French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Maqsadga erishishning kaliti mehnat, sabr va izlanishda
18:45 / 2021-08-11

Olimlik — oliy rutba, ammo unga erishish sizu biz o‘ylagandek oson ishmas. Shu bois ham ilm-fan bilan shug‘ullanib, olimlik darajasiga yetishni igna bilan quduq qazishga mengzashadi. Bu bejiz emas. Ilm-fanning noma’lum, yangidan-yangi nuqtalarini tadqiq etish, ma’lum bir sohada yangilik yaratish insondan katta mehnat, yuqori salohiyat hamda sabr-matonatni talab etadi.

So‘nggi yillarda mamlakatimizda ilm-fanni rivojlantirish, ilm fidoyilari, ayniqsa, yosh olimlarni qo‘llab-quvvatlash, ularga o‘z salohiyatini to‘laqonli namoyon etishi uchun keng imkoniyatlar yaratishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev davlat rahbari sifatida faoliyat boshlaganidan keyin, avvalo, respublikamiz ilmiy jamoatchiligi, akademiklar, professor-olimlar bilan uchrashgani bejiz emas. Uchrashuvda respublikamiz ilm-fani, ta’lim tizimining bugungi holati va ertangi kelajagi bilan bog‘liq bir qator masalalar ko‘tarilgan edi. 

Zero, zamonaviy taraqqiyot tendensiyasi shuni ko‘rsatmoqdaki, ilm-fansiz yuqori marralarga erishib bo‘lmaydi. Mamlakatning yanada taraqqiy etishi uchun yuqori salohiyatli, yurt ravnaqi uchun mas’uliyatni o‘z zimmasiga oladigan yosh olimlarni tarbiyalash, ularning kasbiy, ijodiy va xizmat sohalarida o‘sishi uchun shart-sharoitlar yaratish, olib borayotgan tadqiqot ishlarining amaliyotga joriy etilishini ta’minlash muhim ahamiyatga ega.

bugungi kunda sohaga qaratilayotgan e’tibor natijasida olimlar safi, ayniqsa, yosh olimlar soni ortib bormoqda. O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya universitetiParalipiya fakulteti dekani, pedagogika fanlari doktori (DSc), professor, Turon Fanlar Akademiyasining akademigi Soyibjon Tajibayev ham ana shunday serg‘ayrat, o‘z ustida ishlashdan, izlanishdan charchamaydigan yosh olimlardan biridir. Namangan viloyati Chust tumanida oddiy ishchi oilasida dunyoga kelgan, endigina 35 yoshni qarshilayotgan yosh olim professor darajasiga yetgunga qadar ilmning, hayotning eng mashaqqatli yo‘lini bosib o‘tdi, og‘ir damlarni boshidan kechirdi.

– Toshkent shahriga 2007 yilda O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya universitetiga magistraturaga kirganimdan keyin kelganman. 2007 yildan 2017 yilga qadar hayotim sinovli va og‘ir mashaqqatlar bilan kechdi, desam mubolag‘a bo‘lmaydi, – deydi Soyibjon Tajibayev. – Viloyatdan Toshkent shahriga kelib yashab, ilmiy izlanishlar olib borgan har bir inson yaxshi biladiki, o‘sha paytda shaharda doimiy ro‘yxatga o‘tish (propiska) muammosi sabab erkin yashab, ijod qilish uchun imkoniyatlar birmuncha cheklangan edi. Har 6 oyda vaqtinchalik ro‘yxatdan o‘tish masalasi fikr-u xayolimni band etib turardi. 

O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi bo‘lsamda, ko‘cha-ko‘yda militsiya xodimlaridan qochib yurar edim. Sababi, ushlab olishsa, jarima solishar, jinoyatchi bilan gaplashgandek muomala qilishar edi. Bir tomonda esa O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya institutida o‘qituvchi lavozimida ishlab, bor yo‘g‘i oladigan 800 ming so‘m oyligim ijaraga to‘lashga, yashashga yetmasdi. Shu sababli ijara haqqi 400 ming so‘m bo‘lgan oilaviy yotoqxonada yashashga majbur edim. Ammo shunda ham bu oylik bilan qaysi olim ilmiy yangilik qilishi mumkinligi kulgili holat.

2010 yilda aspiranturaga kirib, pedagogika fanlari nomzodi dissertatsiya ishimni boshladim. O‘zR OAK tomonidan qo‘yilgan barcha talablarni 2011 yilning oxiriga borib bajarib bo‘lgan edim. Lekin hukumat tomonidan qabul qilingan qarorga asosan dissertatsiyalarni himoya qilish DSc,ya’ni bir tizimga o‘tkazildi. Sohamiz bo‘yicha olib borilayotgan ilmiy ishlar deyarli 95 foizi tashlab qo‘yildi. Lekin men ishimni davom ettirishim kerak edi. Chunki ota-onamga va qishlog‘imdagi yaqinlarimga dissertatsiya himoya qilaman, deb so‘z berib kelgan edim. Maqsadimga erishmasdan ortga qaytish esa men uchun o‘lim bilan barobar edi.

