Mamlakatimizda neft-gaz sanoatini yanada rivojlantirish, tizimdagi korxonalar faoliyatini takomillashtirish va investitsiya loyhalarini tatbiq etish bugun kun talablari hisoblanadi.
Shu sababli, “O‘zbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi yetakchiligida ishchi guruh joylarda bo‘lib, boshqarmalar va konlardagi jarayonlarni o‘rganmoqda.
Ishchi guruhning bu galgi ishchi safari Muborak neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasi tizimidagi ishlarni o‘rganishga qaratildi.
Unda Muborak neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasida tabiiy gaz qazib chiqarish, geologik-texnik tadbirlar doirasida quduqlarni burg‘ulash, kapital ta’mirlash va texnologik ob’ektlarni ishga tushirish borasida olib borilayotgan chora-tadbirlar va ularning samaradorligi e’tibor markazida bo‘ldi.
Xususan, “Tegirmon” konlari guruhi va unga yaqin maydonlarda amalga oshirilayotgan geologiya-qidiruv ishlari olib borildi. Joriy yilning yanvar-sentyabr oylari mobaynida ushbu hududda 9 ta yangi “Tegirmon” va “G‘arbiy Tegirmon” konlarida 2 tadan izlov-qidiruv va 2 tadan ishlatish quduqlari hamda “Yangi Alat” konida 1 ta izlov-qidiruv qudug‘i burg‘ulandi va qurilish bilan bilan tugatildi.
Albatta, bu kabi ishlar natijasida quduqlarning barchasidan sanoat miqyosidagi tabiiy gaz zaxiralarini ko‘paytirishga erishildi. Ayni damda ulardan tabiiy gaz qazib chiqarish ishlari davom ettirilmoqda.
– 2022 yilning o‘tgan davri mobaynida erishilgan eng asosiy yutuqlardan biri bajarilgan geologiya-qidiruv ishlari natijasida ushbu hududda “Yangi Alat” – yangi gazkondensat konining ochilishi bo‘ldi, – dedi “O‘zbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisining Axborot siyosati masalalari bo‘yicha maslahatchisi – matbuot kotibi Siyovush Hoshimov. –“O‘zbekneftgaz” AJ boshqaruvi raisi Mehriddin Abdullayev boshchiligidagi ishchi guruh tomonidan bugungi kunda “Tegirmon” konidagi 6-sonli, “G‘arbiy Tegirmon” konidagi 8-sonli, “Yangi Tegirmon” maydonidagi 1-sonli izlov-qidiruv quduqlarida olib borilayotgan burg‘ulash ishlari o‘rganildi. Shuningdek, geologiya-qidiruv ishlari natijasida ochilgan “Yangi Alat” gaz-kondensat konidagi 1-sonli quduqni ishga tushirish maqsadida diametri Ø168x8 mm bo‘lgan 11 km. uzunlikdagi gaz quvurining qurilish ishlari, “Tegirmon” konidagi 15-sonli va 16-sonli, “G‘arbiy Tegirmon” konidagi 11-, 12-sonli ekspluatatsion quduqlarda olib borilayotgan burg‘ulash jarayonlari tahlil qilinib, burg‘ulash ishlarini jadallashtirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi. O‘rganish davomida quduqlarni burg‘ulash ishlarida smena asosida ishlayotgan ishchilarning yashash sharoitlari ham ko‘zdan kechirildi va mas’ullarga tegishli ko‘rsatmalar berildi.
Nasiba Ziyodullayeva, O‘zA