Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Maqsadi aniqning manzili yaqin
14:02 / 2015-08-01

1-avgust kuni mamlakatimizdagi barcha oliy o‘quv yurtlarida test sinovlari bo‘lib o‘tdi

1-avgust kuni mamlakatimizdagi barcha oliy o‘quv yurtlarida test sinovlari bo‘lib o‘tdi

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazidan olingan ma’lumotlarga ko‘ra, joriy yilda mamlakatimiz oliy ta’lim muassasalariga 605 ming 836 abituriyent hujjat topshirgan. O‘tgan yili ushbu ko‘rsatkich 543 ming 131 nafarni tashkil etgan edi. Yoshlarning oliy ma’lumot olishga bo‘lgan ishtiyoqi muttasil kuchayib borayotgani mamlakatimiz ta’lim tizimida amalga oshirilayotgan izchil islohotlar, hech kimdan kam bo‘lmagan avlodni voyaga yetkazish borasidagi ezgu sa’y-harakatlar o‘z samarasini berayotganidan dalolatdir.

Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida inson omiliga ustuvor ahamiyat qaratish, xalqimiz salomatligini asrab-avaylash, uni yanada mustahkamlash, aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmat sifatini yuksaltirish masalalariga ustuvor ahamiyat qaratilmoqda.

Davlatimiz rahbarining 2014-yil 22-iyuldagi “Toshkent davlat stomatologiya institutini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori bu boradagi ezgu sa’y-harakatlarning izchil davomi bo‘ldi. Ushbu qaror asosida axborot-kommunikatsiya va ta’lim texnologiyalari o‘quv tizimiga keng joriy etilmoqda, bo‘lg‘usi stomatolog mutaxassislarning nazariy tayyorgarligi amaliy ko‘nikmalar bilan chambarchas bog‘langan holda olib borilishi ta’minlanmoqda.

Toshkent davlat stomatologiya institutida bu yil ilk bor abituriyentlar uchun test sinovlari o‘tkazildi.

Institut qabul komissiyasi mas’ul kotibi Afzal Akbarovning ta’kidlashicha, barcha joyda bo‘lgani kabi ushbu oliy o‘quv yurtida ham test jarayoniga qizg‘in tayyorgarlik ko‘rildi. Sinovlar o‘tkaziladigan auditoriyalar shay holatga keltirildi. Davlat test markazi tomonidan auditoriya kuzatuvchilari uchun o‘quv-uslubiy seminarlar tashkil etildi. Ayni paytda talaba bo‘lish istagidagi yoshlar uchun kimyo, biologiya, ona tili va adabiyot, rus tili kabi fanlar bo‘yicha konsultativ mashg‘ulotlar tashkil etildi. Bu yil institutga 2575 abituriyentdan ariza tushgan. Belgilangan rejaga ko‘ra, ularning 190 nafariga talabalik baxti nasib etadi.

Oliy o‘quv yurtlaridagi ta’lim jarayonini mazmunan boyitish, yuksak malakali mutaxassis kadrlar tayyorlash sifatini oshirish maqsadida barcha universitet va institutlar faoliyatini takomillashtirish yuzasidan tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Bu borada ko‘zlangan rejalarni moliyalashtirish uchun Oliy ta’lim muassasalarining moddiy-texnik bazasini rivojlantirish fondi tashkil etilgani, har yili davlat byudjetidan ayni shu yo‘nalishlarga katta hajmdagi mablag‘lar ajratilayotgani alohida e’tiborga loyiq.

15.JPG
Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda mehnat bozoridagi talabga ko‘ra yangi oliy ta’lim muassasalari tashkil etilib, ularda yoshlar o‘zlari qiziqqan yo‘nalish bo‘yicha mutaxassislikka ega bo‘lmoqda.

Davlatimiz rahbarining 2012-yil 10-dekabrdagi «Chet tillarni o‘rganish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaroriga muvofiq oliy o‘quv yurtlarida talabalarga xorijiy tillar, xususan, ingliz tili puxta o‘rgatilayotir.

