Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Maqsadim – hamyurtlarimiz xorijga migrant bo‘lib emas, sayyoh sifatida borishsin!” - deydi quvasoylik tadbirkor Ixtiyor Usmonov
12:25 / 2024-08-05

Bugungi kunda Quvasoy shahridagi “Bunyodkor” yoshlar sanoat zonasi ko‘plab tadbirkorlarni bir joyda jamlagan. 10 gektar maydonda tashkil etilgan sanoat zonasida ayni paytda umumiy qiymati 18 million dollarga teng 13 ta loyiha amalga oshirilmoqda.

Ixtiyor Usmonov ham mana shu sanoat zonasida joylashgan “IDECO mebel” MCHJ rahbari. U rahbarlik qilayotgan korxonada ayni paytda 30 turdan ortiq yumshoq mebellar konveyer usulida ishlab chiqarilmoqda.  

– O‘zim 5 yil Rossiyada migrant sifatida mebellar fabrikasida ishlaganman,  - deydi Ixtiyor Usmonov. – Musofirchilikda yurganimda “Mana shunday ishlab chiqarishni yurtimizda ham qilsak bo‘ladi-ku”, degan fikr tinchlik bermasdi. Farg‘onaga qaytgach, 2015 yilda 4-5 kishi bilan ish boshladim. Biroz vaqt o‘tgach, ishchilarimni Moskvaga olib borib, o‘zim ishlagan mebel sexiga ishga joyladim. Ular shu tariqa ish o‘rganib, malaka hosil qilishdi. Dastlab bo‘sh turgan davlat ob’ektlarini ijaraga olib, foydalandik. Ishlovchilar soni 20 nafarga yetganda, viloyat hokimiga yer so‘rab, murojaat qildik. Viloyat hokimi yaqindan amaliy yordam ko‘rsatib, Quvasoy shahridagi “Bunyodkor” yoshlar sanoat zonasidan yer ajratib berdi. Bundan xursand bo‘lib, qurilishni boshlab yubordik. Mana, bugun ishchilarimiz soni 50 nafarga yetdi. Uskunalarni Xitoy va Turkiyadan olib kelganmiz. Tayyor mahsulotlarimizga buyurtmalar juda ko‘p. Ayni paytda mebel mahsulotlarini O‘zbekistonning barcha hududlariga yetkazib beryapmiz. Shuningdek, Tojikiston va Qirg‘iz Respublikasiga eksportni yo‘lga qo‘ydik. Bu yil Qozog‘iston, Turkmanistonga ham mahsulot chiqarish  harakatidamiz.  

[gallery-18586]

E’tiborlisi, korxona ishchilarining barchasi 30 yoshdan oshmagan yigitlar. Ularning 20 nafari ushbu korxonaga kelgunlariga qadar xorijda migrant sifatida ishlab yurgan yoshlar edi. Bugun esa ular oilasidan uzoqlashmagan holda xotirjam mehnat qilmoqda. Korxonada har bir ishchi oyiga 500 dollar miqdorida ish haqi olyapti. Korxona rahbarining ta’kidlashicha, yoshlarning oylik daromadini ming dollarga olib chiqish ko‘zda tutilgan.

– Niyatimiz fabrikani kengaytirish, – deya davom etadi I. Usmonov. – Kelgusida stol-stullar, yotoqxona jihozlari, ofis va oshxona mebellari ishlab chiqaramiz. Ana o‘shanda yana kamida yuz nafar  migratsiyada ishlab yurgan yoshlarni Vatanga qaytaramiz. Maqsadim – hamyurtlarimiz xorijga migrant bo‘lib emas, sayyoh sifatida borishsin! Joriy yil fevral oyida eng yaxshi mehnat qilayotgan 20 nafar ishchini korxona hisobidan Dubayga sayohatga jo‘natdik.  

– O‘zim Farg‘ona shahrida yashayman, yoshim 30 da, - deydi korxona ishchisi Olimjon Salimov. – To‘rt yildan buyon shu yerda ishlayapman. Oilaliman, bir nafar farzandim bor. Bu yerga kelishimdan avval Rossiyada ishlar edim. U yerda juda ko‘p qiyinchiliklarni boshimdan o‘tkazganman. Shukrki, hozir o‘z yurtimda, oilam bag‘ridaman. Mehnatimizga yarasha maoshimizni o‘z vaqtida olyapmiz. Bu yerda bizlar uchun  barcha sharoit yetarli.  

Korxona ish boshqaruvchisi Ro‘zmatjon Ahmedovning aytishicha, har bir ishchi-xodimning mehnati yil davomida ballik tizimda baholab boriladi. Yil yakunida esa eng yaxshi ishlagan xodimlar rag‘batlantiriladi. Buning mehnat unumdorligiga ta’siri katta bo‘lyapti.

Muqimjon QODIROV(surat),O‘zA