“Milliy armiyamiz — Yangi O‘zbekistonning mustahkam qalqonidir!” shiori ostida o‘tkazilgan “Harbiy qismda bir kun” loyihasi yoshlar qalbida Vatanga muhabbat va sadoqat tuyg‘ularini yanada mustahkamlashga xizmat qildi.
Yosh avlodni harbiy vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ular qalbida “Vatan himoyasi — muqaddas burch” degan ulug‘ tushunchani qaror toptirish bugungi kunning ustuvor vazifalaridan biridir. Shu maqsadda O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi viloyat kengashi tashabbusi bilan Sharof Rashidov tumanidagi “N” harbiy qism, O‘zbekiston Bolalar tashkiloti viloyat bo‘limi, Harbiy prokuratura hamda viloyat faxriylar kengashi hamkorligida keng qamrovli ma’rifiy-amaliy tadbir tashkil etildi. Unda umumta’lim maktablari o‘quvchilari, bolalar harakati yetakchilari, mahalla sardorlari ishtirok etishdi.
Loyiha doirasida 60 dan ortiq yosh harbiylar muhitni yaqindan his etish imkoniga ega bo‘ldi. Ularga harbiy liboslar topshirilib, bir kun davomida Qurolli Kuchlarimizda amalga oshirilayotgan izchil islohotlar, jangovar tayyorgarlik jarayonlari, sarhadlar daxlsizligini ta’minlash borasidagi vazifalar haqida atroflicha ma’lumot berildi. Bu esa yoshlar ongida armiya — tinchlik va barqarorlik posboni ekani haqidagi tushunchani yanada mustahkamladi.
[gallery-27817]
Tadbir saf maydonida boshlandi. Yoshlar harbiy intizom va jamoaviy hamjihatlik timsoli bo‘lgan ushbu maskanning ahamiyati bilan yaqindan tanishdilar. Keyin esa qurol-aslaha va harbiy anjomlar namoyishi tashkil etildi. Merganlik mashqlari, sportning texnik va amaliy turlari bo‘yicha o‘tkazilgan sinovlar ishtirokchilarda katta qiziqish uyg‘otib, ularning jasorat va chidamlilik salohiyatini sinab ko‘rish imkonini berdi.
Harbiy qism o‘quv binolarida yaratilgan shart-sharoitlar, zamonaviy ta’lim tizimi va harbiy xizmatchilarning yutuqlari haqidagi ma’lumotlar yoshlarda milliy armiyamiz qudratiga nisbatan iftixor tuyg‘usini yanada kuchaytirdi. Ular jangovar va taktik mashg‘ulotlarni kuzatar ekan, harbiylik kasbi nafaqat yuksak mas’uliyat, balki beqiyos sharaf ekanini teran angladilar.
Tadbir yakunida O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi viloyat kengashining harbiy bo‘lim boshlig‘i podpolkovnik Rahmonjon Ochilov yoshlar bilan qizg‘in muloqot qildi.
— Bugungi uchrashuvlardan ko‘zlangan asosiy maqsad — yoshlar bilan armiya o‘rtasidagi ma’naviy ko‘prikni mustahkamlash, — dedi u. — Oliy harbiy bilim yurtlarida yaratilgan zamonaviy shart-sharoitlar yurt himoyasiga bel bog‘lagan yigit-qizlar uchun keng imkoniyatlar eshigini ochmoqda. Harbiylik — bu shunchaki kasb emas, balki Vatan taqdiri uchun mas’uliyatni zimmaga olish demakdir. Yoshlarimiz qalbida shunday yuksak tuyg‘u qaror topsa, xalq va armiya yakdilligi yanada mustahkamlanadi.
Qizg‘in savol-javoblarga boy o‘tgan tadbirda jami 65 nafar yosh qamrab olindi. “Harbiy qismda bir kun” loyihasi bir kunlik taassurot bilan cheklanib qolmadi — u yoshlar qalbida vatanparvarlik, fidoyilik va iftixor tuyg‘ularini uyg‘otgan hayotiy saboqqa aylandi.
Zero, milliy armiya — yurt tinchligi posboni, yoshlar uchun esa jasorat va matonat maktabidir.
A. Qayumov, J. Yorbekov (surat), O‘zA muxbirlari