Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Maqsad tadbirkorlar muammolarini hal etish
19:48 / 2025-07-03

Biznes-ombudsman devoni mamlakatimizning turli hududlarida tadbirkorlar bilan muloqot o‘tkazmoqda. Ana shunday muloqot Qoraqalpog‘iston Respublikasida ham tashkil etildi.

Ta’kidlanganidek, davlatimiz rahbari tomonidan Qoraqalpog‘iston Respublikasiga alohida e’tibor ko‘rsatgan holda, hududda aholi bandligini ta’minlash, ishlab chiqarish va investitsiya salohiyatidan samarali foydalanish, tadbirkorlik faoliyatini yanada rivojlantirish, iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanishni yangi bosqichga olib chiqish maqsadida tizimli ravishda islohotlar olib borilmoqda. Shuni alohida qayd etish lozimki, so‘nggi besh yil mobaynida Prezidentimiz va hukumatimiz tomonidan Orolbo‘yi bo‘yicha bir qator farmon va qarorlar qabul qilindi. Ularda Qoraqalpog‘iston Respublikasida tadbirkorlik bilan shug‘ullanish, ularning faoliyatini rivojlantirish uchun keng imkoniyat va imtiyozlar berilgan.

Xususan, ayrim soliqlardan ozod etilishi va soliq stavkalarining ikki baravarga kamaytirilishi, yer uchastkalarini ajratish, imoratlarning xususiylashtirib berilishi, bo‘sh turgan ob’ektlarni auksion orqali sotib olishda bo‘lib to‘lashga imkoniyat yaratilgani, subsidiya va imtiyozli foizda kreditlar berilishi kabi ko‘plab sharoitlar muhayyo etilgan. Bugungi kunda tadbirkorlar berilgan ushbu imkoniyatlardan samarali foydalangan holda o‘z faoliyatini yanada rivojlantirish, xizmatlar ko‘rsatish sifatini yaxshilash va ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishni maqsad qilgan.

Ta’kidlash lozimki, qo‘llab-quvvatlashlar natijasida so‘nggi ikki yilda ishlab chiqarish faoliyatini yo‘lga qo‘ygan korxonalar ko‘pchilikni tashkil qiladi. Bu borada Biznes-ombudsman tomonidan davlat tashkilotlari va tadbirkorlik sub’ektlari o‘rtasida doimiy ravishda samarali suhbatlar yo‘lga qo‘yilib, ularning faoliyatiga amaliy yordam ko‘rsatilmoqda.

Tadbirkorlik faoliyatiga to‘siq bo‘layotgan tizimli muammolarni aniqlash va ularni bartaraf etish yuzasidan o‘tkazilgan mazkur uchrashuvda ham ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ygan korxonalar vakillari bilan suhbatlashgan holda, fikr va takliflari tinglanib, ularga muvofiq biznes muhitni yanada yaxshilashga qaratilgan mezonlarni amaliyotga tatbiq qilish choralari belgilab olinmoqda. Maqsad esa bitta: tadbirkorlarning ovozini eshitish, ularning muammolarini hal etish va tadbirkorlik muhitini yanada yaxshilashga ko‘maklashishdan iborat.

Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri