Havo haroratining keskin pasayishi oqibatida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan noxush holatlarning oldini olish va tizimlardagi nosozliklarni tezkorlik bilan bartaraf etish maqsadida, “Buxoro suv ta’minoti” AJda jamiyatning boshqaruv xodimlari hamda dispetcherlardan iborat navbatchilik qismlari tashkil etilib, 24 soatlik ish rejimi joriy etilgan.
Jamiyat qish mavsumini betalafot o‘tkazish maqsadida favqulodda ish tartibi joriy etilgan bo‘lib, suv tozalash va uzatish inshootlari hamda oqova suv ob’ektlari faoliyati doimiy monitoring qilib borilmoqda.

Jamiyat direktori Sh.Sa’dullayev tegishli mas’ullar bilan birgalikda suv inshootlari, quvurlari, jo‘mraklar, quduqlarni nazoratdan o‘tkazib, ularning faoliyatini ko‘zdan kechirmoqda. Shuningdek, jamiyatga qarashli suv tozalash va tarqatish inshootlarining barqaror ishlashini ta’minlash, noqulay ob-havo sharoitlarida suv rezervuarlarining muzlab qolish holatlarini oldini olish, aholiga bir maromda toza ichimlik suvini yetkazib berish masalalarini muhokama qilib, yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan favqulodda holatlarni bartaraf etish bo‘yicha mutasaddilarga topshiriq va vazifalar berib bormoqda.
Brigadalarning barchasi texnik jihozlar, yonilg‘i-moylash mahsulotlari bilan ta’minlangan va yetarli xom-ashyo materiallarining zaxirasi yaratilgan. Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad – iste’molchilarga ichimlik suvi yetkazib berilishining uzluksizligini ta’minlash.

Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.