Prezidentimizning 2023 yil 21 dekabrdagi “Oilalarni mustahkamlash va xotin-qizlarning faolligini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, joriy yilning 1 yanvaridan boshlab fuqarolik ishlari bo‘yicha tumanlararo sudlarda oilaviy nizolarni ko‘rishga ixtisoslashgan sudyalar korpusi shakllantirilmoqda. 2024 yilning 1 fevralidan esa tajriba tariqasida fuqarolik ishlari bo‘yicha Samarqand shahar, Namangan tumanlararo va Mirzo Ulug‘bek tumanlararo sudlarining 2 nafardan sudyasi oilaviy nizolarni ko‘rish bo‘yicha ixtisoslashtirgan holda ushbu sudlarda “Oila sudyalari” tashkil etiladi.
“Oila sudyalari”ning ijobiy tomoni shundaki, aynan oilaviy nizolarni ko‘radi, bunga qat’iy ixtisoslashib, boshqa ishlarni ko‘rishga chalg‘imaydi, shu boradagi qonun hujjatlari, hayotiy tajribadan kelib chiqib, bu toifadagi ishlarni muhokama qiladi, oilaviy nizolarning kelib chiqish sabablarini tahlil qiladi, bunga imkon yaratgan shart-sharoitlarni bartaraf etish choralarini ko‘rib boradi.
Shuningdek, davlatimizda oila institutini mustahkamlash, uning nufuzini oshirish, huquqiy asoslarini takomillashtirish, erta nikohning oldini olish va sog‘lom farzandlarni dunyoga keltirish masalalariga alohida e’tibor qaratilgan.
Haqiqatan ham, oila kelajak avlodga kuchli ta’sir etuvchi chinakam tarbiya maskanidir. Shu bois yoshlarning jamiyatda o‘z o‘rnini topishiga ko‘maklashish, ayniqsa, ularning oila qurishlariga jiddiy e’tibor qaratish barchadan katta mas’uliyat talab etadi. Aytish joizki, bugungi kunda ham qarindoshlar o‘rtasida nikoh, shuningdek, qizlarni erta uzatish holatlari kuzatilayotganligi va bu salbiy oqibatlarga olib kelayotgani ushbu masalaga yanada teranroq nazar tashlash, yanada mas’uliyat bilan yondashish lozimligini ko‘rsatadi.

Mamlakatimizda bunday holatlarning oldini olish borasida qator ishlar amalga oshirilganligini aytib o‘tish o‘rinli. Erta oila qurgan shaxslar, shuningdek, bunga yo‘l qo‘ygan ota-onalar, ta’lim va diniy muassasa xodimlari javobgarlikka tortilmoqda. Oila kodeksi, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi va Jinoyat kodekslariga nikoh yoshi to‘g‘risidagi qonun talablarini buzganlik, ya’ni nikoh yoshiga yetmagan shaxs bilan nikoh tuzishga, erga berish yoki uylantirish, shuningdek, nikoh yoshiga yetmagan shaxs bilan nikoh tuzishga doir diniy marosimni amalga oshirish uchun javobgarlikni belgilovchi normalar kiritildi.
O‘zbekiston Respublikasining “Ta’lim to‘g‘risida”gi qonunining 3-moddasida ta’limning uzluksizligi va izchilligi, shuningdek, umumiy o‘rta va o‘rta maxsus ta’limning majburiyligi, ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 47-moddasida esa ota-onalar yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar tomonidan voyaga yetmagan bolalarni tarbiyalash va ularga ta’lim berish borasidagi majburiyatlarini bajarmaslik uchun ma’muriy javobgarlik belgilangan.
Nikohga qadam tashlayotgan har bir qiz va yigit birinchi navbatda oilaga har tomonlama, ya’ni jismoniy va ruhiy jihatdan sog‘lomligi, kelajakda ota-ona bo‘lishga, farzand tarbiyasi bilan shug‘ullanishga tayyorligini obdon o‘ylashi zarur.
Bugunda yoshlarimizning ayrimlari oila qurishga tayyor bo‘lmasdan erta turmush qurishi oqibatida, shuningdek, qarindoshlar o‘rtasidagi nikohlar ajrashishlarga sabab bo‘lmoqda. Erta nikohning oldini olish uchun yoshlarga birinchi navbatda sog‘lom bo‘lishi zarurligi, kasb-hunarli bo‘lishini, yetuk mutaxassis bo‘lib, ota-onasi, Vataniga xizmat qilishini o‘rgatishimiz lozim.
Barchamizga ma’lumki, sudlar tomonidan nikohdan ajratish bilan bog‘liq ishlar ko‘rilganda, muddat bermasdan ajratish holatlari deyarli uchramaydi. Buning ham ko‘pgina salbiy tomonlari mavjud. Xususan, er xotinni muntazam urib, og‘ir tan-jarohati yetkazib, jinoyatda jabrlanuvchi bo‘lsa ham ularga muddat berilar yoki da’vosi rad etilar edi. Oqibatda jinoyatdan jabr ko‘rgan ayol yana tazyiq va zo‘ravonlik ostida yashashga majbur bo‘lar edi.
Endilikda bunday holatda mahalladagi xotin-qizlar faolining asoslantirilgan xulosasi bilan sud ishni soddalashtirilgan tartibda ko‘rib chiqib, jabrlanuvchining talabi bilan muddat bermasdan ajratishga yo‘l qo‘yiladi. Bu ham zo‘ravonlikka uchragan xotin-qizlarning huquqlarini davlat va sud tomonidan samarali himoya qilishning muhim vositasidir.
Sud amaliyotida nikohdan ajralgan ayol ko‘pgina hollarda uy-joyga kiritib qo‘yish haqida sudga da’vo arizasi bilan murojaat qiladi. Er boshqa oila qurgan, u va sobiq turmush o‘rtog‘i o‘rtasida bahsli holatlar mavjud, shunga qaramasdan sobiq xotin uy-joyga kiritib qo‘yiladi.
Qonun asosida uy egasi yashash uchun sharoitlarga ega boshqa yashash joyi yoki ijara haqini to‘lab borish bilan boshqa uy-joyga taklif etganda, sud taraflarning fikrini inobatga olib, ish holatidan kelib chiqib, shu turar joyga yoki ijara haqini to‘lash majburiyatini yuklash orqali uzoq muddatli nizoga barham beriladi.
Yurtimizda nikoh munosabatlarini mustahkamlash, oilaviy hayotda ro‘y beradigan salbiy hodisalarning oldini olish, oilada sog‘lom muhitni shakllantirish, barkamol avlodni tarbiyalash borasida amalga oshirilayotgan ishlardan ko‘zlangan maqsad sog‘lom hamda mustahkam oila barpo etishdir. Chunki Vatan oiladan boshlanadi.
Nodirjon Rasulov,
Jizzax viloyati sudi raisining
o‘rinbosari, Fuqarolik ishlari bo‘yicha
sudlov hay’ati raisi.
O‘zA