Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Maqsadim – Olimpiada chempioni boʻlish
20:38 / 2019-03-06

Mamlakatimizda sportni ommalashtirish, ayniqsa, xotin-qizlar oʻrtasida sogʻlom turmush tarzini qaror toptirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Olis va chekka qishloqlarda ham yosh qizlarning sport bilan muntazam shugʻullanishi, isteʼdod va salohiyatini toʻlaqonli namoyon etishi uchun barcha sharoit yaratilgan.


Mamlakatimizda sportni ommalashtirish, ayniqsa, xotin-qizlar oʻrtasida sogʻlom turmush tarzini qaror toptirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Olis va chekka qishloqlarda ham yosh qizlarning sport bilan muntazam shugʻullanishi, isteʼdod va salohiyatini toʻlaqonli namoyon etishi uchun barcha sharoit yaratilgan.

Yosh sportchilarimiz orasida chempionlar, turli xalqaro musobaqalar gʻoliblari safi yildan-yil kengaymoqda. Belbogʻli kurash boʻyicha oʻsmirlar oʻrtasida jahon chempioni Maftuna Mahmudova ana shunday yoshlardan.

Maftuna 2001 yilda Andijon viloyati Oltinkoʻl tumanidagi Ayronchi mahallasida tugʻilgan. Oiladagi uch farzandning toʻngʻichi. Bolaligidanoq sportga oʻzgacha mehr qoʻygan. Undagi sportga qiziqishni koʻrgan ota-onasi toʻqqiz yoshga toʻlganida Maftunani Andijon ixtisoslashtirilgan olimpiya zaxiralari maktab-internatiga olib keladi. Bu yerda u sportning belbogʻli kurash turi bilan shugʻullana boshlaydi.

Birinchi murabbiyi, sport ustasi Jamoliddin Bozorov unga belbogʻli kurash sirlarini puxta oʻrgatdi. Muntazam mashgʻulotlar, oʻz ustida tinimsiz ishlash oʻz samarasini berdi. Tuman, viloyat, mamlakat miqyosidagi turli musobaqalarda yuqori natijalarga erishdi.

2015 yilda oʻquvchi qizlar oʻrtasida oʻtkazilgan mamlakat chempionatida oʻz vazn toifasida gʻolib chiqib, 14 yoshida Oʻzbekiston chempioni boʻldi. Shundan keyin u har yili mamlakat chempionatlarida gʻalabani oʻzida saqlab keldi. Turli yoshdagi kurashchilar oʻrtasida 16 karra Oʻzbekiston chempionligini qoʻlga kiritdi.

Oʻtgan yili dekabr oyida Rossiya Federatsiyasining Qozon shahrida belbogʻli kurash boʻyicha oʻsmirlar oʻrtasidagi jahon chempionatida 57 kilogramm vazn toifasida Qozogʻiston, Moldaviya, Rossiya Federatsiyasi vakillaridan ustun kelib, jahon chempionligini qoʻlga kiritdi.

Belbogʻli kurashning murakkab usullarini zoʻr ishtiyoq bilan oʻrganishda davom etayotgan sportchi qizning orzulari bir olam.

– Men yurakka emas, aql va kattalarning maslahatu tavsiyalariga quloq tutib yashashga odatlanganman, – deydi sport ustasi Maftuna Mahmudova. – Chunki biz katta hayot oldida hali gʻoʻr, toblanmagan, tajribasizmiz. Hayotiy tajribaga ega, koʻpni koʻrgan ustoz-murabbiylar, ota-onalarimiz bizga faqat ezgulikni ravo koʻradi. Men ularning yoʻl-yoʻriqlariga amal qilib kam boʻlmadim. Maqsadim – bu yil oliy oʻquv yurtiga kirish va 2020 yilda Yaponiyada boʻlib oʻtadigan olimpiada yoʻllanmasini qoʻlga kiritish. Eng muhimi, oʻzbek qizlari sport sohasida hech kimdan kam emasliklarini dunyoga koʻrsatish.

Maftuna boʻsh vaqtini bekor oʻtkazmaydi. Kitob oʻqiydi, sheʼrlar mashq qiladi. Mahallasida, oʻzi tahsil olayotgan maktabda oʻtkaziladigan tadbirlarda faol ishtirok etadi.

Qalbida ertangi kunga qatʼiy ishonch mujassam yosh sportchi qiz kelgusida albatta oʻz maqsadlariga erishadi. Olimpiada chempioni boʻlib, yurtimiz shuhratiga shuhrat qoʻshadi.