Ta’lim muassasalari komputer va boshqa zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari bilan to‘liq jihozlangani bois ulardan foydalanish bo‘yicha professional ko‘nikmalarga ega yosh mutaxasislar kamolga yetmoqda. Bu yuqori malakali kadrlarni tayyorlash, barcha hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan jadal rivojlantirish, yangi ish o‘rinlari tashkil etish, xalqimiz turmush darajasi va sifatini yanada yuksaltirishda muhim omil bo‘lmoqda.

Mamlakatimizning jahon iqtisodiyotiga integratsiyalashuvining kuchayishi, yangi sanoat tarmoqlari ishga tushirilishi, ishlab chiqarishning modernizatsiyalashuvi turli sohalarda yetuk bilim va malakali, o‘z kasbining ustasi bo‘lgan ilg‘or mutaxassislarga talabni oshirmoqda. Mehnat bozoridagi mavjud ehtiyojdan kelib chiqqan holda, yuqori malakali mutaxassislar tayyorlashga ustuvor vazifa sifatida qaralmoqda. O‘quv-tarbiyaviy ishlar muttasil takomillashtirilib, jahon andozalari va zamon talablariga mos ta’lim standartlari amaliyotga joriy etilmoqda. Fan, ta’lim, ishlab chiqarishning o‘zaro integratsiyalashuvi ta’minlanayotgani yoshlarning bilim olishga intilishi tobora ortishiga, har yili ijtimoiy-iqtisodiy sohalar bo‘yicha yangi-yangi ixtisosliklar tashkil etilishiga turtki bermoqda.

Davlatimiz rahbarining joriy yil 23-iyundagi “2015/2016 o‘quv yilida O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim muassasalariga qabul to‘g‘risida”gi qarorida ham yurtimiz hududlari va iqtisodiyot tarmoqlarini yuqori malakali mutaxassislar bilan ta’minlash nazarda tutilgan.

Qarorda qayd etilganidek, bu yil mamlakatimizdagi 6 oliy o‘quv yurtida 7 yangi ta’lim yo‘nalishi ochildi. Endilikda Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti va Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat institutida “Korporativ boshqaruv”, Toshkent moliya institutida “Davlat byudjetining g‘azna ijrosi”, Toshkent davlat sharqshunoslik institutida “Filologiya va tillarni o‘qitish: xitoy tili”, “Sharq falsafasi va madaniyati”, Buxoro muhandislik-texnologiya institutida “Energoaudit va sanoat korxonalarining energetik tekshiruvi” ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha abituriyentlardan hujjatlar qabul qilindi.

– Mamlakatimiz iqtisodiyotining barqaror rivojlanishi turli yo‘nalishdagi sanoat korxonalarining samarali faoliyat yuritishiga keng imkoniyat yaratmoqda. Bu o‘z-o‘zidan ularda faoliyat yuritadigan malakali mutaxassislarga talabni keltirib chiqaradi, – deydi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Toshkent davlat texnika universiteti qabul komissiyasi mas’ul kotibi Farhod Umarov. – Shu sababdan ta’lim muassasamizda joriy o‘quv yilidan iqtisodiyotning turli tarmoqlarida faoliyat yuritayotgan korxona va tashkilotlar talab va taklifi asosida “Energoaudit va sanoat korxonalarining energetik tekshiruvi”, “Korporativ boshqaruv”, “Konchilik elektromexanikasi”, “Marksheyderlik ishi” kabi ta’lim yo‘nalishlari ochildi. Yangi bo‘lishiga qaramay, ushbu yo‘nalishlarda ta’lim olishga qiziquvchilar ko‘p. Bu bugungi yoshlar zamon talabini teran his etayotganidan, ular Vatanimiz taraqqiyotiga daxldorlik tuyg‘usi bilan yashayotganidan dalolatdir.

Bakalavriatning o‘ttizdan ortiq yo‘nalishida mutaxassislar tayyorlanayotgan ushbu universitetga joriy mavsumda 17 ming 238 abituriyent hujjat topshirgan.

