Maqsad – yozgi Olimpiadada g‘olib bo‘lish
2014-yil og‘ir atletika bo‘yicha jahon chempionatida milliy terma jamoamiz a’zolari 2016-yili Rio-de-Janeyro shahri (Braziliya) mezbonlik qiladigan XXXI yozgi Olimpiya o‘yinlariga jami 8 yo‘llanmani qo‘lga kiritdi.
2014-yil og‘ir atletika bo‘yicha jahon chempionatida milliy terma jamoamiz a’zolari 2016-yili Rio-de-Janeyro shahri (Braziliya) mezbonlik qiladigan XXXI yozgi Olimpiya o‘yinlariga jami 8 yo‘llanmani qo‘lga kiritdi.
Atletlarimizning bu yutug‘i zamirida mamlakatimizda Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida Olimpiya o‘yinlari dasturiga kiritilgan sport turlari, jumladan, og‘ir atletikani rivojlantirishga qaratilayotgan doimiy e’tibor va g‘amxo‘rlik mujassam.
– Yurtimizda og‘ir atletika bilan shug‘ullanish uchun barcha shart-sharoit yaratilgan, – deydi O‘zbekiston terma jamoasi bosh murabbiyi Bahrom Abdumalikov. – Ushbu sport turi bilan mamlakatimizda 5 mingdan ziyod o‘g‘il-qiz muntazam shug‘ullanmoqda. Ayniqsa, Respublika olimpiya zaxiralari kolleji og‘ir atletika bo‘limi terma jamoamizga munosib sportchilarni yetkazib beruvchi maktablardan biri hisoblanadi. Xalqaro maydonlarda yuqori natijalarga erishib kelayotgan To‘lagan Uzoqboyev, G‘olib Nig‘matullayev, Xurshid Qayumov kabi yosh mahoratli sportchilar ushbu maskan tarbiyalanuvchilaridir.
Davlatimiz rahbarining 2013-yil 25-fevraldagi “O‘zbekiston sportchilarini 2016-yilda Rio-de-Janeyro shahrida (Braziliya) bo‘lib o‘tadigan XXXI yozgi Olimpiya va XV Paralimpiya o‘yinlariga tayyorlash to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq O‘zbekiston og‘ir atletika federatsiyasi tomonidan sportchilarimizning zamonaviy me’yorlar asosida o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlarini o‘tkazishi, xalqaro musobaqalarga puxta tayyorgarlik ko‘rishi va ularda munosib ishtirok etishi uchun qulay sharoitlar yaratilmoqda.
Buning samarasida atletlarimizning xalqaro maydonlarda erishayotgan yutuqlari salmog‘i tobora ortib bormoqda. Jumladan, 2014-yilgi sport mavsumida og‘ir atletikachilarimiz jahon va qit’a chempionatlarida, Osiyo o‘yinlari va o‘smirlar Olimpiadasida munosib ishtirok etdi.
O‘tgan yili mart oyida Tailandda o‘tkazilgan yoshlar o‘rtasidagi Osiyo chempionatida atletlarimiz 3 oltin, 1 kumush, 6 bronza medalga sazovor bo‘ldi. 19-sentabr – 4-oktabr kunlari Janubiy Koreyaning Incheon shahri mezbonlik qilgan XVII Osiyo o‘yinlarida Mahliyo Tog‘ayeva, Ulug‘bek Alimov va Sardor Do‘stmurodov o‘z vazn toifasida bronza medal bilan taqdirlandi. Daniya poytaxti Kopengagen shahrida tashkil etilgan faxriylar o‘rtasidagi jahon chempionatida munosib ishtirok etgan hamyurtimiz Vyacheslav Bryuxov 3 oltin medalni qo‘lga kiritdi.
Mamlakatimizda so‘nggi yillarda ko‘plab nufuzli sport musobaqalari yuqori saviyada tashkil etilmoqda. Bu jihatlarni inobatga olgan Xalqaro og‘ir atletika federatsiyasi 2014-yilning so‘nggi yirik musobaqasi bo‘lgan Osiyo kubogi va I Afro-Osiyo chempionatini Toshkentda o‘tkazdi.
Mazkur musobaqalarda atletlarimizdan Doston Yoqubov, Azamat Sharipov, Azimjon G‘aniyev, Komila Abdullayeva, Lola Qodirova va Farangiz Shomurodova 3 tadan oltin medal bilan taqdirlangan bo‘lsa, Shodilbek Ergashev, Muhammad Begaliyev, Sardor Do‘stmurodov, Davron Kenjayev, Avez Idiyev, Zufar Qodirov, Ro‘zimurod Aslanov, Shahzod Xudoyberganov, Sunnatillo Shokirjonov, Marina Sisoyeva, Manzura Mamasoliyeva, Gulnoza Ahmadova, Dina Tojiyeva o‘z vazn toifasida g‘olib va sovrindorlar qatoridan joy oldi.
O‘zbekiston og‘ir atletika federatsiyasi tomonidan yosh iqtidor egalarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, xalqaro miqyosdagi musobaqalarda Vatanimiz sharafini himoya qiladigan mohir sportchilarni tarbiyalashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Buning samarasida nufuzli musobaqalarda yuqori natijalarga erishayotgan yoshlarimiz safi tobora kengaymoqda.
Masalan, 2014-yili Xitoyning Nankin shahrida o‘tgan II o‘smirlar Olimpiadasida Farhodbek Sobirov va Adhamjon Ergashev o‘z vazn toifasida kumush va bronza medal bilan taqdirlandi.
Bular atletlarimizning 2014-yilgi sport mavsumida o‘z oldiga qo‘ygan yuksak marralarga erishganidan dalolatdir. Joriy yil ham sportchilarimiz uchun yanada mas’uliyatlidir.
– Bu yil Tailandda o‘tkaziladigan Osiyo chempionati va AQShda tashkil etiladigan jahon chempionatida ishtirok etib, yuqori natijalarga erishishni maqsad qilganmiz, – deydi terma jamoamiz a’zosi Ruslan Nurudinov. – Mazkur chempionatlar biz uchun 2016-yilda Braziliyada bo‘lib o‘tadigan XXXI yozgi Olimpiya o‘yinlariga muhim tayyorgarlik vazifasini o‘taydi. Niyatimiz – Olimpiadada munosib ishtirok etib, yurtimiz bayrog‘ini yanada yuksaltirishdir.