Deputat – xalq xizmatchisi. Bu ibora kun sayin hayotda o‘z tasdig‘ini topmoqda. Boisi, bugun xalq vakillari o‘zlarining ko‘p vaqtini saylovchilar muammolarini o‘rganish, hal etish, taklif va tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashga ajratib kelmoqda.
Xususan, Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi “Adolat” SDP fraksiyasi a’zolari ham yanvar oyining oxirgi o‘n kunligida hududlarda bo‘lib saylovchilar bilan yuzma-yuz muloqotlar o‘tkazdi.

Deputat Gulnoraxon Abduvohidova Andijon viloyatidagi bir haftalik o‘rganishlari davomida Andijon shahri, Asaka, Qo‘rg‘ontepa, Jalaquduq tumanlarida bo‘lib, hududlardagi ijtimoiy soha ob’ektlari faoliyati, aholi uchun yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishdi, u yerda mehnat faoliyatini olib borayotgan xodimlar bilan suhbatlashdi.

Jumladan, dastlab Andijon shahridagi “Inson ijtimoiy xizmatlar” markazi faoliyati, u yerga tashrif buyuruvchi fuqarolar uchun yaratilgan sharoitlar yaqindan o‘rganildi.
Shuningdek, deputat G.Abduvohidova Asaka tumanidagi 12-umumta’lim maktabi hamda tuman tibbiyot birlashmasiga tashrif buyurib, ushbu ijtimoiy soha ob’ektlarida o‘quvchi va bemorlar uchun yaratilgan sharoitlar, kuz-qish mavsumida isitish tizimi faoliyatining qay darajada yo‘lga qo‘yilganini o‘rgandi. Yakunda aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan o‘z tavsiyalarini berdi.

Qo‘rg‘ontepa tumanidagi “Mustaqillik” MFY “mahalla yettiligi” bilan o‘tkazilgan muloqotda “Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturi doirasida amalga oshirilayotgan ishlar, imtiyozli kreditlar asosida oilalar daromadini oshirish borasida qilinayotgan tashabbuslar tahlil qilinib, daromad olishni yo‘lga qo‘yib olgan xonadonlar tajribasi bilan tanishildi. Aholi bandligini ta’minlash, tomorqadan unumli foydalanish borasidagi ishlar samaradorligini oshirish bo‘yicha tavsiyalar berildi.

Jalaquduq tumanida o‘tkazilgan muloqotlarda aholining toza va sifatli ichimlik suvga bo‘lgan ehtiyojini to‘liq qondirish borasida bildirilgan muammoni hal etish maqsadida “Oqova suv” tozalash inshootlarini modernizatsiya qilish va yangilarni qurish borasida boshlangan ishlarni tezlashtirish yuzasidan tegishli mutasaddilar bilan maslahatlashib, kelgusidagi rejalar belgilab olindi.
Eng muhimi, aholi vakillari bilan o‘tkazilgan muloqotlar davomida “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi doirasida amalga oshirilayotgan islohotlar, Qonunchilik palatasi deputatlari tomonidan qabul qilinayotgan qonunlar mazmun-mohiyati saylovchilarga yetkazildi. Ayni vaqtda parlament vakillari tomonidan ko‘rib chiqilayotgan qonunlar xalqchilligini oshirish yuzasidan saylovchilarning takliflari tinglandi.
F.UBAYDULLAEV,
O‘zA