– Elektr energiyasi iqtisodiyotni rivojlantirishda muhim resurslardan biridir, – deydi abituriyent Azim Ikromov. – Energiyani ishlatish hajmining yildan-yilga ortib borayotgani undan oqilona foydalanish zaruratini yuzaga keltirmoqda. Universitetda yangi ochilgan “Energoaudit va sanoat korxonalarining energetik tekshiruvi” yo‘nalishiga hujjat topshirdim. Test sinovlaridan muvaffaqiyatli o‘ta olsam, sohada yetuk mutaxassis bo‘lib, bu boradagi mavjud muammolar yechimiga o‘z hissamni qo‘shishga harakat qilaman.

Test sinovlari Toshkent arxitektura-qurilish institutida ham yuqori saviyada tashkil etildi. Institut xiyobonida ota-onalar uchun landshaft dizayni asosida barpo etilgan ko‘rkam maydoncha ta’lim dargohi va bu yerdagi ilmiy-ijodiy muhit haqida dastlabki tasavvurni beradi. Bu yerda barcha oliy o‘quv yurtlarida bo‘lgani kabi kuzatuvchilarning dam olishi, ovqatlanishi uchun maxsus joylar tashkil qilingan, salqin ichimliklar savdosi yo‘lga qo‘yilgan. Jamoat osoyishtaligini ta’minlash bo‘yicha ko‘rilgan chora-tadbirlar test sinovlarining samarali o‘tishiga zamin yaratdi.

– Mazkur oliy o‘quv yurtida test sinovlarini yuqori saviyada o‘tkazish uchun barcha imkoniyat yaratilganiga guvoh bo‘ldik, – deydi qashqadaryolik Zebiniso Nabiyeva. – Bu nafaqat test imtihonini topshirayotgan yigit-qizlarga, balki ularning ota-onalari va yaqinlari uchun ham qulaylik yaratmoqda. Ayniqsa, olis viloyatlardan kelganlarga yaratilgan sharoitlardan ko‘nglimiz tog‘dek ko‘tarildi. Bularning barchasi mamlakatimiz kelajagi uchun muhim bo‘lgan test jarayoniga har tomonlama puxta tayyorgarlik ko‘rilganidan dalolat beradi.

– Nabiram Shahnoza yoshligidan binolar arxitekturasi va dizaynini chizishga, maketlarini yasashga qiziqardi, – deydi poytaxtlik Nodira Qayumova. – Kollejni tamomlagach, shu ta’lim muassasasiga hujjat toptirishga qaror qildi. «Qiz bolaga arxitektor bo‘lishni kim qo‘yibdi?» deganlar ham bo‘ldi. Biroq biz uning o‘z qiziqishidan kelib chiqib, tanlagan bu qarorini qo‘llab-quvvatladik. Negaki, o‘zi tanlagan kasbga mehri yuqori bo‘lgan talabadan kelajakda malakali mutaxassis yetishib chiqadi.

Bu yil test sinovlarini o‘tkazishda o‘ziga xos yangiliklarga qo‘l urildi. Sohadagi xalqaro tajriba, mutaxassislar va aholining taklif hamda tavsiyalari asosida abituriyentlarning test materiallari bilan ishlashlari, imtihon paytidagi rasmiylashtirish jarayoni ancha soddalashtirildi.

“O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim muassasalarining bakalavriatiga talabalar qabul qilishda test sinovlarini o‘tkazish tartibi to‘g‘risida”gi nizomga kiritilgan o‘zgartirishlar asosida bu yilgi test sinovlarida abituriyentlarga yangi ko‘rinishdagi javoblar varaqasi tarqatildi. Shu paytga qadar ishlatib kelingan javoblar varaqasini to‘ldirish, abituriyentlar tomonidan kodlarni xato bo‘yash, javoblarni bo‘yashda fan bloklari va javoblar raqamlarini almashtirib qo‘yish holatlari ko‘p uchrar edi. Shu bois bu yil javoblar varaqasida avval mavjud bo‘lgan “Oliy ta’lim muassasasi kodi”, “Tanlov kodi” haqidagi ma’lumotlar chiqarib tashlanib, faqat “Maxsus kod”ni kiritish qoldirildi. Abituriyent haqidagi ma’lumotlarni kiritish va imzo o‘rni javob bo‘yaladigan doirachalar bilan bitta betga, ogohlantiruvchi yozuvlar esa ikkinchi betga joylashtirildi. Bu bilan yigit-qizlarni murakkab vaziyatlarga solib qo‘yadigan holatlarning oldi olindi, javoblar varaqasini rasmiylashtirishda kam vaqt sarflanishiga erishildi.

