Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Maqsad – viloyatni yashil hududga aylantirish
09:50 / 2022-10-27

Ko‘chat ekib bog‘ barpo etish, atrof-muhitni toza-ozoda saqlash xalqimizning asrlar sinovidan o‘tgan milliy qadriyatlaridir. Bugun ana shu ezgu an’ana davom etib, davlatimiz rahbari tashabbusi bilan umummilliy harakatga aylandi.

O‘tgan yili boshlangan bu loyiha ayni kunlarda qizg‘in davom etib, “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida daraxt ekish bo‘yicha “Dolzarb 40 kunlik”ning ikkinchi bosqichi boshlandi.

Butun mamlakatimizda bo‘lgani kabi Jizzax viloyatida loyihaga qizg‘in hozirlik ko‘rildi. Ko‘chat ekish ishlarining joriy yil kuzgi mavsumi uchun manzarali va mevali daraxt, buta ko‘chatlarini ekish bo‘yicha manzilli dastur ishlab chiqilgan bo‘lib, unga ko‘ra bu mavsumda 6 million tup daraxt ko‘chatlari ekish rejalashtirilgan.

Joriy yil bahor mavsumida viloyat hududida 9 million  900 ming dona daraxt, buta ko‘chatlari va qalamchalari ekish rejalashtirilgan edi. Mavsum davomida 9 million  970 ming dona ko‘chat ekilib, reja 107 foizga uddalandi.

Boshqarmaning shahar va tuman ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish bo‘limlari tomonidan “Yashil makon eso” elektron platformasiga 9 million 970 ming dona ko‘chat kiritildi va ularni sug‘orish tizimi, parvarish qilinishi, biriktirilgan mas’ullar to‘g‘risidagi ma’lumotlar bazasi shakllantirildi. Sug‘orish tizimlari mavjud bo‘lmagan hududlarda ko‘chatlarni sug‘orish tizimini barpo qilish bo‘yicha olib borilgan amaliy ishlar natijasida jami 636 mingdan ortiq ko‘chatning sug‘orish tizimi joriy etildi.  

Forish tumanidagi “Lazzat kafolati” mas’uliyati cheklangan jamiyati xodimlari tomonidan ekilgan 221 ming tup tok, Zomin tumanining tog‘li hududiga ekilgan 90 ming tupdan ortiq archa va mevali daraxt ko‘chatlarining bexato o‘sishi uchun tomchilatib sug‘orish tizimiga o‘tildi.  

Paxtakor tumanidagi “Silver leafe” klasteri ishchi-xizmatchilari tomonidan 160 ming dona pavlovniya, Sharof Rashidov tumanidagi “Gulshana E’zoza” MCHJ xodimlari tomonidan 40 ming dona, “Mavlon ota” fermer xo‘jaligi mehnatkashlari tomonidan 20 ming dona, “Musaffo agro 3 D” fermer xo‘jaligi vakillari tomonidan 125 ming dona ko‘chatlar ekilib, sug‘orish tizimi barpo etilgan.

Prezidentimizning 2021 yil 31 dekabrdagi “Respublikada ko‘kalamzorlashtirish ishlarini jadallashtirish, daraxtlar muhofazasini yanada samarali tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonida mamlakatimizda “Yashil bog‘lar” va “Yashil jamoat parklari”ni tashkil etish g‘oyasi ilgari surilgan.  

“Yashil bog‘lar”ni tashkil etish shaharlar va boshqa aholi punktlarida daraxtzor va butazorlarni barpo etish, takroriy ko‘paytirish, qayta tiklash, parvarish qilish, muhofaza qilish, ularning mahsuldorligini oshirishga xizmat qiladi. “Yashil jamoat parklari” esa idoraviy mansubligidan qat’iy nazar, bino, inshootlar, ishlab chiqarish ob’ektlari, attraksionlar qurilishi taqiqlangan, aholi sayr qilishiga mo‘ljallangan daraxtzor va butazorlardan iborat bo‘lishi kerak.

“Yashil makon” umummilliy loyihasini amalga oshirish jarayonida Jizzax viloyatida 35,4 gektar maydonda “Yashil bog‘lar” va 81,3 gektar maydonda “Yashil jamoat parklari” barpo etilishi rejalashtirilgan.  

Mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash boshqarmasi, viloyat bandlik  bosh boshqarmasi, “O‘zavtoyo‘l” viloyat boshqarmasi, “O‘zyo‘lko‘kalam” unitar korxonasi, viloyat Yoshlar ishlari agentligi mas’ullari bilan birga ko‘chat ekish ishlarini asosan mahalla hududlarida, mahallabay tarzda kengroq tashkil etish yuzasidan vazifalar belgilab olindi.

Har bir mahalla, fermer xo‘jaliklari, tashkilot, korxona va muassasalar hududlarida sug‘orish tizimlarini shakllantirib, hududlarning iqlim sharoitlariga mos ravishda manzarali va mevali daraxt ko‘chatlari, rayhon, yalpiz, gul ko‘chatlarini ekish bo‘yicha kelishib olindi.

Mahallalarda “Yashil makon” umummilliy loyihasini amalga oshirish bo‘yicha ekoxaritalar ishlab chiqiladigan bo‘ldi.

Manzilli dasturga asosan joriy yil kuz mavsumida viloyatdagi avtomobil yo‘llari yoqasiga 194 ming 65 tup, qishloq xo‘jaligi yerlariga ihota sifatida 826 ming 321, fermer xo‘jaliklari ekin maydonlarining chetlariga 1 million 895 ming 74, ijtimoiy soha ob’ektlari va tashkilotlar hududlariga 1 million 357 ming 746, tuman va shahar obodonlashtirish boshqarmalari tasarrufidagi hududlarga 530 ming 325, QFY, MFY va boshqa ob’ektlar hududlariga 1 million 195 ming 869 tup manzarali va mevali daraxt va buta ko‘chatlarni ekish rejalashtirildi.

Maqsadimiz – viloyatimizni ekologik toza yashil hududga, makonga aylantirishdan iborat.

 

Erkin Xolmatov,  

Jizzax viloyati ekologiya va atrof-muhitni  

muhofaza qilish boshqarmasi boshlig‘i

O‘zA