Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Maqsadi mushtarak yo‘l – uch davlat o‘rtasidagi mustahkam ishonch ko‘prigi bo‘lib xizmat qiladi
15:40 / 2021-02-08

Ma’lumki, davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev 2020 yilning 29 dekabr kuni Oliy majlisga yo‘llagan Murojaatnomasida "Markaziy Osiyoni Hind okeani bilan bog‘laydigan trans-afg‘on transport yo‘lagini barpo etish borasida so‘z yuritgan edi.

Yaqinda O‘zbekiston, Afg‘oniston va Pokiston davlatlari rasmiylari o‘rtasida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda “Mozori Sharif-Kobul-Peshovar” temir yo‘li qurilishi bo‘yicha qo‘shma harakatlar rejasi tasdiqlanib, bu bo‘yicha “yo‘l xaritasi” tuzildi.  

Uch tomonlama kelishuvning imzolanishi soha istiqboli sari tashlangan eng muhim qadamlardan biri bo‘ldi, desak aslo mubolag‘a bo‘lmaydi.

Aytish joizki, “Asr loyihasi” deb ta’riflanayotgan bu strategik jarayon shubhasiz, har uchala davlatlar o‘rtasida mustahkam do‘stlik, o‘zaro ishonch, cheksiz hurmat va iqtisodiy hamkorlikni yanada mustahkamlashga qaratilgani bilan ham ahamiyatlidir. Quvonarlisi, ilgari surilayotgan bu muhim tashabbus davlatlar o‘rtasida siyosiy, iqtisodiy, gumanitar sohalarni mustahkamlash bilan bir qatorda investitsiya va eksport salohiyatining yuksalishida o‘ziga xos zamin yaratadi.  

Bir so‘z bilan aytganda, bu strategik temiryo‘l qurilishi bizni eng avvalo Pokiston va Afg‘oniston bilan bog‘laydi. Azal-azaldan muqaddas dini bir bo‘lgan, urf-odat va an’analari o‘xshash har uch davlatning do‘stlik rishtalari aslida ishonch, bag‘rikenglik va tinchlik-totuvlik, hamjihatlikka asoslangan.  

Xo‘sh, mazkur dolzarb loyihaning iqtisodiy ahamiyati qanday? Bunyod etiladigan Mozori Sharif-Kobul-Peshovar temir yo‘lining qanday afzalliklari bor?  

Temiryo‘l transporti boshqa transport turlariga qaraganda arzon, qulay transport turi hisoblanadi. Shu bois, umumiy qiymati 4,8 milliard AQSH dollari deya baholanayotgan mazkur yangi loyiha asosida Mozori Sharif-Kobul-Peshovar temir yo‘li ishga tushirilgach, Markaziy Osiyo davlatlari qisqa vaqt ichida Afg‘oniston va Pokiston orqali dengiz portlariga chiqish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Bu esa temir yo‘l xarajatlarini 30-35 foizga kamaytirib, yuk tashish vaqtini o‘rtacha 15-16 kunga qisqartiradi. Bunda birinchi navbatda vaqt va mablag‘ sezilarli darajada tejaladi. Eksportyorlar va xorijiy investorlarning mushkuli oson, uzog‘i yaqin bo‘ladi. Transport yo‘lagining bunyod etilishi milliy iqtisodiyot va mintaqalararo savdoning rivoji bilan bir qatorda Afg‘oniston va Pokiston davlatlarining Markaziy Osiyo davlatlari, MDH, Sharqiy Yevropa bozorlariga chiqishi uchun imkoniyatlar eshigini ochib beradi. Temir yo‘llari ishga tushirilgach, unda 10 minglab yangi ish o‘rni yaratiladi.

Toshkent viloyatining eksport geografiyasiga nazar tashlaydigan bo‘lsak, unda jahonning yetakchi davlatlari bilan bir qatorda Afg‘oniston va Pokiston davlatlarining munosib o‘rin egallaganligini ko‘rish mumkin. bugungi kunda viloyatning investitsiya salohiyatini oshirishda har ikkala davlat investorlari bilan yaqin hamkorlik aloqalari keng yo‘lga qo‘yilgan va ular izchil davom ettirilmoqda. Masalan, bunga yaqqol misol sifatida Chinoz tumanida afg‘onistonlik investorlar bilan hamkorlikda ishga tushirilgan "SUPER GAZOBLOK" MCHJ gazoblok mahsulotlari ishlab chiqarish loyihasini aytib o‘tish mumkin. O‘zbekiston –Afg‘oniston hamkorligidagi umumiy qiymati 113 ming AQSH dollariga teng mazkur loyiha ishga tushirilgach, unda qurilishda ishlatiladigan sifatli va raqobatbardosh gazoblok mahsulotlari ishlab chiqarilmoqda. Natijada unda 20 nafar yurtdoshimizning bandligi ta’minlandi. Shuningdek, aholining daromad manbai ortib, byudjet va soliq tushumlari ko‘paydi.

Xususan, afg‘on investorlari bilan hamkorlikda qo‘l urilgan loyihalar qatoriga Piskent tumanidagi "TURON BIZNES LIMITED" MCHJ dorivor shafran yetishtirish loyihasi va yaqin kunlarda ish boshlash arafasida turgan Yangiyo‘l shahri, Ohangaron tumanidagi shu kabi ko‘plab yangi istiqbolli loyihalarni keltirib o‘tish mumkin.

Viloyat hududida Pokiston davlati bilan ham investitsiya va eksport aloqalari samarali yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, tez fursatlarda Ohangaron tumanida xorijiy investorlar bilan hamkorlikda yana bir yangi loyiha ish boshlaydi. Sanoat uchun aktiv oqartiruvchi bo‘yoqlarni ishlab chiqaruvchi "PAK MERIT BLEACHING CLAY "MCHJ O‘zbekiston-Pokiston qo‘shma korxonasi ishga tushirilgach, unda 98 ta yangi ish o‘rni yaratiladi.  

Har qanday islohot, amaliy ish, ko‘rilayotgan chora-tadbirlar, tuzilayotgan “yo‘l xarita”lari aholi turmushini yaxshilash, ularning bandligini ta’minlash, iqtisodiyotimizni rivojlantirishga xizmat qiladi. Zotan, mamlakat rivoji jamiyat tinch-xotirjamligi va foydali ish bilan mashg‘ul bo‘lishiga bog‘liq.

 

Jamshid Abdusalomov,

Toshkent viloyati hokimining

investitsiya masalalari bo‘yicha o‘rinbosari