O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Hududlarda tadbirkorlik loyihalarini moliyalashtirish mexanizmlarini yanada kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga ko‘ra hududlarda amalga oshirilayotgan tadbirkorlik loyihalarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash, tadbirkorlik tashabbuslarining o‘z vaqtida amalga oshirilishini ta’minlash orqali kichik va o‘rta tadbirkorlikni yanada rivojlantirish maqsad qilib belgilangan. Buning uchun ishlab chiqarish korxonalariga 7 yil muddatga, 3 yillik imtiyozli davr bilan yillik 14 foiz stavkada milliy valyutada kredit mablag‘lari ajratilishi belgilandi.
Tizimdagi amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan Respublika ishchi guruhi Buxoro shahridagi mahallalarda o‘rganishlar olib bormoqda. Dastlab respublikadan biriktirilgan vakillar M.Ashrafiy mahallasida bo‘ldi.
“Mahalla yettiligi”ning faoliyati bilan tanishish asnosida mahalla fuqarolar yig‘ini raisi, hokim yordamchisiga aholi bandligini ta’minlash, hududda tadbirkorlikni rivojlantirish, xotin-qizlar faoli va yoshlar yetakchisiga ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarni o‘tkazish, xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash borasidagi farmon va qarorlarning ijrosini ta’minlash, hududdagi soliq qarzdorliklarini undirish borasidagi ishlarni amalga oshirish, profilaktika inspektoriga jinoyat va huquqbuzarliklarning oldini olish yuzasidan o‘z fikrlari va tavsiyalarini berdi.

Jumladan, Buxoro shahrida faoliyat olib borayotgan “Teshavoy Abdurazzoq” xususiy korxonasi imtiyozdan foydalanib, barcha turdagi yumshoq mebel mahsulotlari ishlab chiqarish loyihasini yo‘lga qo‘ydi. 800,0 million so‘m kredit mablag‘lari hisobiga korxona zarur uskunalar bilan ta’minlandi.
Hozirda, “Teshavoy Abdurazzoq” xususiy korxonasi tomonidan yiliga qiymati 1,7 milliard so‘mlik 2,5 ming dona tayyor mebel mahsulotlari ishlab chiqarilmoqda.

O‘rganishlar Navro‘z mahalla fuqarolar yig‘ini hududida ham davom etdi. Mazkur mahalla uchun Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasida 1,9 milliard so‘m kredit mablag‘lari yo‘naltirilgan bo‘lib, bugungi kunga qadar hududdagi ishsiz 62 nafar fuqaroga tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanishi uchun 1,5 milliard so‘m kredit ajratilgan.
Xususan, parrandachilikni rivojlantirish, non va non mahsulotlari ishlab chiqarish, qo‘ziqorin yetishtirish, tikuvchilik, xizmat ko‘rsatish va tibbiyot yo‘nalishlarga kreditlar yo‘naltirilgan bo‘lib, bu orqali 60 ga yaqin yangi ish o‘rinlari yaratildi.

Respublika ishchi guruhi Buxoro shahriga biriktirilgan vakillarining o‘rganishlari Navro‘z mahallasida ham olib borildi. Xususan, vakillar “NARGIZA DESING” MCHJ rahbari Nargiza Allakova bilan suhbatda bo‘ldi. Tadbirkor 3 yil oldin “Ayollar daftari”da bo‘lib, dastlab 33,0 millionlik kredit asosida o‘z ish faoliyatini boshlagandi.

– “Xalq banki” ATB tomonidan ajratilgan kreditlar asosida o‘z faoliyatimni yanada rivojlantirib bugungi kunda 10 nafar fuqaroni doimiy ish bilan ta’minladim, – deydi Nargiza Allakova. – Kelgusi faoliyatimda qo‘shimcha ravishda 15 nafar fuqaroni ish bilan ta’minlashni rejalashtirganman. Bugungi kunda xotin-qizlar bilan zamonaviy pardalar va jalyuzalar tikib, hunarimni uyda o‘tirgan xotin-qizlarga ham o‘rgatmoqdaman.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri