Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Maqsad –talabani ovora qilmaslik, o‘qishi uchun qulay sharoit yaratish
22:39 / 2024-08-29

Hademay respublikamizdagi oliy ta’lim muassasalarida yangi o‘quv yili boshlanadi. Bunday paytda talabalar uchun «global» muammo – yashash uchun uy-joy topish masalasi paydo bo‘ladi. Bu har yili takrorlanadigan bir tashvish edi. Endi ana shu kabi muammolarga barham berish, oldini olish choralari ko‘rilmoqda.

Keyingi yillarda talaba-yoshlar uchun imkoniyatlar ko‘lami tobora kengayib bormoqda. Ta’lim sohasi bosqichma-bosqich raqamlashtirilyapti. Natijada ortiqcha ovoragarchiliklarga, tanish-bilishchilikka, korrupsiyaga barham berilyapti.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023 yil 14 avgustdagi “Oliy ta’lim muassasalari talabalarini turarjoy bilan ta’minlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga ko‘ra, talabalarni turarjoy bilan ta’minlashning shaffof va samarali tizimi joriy etildi. Xo‘sh, uning afzalligi nimada?

– Endilikda davlat oliy ta’lim muassasalarining talabalar turarjoyiga joylashishi faqat davlat xizmatlari markazlari yoki O‘zbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali elektron ariza berish yo‘li bilan amalga oshiriladi, – deydi Qarshi muhandislik-iqtisodiyot instituti yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektori Azamat Xayriddinov. – Talabalarga navbatni onlayn kuzatish va to‘lovlarni amalga oshirish imkoniyati yaratilgan. Yana bir jihati, talabalar bilan tuziladigan turarjoy ijara shartnomalari davlat soliq xizmati organlarida soliq to‘lovchining shaxsiy kabineti orqali masofadan turib biometrik identifikatsiyalash texnologiyasi vositasida elektron shaklda real vaqt rejimida hisobga qo‘yiladi. 

[gallery-19014]

Vazirlar Mahkamasi qaroriga muvofiq, talabalarni yotoqxonalarga joylashtirishda murojaatlar ustuvorligiga ko‘ra to‘rt guruhga bo‘linadi. Bunda birinchi bo‘lib ijtimoiy himoyaga muhtoj, nogironligi bor, daftarlarda turuvchi talabalar joy bilan ta’minlanadi. Keyin boshqa viloyatdan kelib tahsil oluvchilar va OTM joylashgan viloyatning uzoq tumanlaridan bo‘lgan yoshlar talabalar turarjoylariga joylashtiriladi.

Bundan tashqari, talabalarning mushkulini oson qilish maqsadida oliy ta’lim muassasalarida Talabalar turarjoylariga joylashtirish uchun yordam ko‘rsatish markazlari faoliyati ham yo‘lga qo‘yilgan. Markazda oliygoh yaqinida joylashgan ijara uylarning manzili, narxlari va boshqa qulayliklari to‘g‘risidagi ma’lumotlar bazasi jamlangan.

– Yangi o‘quv yilida ijara xonadoniga joylashishi ehtimoli bo‘lgan talabalar soni 2 ming 526 nafarni tashkil etishi prognoz qilingan, — deydi institut talabalarni turarjoy bilan ta’minlash ishlarini muvofiqlashtiruvchi bo‘limi boshlig‘i Oybek Dilov. – Shundan kelib chiqib, institutning mas’ul xodimlari tomonidan institut atrofidagi mahallalardan 238 ta ijara xonadonga joylashishi mumkin bo‘lgan jami 1 ming 290 nafar talabaga zaxira joylari bazasi shakllantirdi va “Ijara.edu.uz” portaliga joylashtirildi. 29 avgustga qadar talabalar turarjoylari masalasida elektron portal orqali 557 ta, markaz orqali esa 65 ta murojaat bo‘ldi. Shuni alohida qayd etish lozimki, ushbu tizim o‘quv yili oxiriga qadar ishlaydi.

Talabalar turarjoylariga joylashtirish uchun yordam ko‘rsatish markazi talaba-yoshlarning uyma-uy kezishlariga barham beribgina qolmasdan, uy oldi-sotdisi dallollari (maklerlar) aralashuviga ham chek qo‘ymoqda.

– Men Muhandislik texnikasi fakulteti ikkinchi kurs talabasiman, – deydi Kasbi tumani Denov qishlog‘ilik Shohruh Ravshanov. – Shu markazga kelib, so‘rab-surishtirib, institutga yaqin Paxtazor mahallasidan ijaraga uy topdim. Shart-sharoitlarini o‘rgandim, uy egasi bilan gaplashdim.

Xulosa shuki, bu kabi sa’y-harakatlarning barchasi talabalarga yanada qulaylik va yengillik yaratishga qaratilgan. Bu davlat ahamiyatidagi masalaga aylanib bormoqda. Maqsad yoshlarimizning o‘qishi, izlanishi, o‘z imkoniyatini namoyon etishi uchun keng imkoniyat yaratishdir.

O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat), O‘zA muxbirlari