French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Maqsad – sohaga kasbiy, jismoniy tayyorgarligi yuqori, halol xodimlarni jalb etish
10:33 / 2023-02-02

Prezidentimizning joriy yil 20 yanvarda “Ichki ishlar organlarini xalqchil professional tuzilmaga aylantirish va aholi bilan yanada yaqin hamkorlikda ishlashga yo‘naltirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

Qarorda xizmatga nomzodlarni tanlashning adolatli va shaffof tizimini yaratish, o‘rnatilgan tartiblarni tubdan soddalashtirish va byurokratik to‘siqlarni bartaraf etish nazarda tutilgan.  

Shuningdek, xizmatga qabul qilish jarayoni to‘liq raqamlashtiriladi. Amaldagi suhbat o‘rnini test va psixofiziologik sinovlar egallaydi. Nomzodlarni harbiy tibbiy komissiya ko‘rigidan o‘tkazish va shaxsiy yig‘ma jildlarni shakllantirish saralash bosqichidan keyin amalga oshiriladi.

O‘z navbatida xizmatga qabul qilingan xodimlarga nisbatan tayinlanadigan dastlabki sinov muddati 1 yilgacha uzaytiriladi. Xizmatga ilk marotaba qabul qilinganlar IIV malaka oshirish institutida 3 oylik boshlang‘ich kasbiy tayyorgarlik kurslarini muvaffaqiyatli tamomlaganidan so‘ng lavozimga tayinlanadi.

Ushbu huquqiy hujjat asosida ichki ishlar organlari xodimlarining kasbiy madaniyat va xizmat intizomi kodeksi tayyorlandi. Mazkur kodeksda dastlabki sinov muddati davrida xodim kodeks talablarini buzganida unga biriktirilgan murabbiyga nisbatan egallab turgan lavozimidan ozod etishgacha bo‘lgan intizomiy jazo qo‘llanilishi ko‘rsatib o‘tilgan.

Bundan tashqari, hududiy ichki ishlar organlari ehtiyojiga ko‘ra, IIV akademiyasining huquqbuzarliklar profilaktikasi va tezkor qidiruv faoliyati yo‘nalishlariga IIV akademik litseylarining 200 nafargacha bitiruvchilarini to‘lov kontrakt asosida o‘qishga qabul qilish ko‘zda tutilgan. Qarorda xizmat davomida har bir xodimning bilimi, jismoniy va jangovar tayyorgarligini kuchaytirish, ularning bu yo‘nalishdagi sa’y-harakatlarini baholab borish belgilangan.

Xususan, aholi bilan doimiy muloqotda bo‘ladigan huquqbuzarliklar profilaktikasi, yo‘l-patrul va post-patrul xizmatlari xodimlarini fuqarolar bilan ishlash moduli amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi. Ushbu sohaviy xizmatlar vakillari IIV malaka oshirish institutida davomiyligi 144 soatdan kam bo‘lmagan dastur asosida har 3 yilda bir marta o‘qitilib, sinovdan o‘tkaziladi.

Endilikda xodimlarga psixologik xizmat ko‘rsatish sifati oshiriladi. Ularning oilaviy-maishiy muammolarini o‘rganish va hal etish, istiqbolli yosh rahbar kadrlar zaxirasini shakllantirishning yangi tizimini joriy etish, ularning faoliyatini doimiy nazorat qilish va o‘qitish choralari ko‘riladi.

Xodimlar o‘rtasida nojo‘ya xatti-harakatlar, suiiste’molchilik va korrupsiya holatlarining barvaqt oldini olish, huquq-tartibot tizimi obro‘siga salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi nizoli vaziyatlarni yuzaga keltirmaslik masalalari ham e’tibordan chetda qolmagan. IIV va uning hududiy bo‘linmalarida soha olimlari, faxriylar va jurnalistlardan iborat jamoatchilik kengashi tuzilishi ko‘zda tutilgan. Ushbu kengash jamoatchilik nazoratini amalga oshiradi, sohaga oid ijtimoiy fikrni o‘rganib, tizimli monitoring olib boradi. O‘z navbatida bu o‘rganish natijalariga oid ma’lumotlar ommaga yetkaziladi.

Tizimda o‘zgarishlarning yangi bosqichi boshlandi, desak xato bo‘lmaydi. Maqsadlar esa o‘zgarmagan, ya’ni ichki ishlar organlari safini elga sidqidildan xizmat qiladigan, bilimi, kasbiy, jismoniy va jangovar tayyorgarligi yuqori, halol xodimlar bilan to‘ldirish orqali inson huquq va erkinliklarini to‘laqonli himoyalaydigan, jamoat xavfsizligi va osoyishtalikni ta’minlay oladigan, jinoyatchilikka qarshi samarali kurashadigan xalqchil professional tizimni yaratishdir.

 

Muzaffar Shodmonov,

Jizzax viloyati Forish tumani IIB boshlig‘i o‘rinbosari, mayor.

O‘zA