Yana bir o‘zgarish javoblar varaqasida fan nomlari olib tashlanib, savollarga javoblar belgilanadigan doirachalar 1 dan 108 gacha bo‘lgan ketma-ket sonlar bilan raqamlanganidir. Ya’ni, uchta fandan test sinovi topshiradiganlarning birinchi fan savollari 1 dan 36 gacha, ikkinchi fan savollari 37 dan 72 gacha, uchinchi fan savollari 73 dan 108 gacha sonlar shaklida keltirildi. Bular javoblar varaqasi va savollar kitobidagi raqamlar birxilligini ta’minlab, abituriyentlarning test materiallari bilan ishlashini osonlashtirdi, fan bloklarini almashtirib bo‘yash kabi xatolarga yo‘l qo‘yish ehtimoli kamaydi.

Mazkur yangiliklarni abituriyentlar va ota-onalarga yetkazish maqsadida Davlat test markazi xodimlari, olimlar, tajribali pedagoglar tomonidan oliy o‘quv yurtlarida keng ko‘lamli tushuntirish ishlari olib borildi. Yoshlar uchun yetakchi mutaxassislar ishtirokida o‘quv-konsultativ mashg‘ulotlar, qo‘shimcha darslar tashkil etildi. Markaz xodimlari tomonidan test sinovlarining tartibli, yuqori saviyada, belgilangan talab va me’yorlarga rioya etgan holda o‘tkazilishini ta’minlash yuzasidan zarur chora-tadbirlar ko‘rildi. Belgilangan bino va auditoriyalar kerakli jihoz va uskunalar, o‘quv vositalari bilan ta’minlanib, shay holatga keltirildi. Fanlar bo‘yicha test topshiriqlari shakllantirildi va yuqori malakali mutaxassislar tomonidan ekspertizadan o‘tkazildi.

Sirdaryolik Aziza Nasriddinova sharafli va mas’uliyati kasblardan biri – o‘qituvchi bo‘lish orzusida Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universitetining matematika fakultetiga hujjat topshirdi.

Mamlakatimizda navqiron avlodni yuksak insoniy fazilatlar ruhida tarbiyalash, ular qalbi va ongini milliy hayot tarzimizga zid zararli ta’sirlardan himoyalashga qodir yuksak ijodiy-intellektual salohiyatli, fidoyi, izlanuvchan va tashabbuskor pedagog kadrlarni tayyorlashga, ular mehnatini qadrlash, har jihatdan qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu xalqimizda o‘qituvchilik kasbiga bo‘lgan hurmat-ehtirom, yoshlarda ushbu kasbni egallashga bo‘lgan ishtiyoq yanada kuchayishiga xizmat qilmoqda.

– Prezidentimiz tomonidan o‘qituvchilik kasbining mavqeini tobora yuksaltirish masalasi doimiy e’tiborda bo‘lib kelmoqda, – deydi Aziza. – Ushbu kasb sirlarini mukammal egallash uchun mamlakatimizda yetarli imkoniyat va sharoit mavjud. O‘qituvchilik kasbini puxta egallab, qishlog‘imizdagi maktabda bolalarga ta’lim-tarbiya berishni maqsad qilganman. Test sinovlariga puxta hozirlik ko‘rdim. Nasib bo‘lsa, albatta, talaba bo‘laman. Maqsadi aniqning manzili yaqin, deb bejiz aytilmagan.

...Ha, yoshlarimiz bugun Vatanimiz ravnaqi, xalqimiz farovonligiga hissa qo‘shishdek ezgu maqsadlar bilan yashamoqda. Minglab yigit-qizlarning kelajakda yetuk mutaxassis bo‘lishni niyat qilib, test sinovlarida ishtirok etgani buning yorqin isbotidir.