French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Maqsad — zamonaviy san’atning yaxlit manzarasini yaratish
18:45 / 2026-02-26

Jizzax shahrida O‘zbekiston Badiiy akademiyasi huzuridagi O‘zbekiston Badiiy ijodkorlar uyushmasi Jizzax viloyat bo‘limi tashabbusi bilan “Nuqtalar tutashganda” nomli jamoaviy ko‘rgazma ochildi. Mazkur madaniy tadbir viloyat ijodkorlarining rang va tafakkur uyg‘unligini namoyon etgan, san’at va ruhiyat bir nuqtada tutashgan ma’rifiy anjumanga aylandi.

Ko‘rgazmada jizzaxlik mahoratli rassomlar — Aziz Karimov, Shokir Usmonov, Bekzod Abdullayev, Abduvahob Umarov, Mansur Berdiqulov va Farruh Qahramonovning 80 dan ortiq sara asarlari namoyish etildi. Manzara, natyurmort va portretlar realizm hamda modern uslublarida yaratilgan bo‘lib, grafika va miniatyura namunalari bilan boyitilgan.  

Ko‘rgazmaning ilk kuni 300 nafardan ortiq Jizzax davlat pedagogika universiteti talabalari, musiqa va san’at maktablari hamda umumta’lim muassasalari o‘quvchilari, keng jamoatchilik vakillari tashrif buyurdi. Tadbirda viloyat hokimi o‘rinbosari Sardor Shukurullayev ishtirok etdi.

[gallery-27882]

— “Nuqtalar tutashganda” g‘oyasi bejiz tanlanmadi. Har bir ijodkor — mustaqil bir olam, o‘z qarashi va ruhiy qiyofasiga ega nuqtadir. Biz ana shu nuqtalarni bir chiziqqa birlashtirib, Jizzax zamonaviy san’atining yaxlit manzarasini yaratishni maqsad qildik. Bu ko‘rgazma — avlodlar, uslublar va qarashlar muloqotidir. Eng muhimi, bu yerda san’at tomoshabin bilan yuzma-yuz suhbatga kirishmoqda, — deydi Abdurahmon Karimov.

Tadbir doirasida art-talk, mualliflik ekskursiyalari, Jizzax san’at maktabining shakllanish tarixi va bugungi rivojlanish tendensiyalariga bag‘ishlangan taqdimotlar o‘tkazildi. Bu esa ko‘rgazmani shunchaki ekspozitsiya emas, balki jonli ijodiy muloqot maydoniga aylantirdi.

So‘nggi yillarda mamlakatimizda tasviriy va amaliy san’atni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan islohotlar izchil amalga oshirilmoqda. Xususan, Prezidentimizning 2020-yil 21-apreldagi “Tasviriy va amaliy san’at sohasini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori soha taraqqiyotida yangi bosqichni boshlab berdi. Unda ijodkorlarni qo‘llab-quvvatlash, moddiy-texnik bazani mustahkamlash, yosh rassomlarni rag‘batlantirish va hududlarda ko‘rgazmalar faoliyatini kengaytirish vazifalari belgilab berilgan. Jizzaxda o‘tkazilayotgan ana shunday ko‘rgazmalar mazkur qaror ijrosining amaliy ifodasidir.

Ko‘rgazma joriy yilning 20-martiga qadar davom etadi.

A. Qayumov, J. Yorbekov (surat), O‘zA