O‘zR OAK tomonidan DSc dissertatsiya ishlariga qo‘yilgan barcha talablarni 2016 yilning ohiriga borib bajarib bo‘lib, Ilmiy Kengashqoshidagi ilmiy seminardan o‘tdim. Yurtimizda har bir sohada amalga oshirila boshlangan yangilik va o‘zgarishlar mening hayotimda ham o‘z ifodasini topa boshladi – 2017 yildan hayotimda keskin o‘zgarishlar bo‘la boshladi. Prezident qaroriga asosan Toshkent shahridan doimiy ro‘yxatdan o‘tdim. Eng quvonarlisi, Toshkent shahar Sergeli tumanidan 20 yilga Itopeka kreditiga 2 xonali uy olish baxti nasib qildi. 

Yangi uyga ko‘chib borib yashash baxtini, qalbimdan o‘tgan tuyg‘ularni so‘z bilan ifodalab bo‘lmaydi. Yana shu yilda “Yosh bokschilarni tayyorlash tizimida harakatli o‘yinlarni qo‘llash metodikasi” mavzusidagi dissertatsiya ishimni himoya qilib, Jismoniy tarbiya va sport mashg‘ulotlari nazariyasi va metodikasi ixtisosligi bo‘yicha pedagogika fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasiga, 2017 yil 28 sentyabrda esa dotsent ilmiy unvoniga ega bo‘ldim. 2018 yil 23 fevralda Turon Fanlar Akademiyasining akademigi ilmiy unvoni diplomi berildi.

2019 yilda Prezidentimiz qarori bilan o‘qituvchilar uchun imtiyozli berilgan Neksiya-3 avtomabili oldim. 2019 yilda “O‘smir yakkakurashchi–larning kompleks tayyorgarligida harakatli o‘yinlarni qo‘llash metodikasini ilmiy-pedagogik asoslash” mavzusida Jismoniy tarbiya va sport mashg‘ulotlari nazariyasi va metodikasi ixtisosligi bo‘yicha doktorlik dissertatsiyamni himoya qilib, pedagogika fanlari doktori (DSc) ilmiy darajasiga, 2020 yil 31 dekabrdaesa professor ilmiy unvoniga erishdim. Hozirgi vaqtda fan doktorligimga 60 foiz ustama haqqi bilan 14 million so‘m oylik olaman.

Albatta, qisqa muddatda ushbu ketma-ket marralarga erishish o‘z-o‘zidan bo‘lgan yo‘q. Avvalo, Prezidentimiz tomonidan ilm ahliga, ta’lim va sport sohasiga qaratilayotgan e’tibor natijasi bu. Qolaversa, buning uchun tinimsiz izlanib, soatlab, hatto kun davomida universitetda, Yakkakurash turlariga ixtisoslashtirilgan bolalar-o‘smirlar sport maktablarida va Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasida o‘tirib, qanchadan-qancha adabiyotlarni, kitoblarni titkilardim. Milliy kutubxonaga kunda-kunora qatnab, kechgacha qolib ketganimdan kutubxonachilar ham tanib qolishgandi, – deydi olim.

Darhaqiqat, olimlik orzusidagi insonning kuni ham, tuni ham ilm og‘ushida bedor o‘tadi. Bu bedorlik, bezovtalik, tinib-tinchimaslik bir kun kelib, albatta, o‘z mevasini berishi aniq. Soyibjon Tajibayev ham igna bilan quduq qazishdek mushkul ish — olimlik ilinjida izlanishdan, harakatdan to‘xtamagani, hayot so‘qmoqlarida yiqilsa ham, qoqilsa ham maqsadi sari olg‘a intilishdan charchamagani natijasida bugun yosh olim degan unvonga sazovor bo‘ldi. U nafaqat yosh olim, balki serg‘ayrat inson, bilimdon, tashabbuskor, yetakchi mutaxassis sifatida ham o‘z o‘rniga ega, qator marralarga erishgan.

Jumladan, 2015 yilda“Oliy ta’lim muassasasining eng yaxshi pedagogi” respublika ko‘rik-tanlovida Xizmat ko‘rsatish sohasi bo‘yicha “Eng yaxshi pedagog-tadqiqotchi” nominatsiyasi g‘olibi, 2016 yilda “Yilning eng faol yosh mutaxassisi” tanlovining “Eng faol yosh olim” nominatsiyasi bo‘yicha II o‘rin sovrindori, “Yilning eng yaxshi darsligi va o‘quv adabiyoti muallifi – 2016” respublika tanlovida “Bokschilarning sport-pedagogik mahoratini oshirish” elektron multimedia darsligi bilan ishtirok etib I darajali diplom bilan taqdirlangan. 2019 yilda Xalqaro “Elsevier” kompaniyasi va O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi hamkorligida o‘tkazilgan “Scopus Award – 2019” tanlovida “Best Scopus Journey” nominatsiyasi bo‘yicha mukofotlangan.

