uzumchilikka qiziqdi.

– 2016 yil 5 may kuni tuman hokimi uzumchilik va bog‘dorchilikka ixtisoslashgan fermer xo‘jaliklari rahbarlari bilan uchrashuvda: “Farg‘onaning Oltiariq tumanidagi bog‘bonlar erishayotgan natijalar, ularning eksportdagi ulushi to‘g‘risida gapirib, tumanda ham uzumchilik bilan shug‘ullanuvchi fermerlar ko‘pchilikni tashkil etishi, uzumchilikni rivojlantirish mumkin ekanligini bildirgan edi, – deya eslaydi qahramonimiz. – Shundan keyin uzum navlarini ko‘paytirishga, nihollarini havoza shaklida o‘stirishga e’tibor qaratdim. Uzumchilik bilan shug‘ullanuvchi bog‘bonlar bilan uchrashsam, albatta, ulardan sohadagi yangiliklarni so‘rab o‘rganaman. Uzum navlarini parvarishlash usullarini so‘rayman.

Hozirda A.Avezov bir gektar maydonda uzumning gigant, mers, ketmon sopi, rizamat ota, qora kishmish navlarini parvarishlab kelmoqda.  

– Uzumning gigant navini Samarqanddan olib kelganman, – deydi Abdujabbor. – Uning mayizi donasi yirikligi, danagi yo‘qligi bilan ajralib turadi. Mayiz qilish jarayonida obi-tobida quritsangiz, kilosini 200 ming so‘m atrofida sotish mumkin. Mayizi shirinligi bois juda xaridorgir.  

Uzumchilikning orqasidan qaharmonimiz oila tebratib kelmoqda. Yengil avtomashina oldi. Hozirda ikki qavatli imorat qurmoqda. “Barchasi uzumchilikning orqasidan. Qanchalik ko‘p mehnat qilsangiz, mehnatdan qochmasangiz, hosil ham barakali bo‘ladi”, deydi Abdujabbor.

Uning aytishicha, har yili ichki bozorga 25-30 tonna uzum sotib, 5 tonna atrofida mayiz tayyorlar ekan. Daromad ham shunga yarasha 250-300 million so‘mni tashkil etadi.  

Joriy yilning 7 iyul kuni uzum yetishtirish, uni sanoat usulida qayta ishlashni rivojlantirish hamda hududlarda enoturizmni yo‘lga qo‘yish chora-tadbirlari yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida davlatimiz rahbari yurtimizda azaldan uzumchilik an’anasi bo‘lgani, uni rivojlantirish uchun katta imkoniyatlar borligini alohida ta’kidlagan edi.

Uzumchilik xalqimizning asrlar davomidagi milliy dehqonchilik madaniyati, qadriyati, g‘ururi va daromad manbai. Uzum xalqimizning turmush tarzi va urf-odatlari bilan bevosita bog‘liq. Har bir ko‘chada, xonadonda tok bo‘lgan. Husayni, toyfi, rizamat ota, kelinbarmoq va kishmish kabi uzumlarimizning dovrug‘i uzoq-uzoqlargacha tanilgan.

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, uzum tarkibida ko‘p miqdorda qandlar, organik kislotalar, S, V vitaminlari, oshlovchi va bo‘yoq moddalar bor. Bargida esa S, V, K vitaminlari, karotin, nikotin, foliy kislotasi, flavonoidlar, katexin va oshlovchi moddalar mavjud. Xalq tabobatida esa uzum sharbati, shuningdek, uzumning nordon navlari ishtahani ochuvchi va ovqat hazm qilishni yaxshilovchi vosita sifatida qo‘llaniladi. Yaxshi pishgan uzum, ayniqsa, qora navi kamqonlikni davolashda va kamquvvat bemorlarga mador berishda qo‘llaniladi.  

Abu Ali ibn Sino esa uzumning xususiyatlari haqida shunday yozadi: “Bir muncha muddat olib qo‘yilgan uzum tanani yaxshi oziqlantirib, quvvatlantiradi. Yaxshi pishgan uzumning zarari pishmaganidan kamroqdir. Uzumning o‘zi sharbatidan ko‘ra foydaliroqdir. Uzum va danakli mag‘iz ichak og‘rig‘ida yaxshi foyda qiladi. Shuningdek, mayizi buyrak va qovuq uchun ham foydali. Ichketish va yo‘g‘on ichak xastaliklarida ham foydali. Uzum poyasining suvi toshlarni maydalaydi, so‘gal, qontalash, temiratkini davolaydi”.

Videoselektor yig‘ilishda Prezidentimiz har bir viloyatda yangi eksportbop uzum plantatsiyalari tashkil etish tashabbusini ilgari surdi. Ayni paytda Qiziltepa tumanida ham hududlarni uzumchilikka ixtisoslashtirish va aholi xonadonlarida uzum yetishtirish tizimini joriy etish yuzasidan ishlar boshlab yuborildi.

– Videoselektordan keyin menda ham uzumzor bog‘imizni yanada kengaytirish maqsadi paydo bo‘ldi, – deydi A.Avezov. – Yana 10 gektar yer olib uzumzor plantatsiyasini tashkil etmoqchiman. Niyatim esa, xuddi Rizamat ota kabi yangi uzum navini yaratib, aholi dasturxoniga shirindan shirin uzum navini tortiq etish. Hozirda hududlardan turli navlarni olib kelib, nihollarni bir-biriga payvandlab sinab ko‘rayapman. Albatta, kelajakda yangi nav yarataman. Men bunga ishonaman va shu yo‘lda mehnat qilmoqdaman.

Abduvali Bo‘riyev, Siroj Aslonov (surat), O‘zA