Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Maqsad – yong‘inlarning oldini olish
21:30 / 2025-07-03

O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi huzuridagi Muhofaza etiladigan tabiiy hududlar departamenti tasarrufidagi Zomin davlat qo‘riqxonasida yong‘in xavfsizligi bo‘yicha maxsus o‘quv mashg‘ulotlari tashkil etildi.

Tadbirda Favqulodda vaziyatlar vazirligi va uning quyi tizimi rahbar va xodimlari Zomin davlat qo‘riqxonasi, Ichki ishlar, Milliy gvardiya tuman bo‘limlari, o‘rmon xo‘jaligi hamda Zomin milliy tabiat bog‘i vakil va mutaxassislari ishtirok etdi.

Atrof-muhitni muhofaza qilish, ekotizimlarni asrash va yong‘in xavfi bilan bog‘liq favqulodda vaziyatlarning oldini olish bugungi kundagi eng dolzarb masalalardan biri hisoblanadi. Shu sababdan Favqulodda vaziyatlar vazirligi mas’ullari tomonidan o‘tilgan mashg‘ulotlar jarayonida asosiy e’tibor ishtirokchilarning tabiiy ofatlarning oldini olishiga, yong‘inlarga qarshi kurash va ekotizimni muhofaza qilish doirasida amaliy bilim va ko‘nikmalari mustahkamlanishiga qaratildi.

Mashg‘ulotlar jarayonida ishtirokchilarning yong‘in xavfsizligi qoidalari va ularga rioya etish bo‘yicha nazariy bilimlari oshirilib, o‘rmon va tog‘-o‘rmon hududlarida yong‘inlarning oldini olish bo‘yicha qanday profilaktik choralarni ko‘rish lozimligi yuzasidan atroflicha tavsiyalar berildi. Shuningdek, yong‘in sodir bo‘lgan taqdirda tezkor harakatlanish, o‘zaro hamkorlikda muvofiqlashtirilgan chora-tadbirlar ko‘rish bo‘yicha ham amaliy mashg‘ulotlar bajarildi.

Shu o‘rinda, ushbu o‘quv mashg‘ulotlari – yong‘in xavfi yuqori bo‘lgan yoz mavsumida muhofaza etiladigan tabiiy hududlardagi xavfsizlikni ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidlash joiz. Tadbir yakunida barcha ishtirokchilarga yong‘in xavfsizligi bo‘yicha eslatma, amaliy tavsiyalar hamda nazorat ro‘yxatlari topshirildi.

A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA muxbirlari