Jizzax shahridagi "Buyum bozori” da xavfsizlik madaniyatini oshirishga qaratilgan ko‘rgazmali profilaktik tadbir o‘tkazildi.
“Noyabr — Favqulodda vaziyatlar profilaktikasi oyligi” doirasida tashkil etilgan ushbu amaliy uchrashuvda Jizzax shahar favqulodda vaziyatlar bo‘limi xodimlari bir qator korxonalarning vakillari bilan hamkorlikda ishtirok etishdi.

Tadbir davomida bozor hududida sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan ehtimoliy xavflarni oldini olishga qaratilgan tushuntirish va targ‘ibot ishlari olib borildi. Savdo do‘konlari egalari hamda bozorga tashrif buyurgan fuqarolarga yong‘in xavfsizligini ta’minlash, is gazidan zaharlanishning oldini olish, oziq-ovqatdan zaharlanish holatlariga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha batafsil ma’lumotlar berilib, amaliy yo‘riqnomalar taqdim etildi.

Shu bilan birga, ishtirokchilarga ko‘rgazmali qo‘llanmalar va esdalik targ‘ibot materiallari tarqatildi.
Favqulodda vaziyatlar, yong‘in va qutqaruv ishlarida qo‘llaniladigan maxsus texnika va asbob-uskunalarning amaldagi namoyishlari tadbirni yanada jonli o‘tishini ta’minladi. Qutqaruv vositalari, birlamchi yong‘in o‘chirish uskunalari va ulardan foydalanish usullari ishtirokchilarga amaliy tarzda ko‘rsatib berildi.

Shuningdek, bozor atrofida joylashgan yong‘in o‘chirish suv manbalari — gidrantlarning texnik holati o‘rganilib, ularning to‘liq foydalanishga tayyorligi ham diqqat bilan tekshirildi.
O‘tkazilgan tadbirning bosh maqsadi aholi orasida xavfsizlik madaniyatini yuksaltirish, favqulodda vaziyatlarning oldini olishga qaratilgan mas’uliyat va ongli munosabatni kuchaytirishdan iboratdir.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA muxbirlari