Bundan tashqari, Soyibjon Tajibayev tashabbuskorligi, tashkilotchiligi bois O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetining “Yosh olimlar Kengashi” raisi, oliygohning “SKUF” sport klubi rais o‘rinbosari, universitet huzuridagi ilmiy darajalar beruvchi DSc.03/30.12.2019.Ped 28.01.raqamli ilmiy kengash va Ilmiy darajalar beruvchi ilmiy kengash qoshidagi ilmiy seminar a’zosi, Milliy Olimpiya qo‘mitasi huzurida tashkil etilgan ilmiy kompleks guruhda taekvondo va karate sport turlari bo‘yicha rahbari hisoblanadi. 

Uning rahbarligida O‘zbekiston taekvondo milliy terma jamoasi 2019 yil 28-30 sentyabr kunlari Rossiya Federatsiyasida o‘tkazilgan “RUSSIAN OPEN” xalqaro turnirida ishtirok etib, 5 ta oltin, 2 ta kumush medallarni qo‘lga kiritib, umumjamoa hisobida faxrli I o‘rinni egallagan. Shuningdek, yosh olim 2019 yildan Petrovskiy fan va madaniyat akademiyasining(Rossiya Federatsiyasi) muxbir-a’zosi,“Psychology (PSYCH)” (Xitoy), “Eurasian journal of sport science” (O‘zbekiston), European Journal of Research and Reflection in Educational Sciences (EJRRES) (Buyuk Britaniya), “Molodoy uchenыy” (Rossiya Federatsiyasi) va “Fan-sportga” (O‘zbekiston) jurnallarining tahrir hay’ati a’zosi hisoblanadi.

O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligining “Ilmiy faoliyatga oid davlat dasturlari doirasida 2021 yilda bajariladigan amaliy loyihalar” tanlovida Soyibjon Tajibayev va shogirdlarining “Qishki sport turlarida sportchilarning harakat tayyorgarligini nazorat qilish va baholash uchun 3d vebportalini yaratish”loyihasi g‘olib bo‘ldi. Loyihaning umumiy moliyaviy hajmi 1 milliard so‘mni tashkil etib, 2 yil davomida amal qiladi.

Bundan tashqari, olim “Boksni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident qarori loyihasi, “O‘zbekiston Respublikasida jismoniy tarbiya va sportni yanada takomillashtirish va ommalashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident farmoni loyihasini tayyorlash jarayonlarida faol ishtirok etgan.

– Bugun yurtimizda davlatimiz rahbari boshchiligida yuksak ma’naviyatli, mustaqil va erkin fikrlaydigan, zamonaviy ilm-fan yutuqlarini puxta o‘zlashtirgan, har tomonlama sog‘lom va barkamol avlodni tarbiyalash va qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan davlat siyosati izchil amalga oshirilmoqda, yoshlarga keng imkoniyat va shart-sharoitlar yaratilmoqda, – deydi Soyibjon Tajibayev. 

– Bu imkoniyatlardan unumli foydalangan yigit-qizlar kam bo‘layotgani yo‘q. Ammo, afsuski, ilm-fan yo‘liga kirmoqchi bo‘lgan ayrim yoshlarga biror kitobni o‘qish yoki boshqa biror vazifani bersangiz, shu bilan yo‘qolib qoladi — o‘z ustida ishlashni, o‘qib-izlanishni xohlamaydi. Bundaylarga doim motivatsiya berishga, to‘g‘ri yo‘l-yo‘riq ko‘rsatishga harakat qilaman. 

Zero, yurtimiz ravnaqi, ertasi uchun biz mas’ulmiz, Vatanimiz oldida burch va vazifalarimiz bisyor. Bugun yurtimizda yaratilayotgan imkoniyatlardan oqilona foydalangan holda zimmamizdagi burchimizga munosib harakat qilmog‘imiz lozim.

Darhaqiqat, yosh olimning yutuq va muvaffaqiyatlari, hayot qiyinchiliklarini yengib, ulkan marralarni zabt etayotgani har bir yigit-qizga namuna, o‘rnak bo‘lishga arziydi. Soyibjon bilan suhbatlashar ekanmiz, undagi tirishqoqlik, harakatchanlik, shijoat va sabr-matonat yosh olimga bundanda yuqori, yuksak manzillar sari yo‘l ochishiga amin bo‘ldik.

Muhtarama Komilova, O‘zA