Mamlakatimizda xotin-qizlar o‘rtasida sportni rivojlantirishga qaratilayotgan e’tibor samarasida xalqaro musobaqalarda g‘olib va sovrindorlar qatoridan joy olayotgan sportchi qizlarimiz safi tobora kengayib bormoqda.
Ulardan biri – yengil atletikachi qizimiz Jonbibi Hukmova. U 2005-yil Qashqadaryo viloyatining Kasbi tumanida tug‘ilgan. 17 yoshida ilk murabbiyi Karim Tursunov qo‘l ostida yengil atletika sirlarini o‘rgangan.

– Jonbibining ilk mashg‘ulotga kelgan kuni hech yodimdan chiqmaydi, – deydi K.Tursunov. – Unda dastlabki kunlardanoq o‘ziga xos harakatchanlik, g‘alabaga bo‘lgan intilish, atletlarga xos bo‘lgan chidam va sabrni sezganman. U qiyin bo‘lsa-da, har bir mashqni to‘la o‘zlashtirib, uni bexato bajarmaguncha tinib-tinchimas edi. Yengil atletikaga bo‘lgan muhabbati 2022-yilgi "Besh tashabbus olimpiadasi"da ishtirok etib, kumush medalni qo‘lga kiritgandan so‘ng yanada oshdi va professional faoliyatini boshladi.

J.Hukmova tuman, shahar va mamlakat miqyosidagi musobaqalarda toblanib, mahoratini oshirdi. 2022-yil O‘zbekiston chempionatining 400 metr masofaga yugurish bo‘yicha o‘tgan bahslarida chempionga aylangan bo‘lsa, ushbu masofada 2023-yil bronza medali bilan taqdirlandi.
Jonbibi o‘z ustida ishlashda davom etdi. Buning samarasida u 2024-yil yanvar va fevral oylarida yopiq inshootlarda o‘tgan turli yosh toifasidagi O‘zbekiston chempionatida 400 va 200 metr masofalarda jami 4 ta oltin medalni qo‘lga kiritdi.

Shuningdek, mamlakat ochiq chempionatida 800 metrga yugurishda oltin, U20 yosh toifasidagi ochiq maydonda o‘tgan milliy birinchilikda 400 va 200 metr masofadagi bahslarda chempionga aylandi.
Jonbibi uchun aynan 2024-yil xalqaro maydondagi muvaffaqiyatlar ham eshik ochdi. Aniqroq aytadigan bo‘lsak, atletimiz 24–26-aprel kunlari Dubay shahrida o‘tgan XXI Osiyo chempionatining U20 yosh toifasidagi bahslarida 400 metr masofani birinchi bo‘lib bosib o‘tdi va oltin medalga sazovor bo‘ldi. May oyida poytaxtimiz mezbonlik qilgan Markaziy Osiyo ochiq chempionatida kumush medalga ega chiqdi. G.Arzumanov xalqaro xotira turnirida 800 metr masofadagi bahslarni birinchi o‘rinda yakunladi.

Iyun oyida Qozog‘istonning Olmaota shahri mezbonligida o‘tgan Gusman Kosanov xotira turniri va Toshkentda tashkil etilgan “Silk Road to Paris” xalqaro turnirida oltin (800 m) medallarga sazovor bo‘ldi. Peruning Lima shahrida o‘tgan U20 Jahon chempionatida yarim finalga qadar yetib bordi.
Mahoratli sportchimiz Jonbibi Hukmova 2025-yil ham mamlakat birinchiligida 200 va 400 metrga yugurishda hamon tengsiz ekanini isbotladi. Samarqandda o‘tgan “Universiada” musobaqasida 100 va 200 metr masofaga birinchi bo‘lib yetib keldi.
O‘tgan yili Janubiy Koreyaning Gummi shahrida tashkil etilgan Osiyo chempionatida bronza (400 m), Toshkentda o‘tkazilgan “UNG Meeting” musobaqasida oltin va G.Arzumanov xalqaro xotira turnirida 2 ta kumush medalga ega chiqdi. Shuningdek, Germaniya davlatining qator shaharlari mezbonlik qilgan Butunjahon universiada o‘yinlarida ishtirok etdi.
Joriy yilgi mavsum ham Jonbibi Hukmova uchun omadli boshlandi. Mahoratli atletimiz Tyanszin shahrida (Xitoy) bo‘lib o‘tgan XII Osiyo chempionatining 400 metr masofaga yugurish bahslarida 53.61 soniya natija bilan qit’a chempioniga aylandi.
– Nufuzli musobaqalarda qo‘lga kiritayotgan yutuqlarim zamirida Prezidentimiz tomonidan mamlakatimizda sportni, jumladan, xotin-qizlar sportini rivojlantirishga qaratilayotgan ulkan e’tibor mujassam, – deydi J.Hukmova. – Osiyo chempionatida erishgan g‘alabamni joriy yili Yaponiyaning Aichi va Nagoya shaharlarida bo‘lib o‘tadigan XX Osiyo o‘yinlarida ham takrorlash uchun bor kuch-g‘ayratimni sarflayman. Shuningdek, yana bir asosiy maqsadlarimdan biri 2028-yilgi Olimpiya o‘yinlarida ishtirok etish.
Ayni kunlarda mamlakatimiz xotin-qizlar terma jamoasining iqtidorli yoshlaridan biri bo‘lgan Jonbibi Hukmova murabbiyi Javohir Saidov qo‘l ostida o‘z mahoratini oshirish ustida tinimsiz ishlamoqda. Sportchimiz kelgusida yengil atletika olamining yangi-yangi cho‘qqilarini zabt etishi shubhasiz.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA