Dunyoning turli mintaqalarida bo‘lib o‘tayotgan nufuzli musobaqalarda O‘zbekiston sportchilarining yuksak g‘alabalarni qo‘lga kiritib, davlatimiz bayrog‘ini baland ko‘tarayotgani faxr bag‘ishlaydi.
Yosh sportchilarimizni ushbu yuqori marralarni zabt etishida O‘zbekiston sportni rivojlantirish vazirligi, Milliy olimpiya qo‘mitasi va mamlakatimiz sport federatsiya va assotsiatsiyalari o‘zlarining bor imkoniyatlarini ishga solmoqda.
Jumladan, O‘zbekiston stol tennisi federatsiyasi so‘nggi yillarda yosh sportchilarni tajribasini yanada yuksaltirish borasida bir qator samarali ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, mahoratini yanada oshirish maqsadida sportchilar xorij mamlakatlari klublariga yuborilmoqda.
Ana shunday imkoniyatlardan unumli foydalanib, hozirda Germaniyaning Gannover shahri sharafini himoya qiluvchi "SV Arminia Hannover" klubida o‘z mahoratini oshirayotgan Abdulaziz Anarboyev bilan suhbatlashdik.
– Abdulaziz, nechi yoshdan beri stol tennisi bilan shug‘ullanasiz?
– Mazkur sport turi bilan 11 yoshimdan beri shug‘ullanaman. Otam bolaligimda ushbu sport turiga qiziqqanimni sezib, murabbiy Obid G‘ofurov to‘garagiga olib borgan. Ilk murabbiyimdan bir qator stol tennisi sirlarini o‘rgana boshladim. Tuman, shahar va viloyat musobaqalarida toblanib mamlakat chempionatlarida ishtirok etdim va 2000 yilda tug‘ilgan yoshlar o‘rtasida mamlakat chempioniga aylandim. Shuningdek 2020 va 2021 yillarda kattalar o‘rtasida o‘tkazilgan O‘zbekiston chempionatida bronza medalini qo‘lga kiritdim.
– Nega aynan Germaniyada shug‘ullanmoqdasiz?
– Avvalo bu yerga kelishimdan asosiy maqsadim – o‘yin uslubim va mahoratimni yuksaltirib, turli nufuzli sport musobaqalar, Osiyo va jahon chempionatlarida hamda Olimpiya o‘yinlarida ishtirok etib, mamlakatimiz sharafini yuqoriga olib chiqishdir.
Faoliyatim davomida Latviya, Moldova, Turkiya, Qozog‘iston kabi mamlakatlarda ham shug‘ullandim. Biroq Germaniyadagi mashg‘ulotlar o‘zgacha ekanini his qildim. Mana, 2019 yildan beri Gannoverdaman, bu yerdagi sharoitlar a’lo darajada. Xallar, stol tennis jihozlarida va shuningdek, moliyaviy taraflama imkoniyatlar yuqori. Shuningdek, bu yerda tajribamni oshirishdan maqsad 2024 yili Parij shahrida o‘tadigan Olimpiya o‘yinlariga yo‘llanmani qo‘lga kiritishdir.
– O‘zbekiston stol tennisi federatsiyasi tomonidan sizga qanday shart-sharoitlar yaratilmoqda?
– Mamlakatimiz Stol tennisi federatsiya biz sportchilarga doimo imkoniyatlar yaratishga harakat qilib keladi va buni uddalaydi. Ayniqsa, so‘nggi yillarda yangi zallar, qulay va zamonaviy stol tennis jihozlari bilan ta’minlab kelmoqda. Shuningdek, yosh sportchilarga asosan xalqaro musobaqalarga chiqishi va tajriba orttirishimiz uchun barcha imkoniyatlarni yaratib kelmoqda. Buning uchun federatsiyadan minnatdormiz.
– 2021 yili Qatarda o‘tkazilgan Osiyo chempionatidagi muvaffaqiyatsizlikni qanday izohlaysiz?
– Doxa shahrida o‘tgan qit’a chempionati haqida gapiradigan bo‘lsam, shaxsan meni birinchi Osiyo chempionatim edi. Musobaqaning guruh bosqichida muvaffaqiyatli ishtirok etib, barcha raqiblarimizni yengdik. Jamoamiz kuchli edi. Afsuski, navbatdagi bosqichda Saudiya Arabistoniga 3-2 hisobida imkoniyatni boy berib qo‘ydik. Musobaqada tajriba kamlik qildi va o‘zimiz xohlagan o‘yinni ko‘rsata olmadik. Biroq, bu biz uchun o‘zim ustimizda ishlashimiz uchun katta saboq bo‘ldi. Kamchiliklarimizdan to‘g‘ri xulosa chiqargan holda yuqori natijalarni qayd etamiz.
– Oldinda turgan rejalar haqida?
– Rejalarim, xalqaro toifalardagi musobaqalarda ishtirok etib, ko‘proq o‘yin amaliyotiga ega bo‘lmoqchiman va mamlakatimiz terma jamoasi ishtirok etadigan musobaqalarda munosib qatnashmoqchiman.
– Mazmunli suhbat uchun rahmat!
– Minnatdorman!
Javohir TOSHXO‘JAEV, O‘zA