Buxoroda BMT Taraqqiyot dasturining qo‘shma tashabbusi doirasidagi “O‘zbekistonda munosib mehnat o‘rinlarini yaratish va ijtimoiy himoyani tezlashtirish orqali rasmiy bandlikka adolatli o‘tishni ta’minlash” dasturi doirasida xotin-qizlar uchun yangi o‘quv dasturi boshlandi.
Dastur norasmiy sektorda faoliyat yuritayotgan xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning biznesini rasmiylashtirish va barqaror bandlikka o‘tishlariga ko‘maklashishni maqsad qiladi. Dastur BMT Taraqqiyot dasturi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi, EKVITA Italia tashkiloti bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda.
– Dastur xotin-qizlarning iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirish va tadbirkorlik salohiyatini oshirish, o‘z biznesini rasmiy ro‘yxatdan o‘tkazish, boshqarish va rivojlantirish uchun amaliy bilim va ko‘nikmalarni shakllantirish, ishtirokchilarni ochiq va xolis tanlov asosida saralash orqali eng faol va salohiyatli ayollarni aniqlash, eng faol ishtirokchilarni 2026 yildagi mini-grant dasturi orqali qo‘llab-quvvatlash vazifalarini amalga oshirishga yo‘naltirilgan, – deydi “Tadbirkor ayol” O‘zbekiston ishbilarmon ayollar assotsiatsiyasi viloyat bo‘limi raisi, xalq deputatlari viloyat Kengashi deputati Dilbar Ahmedova. – O‘quv jarayoni joriy yilning 14 noyabridan Buxoro shahrida 10 kunlik (40 soatlik) amaliy treninglar boshlanadi. Mashg‘ulotlar o‘zbek tilida interaktiv usullarda olib boriladi. Dasturda biznesni rasmiylashtirish asoslari va ro‘yxatdan o‘tkazish tartiblari, buxgalteriya hisobi va soliq majburiyatlari, moliyaviy va raqamli savodxonlik, marketing va ijtimoiy tarmoqlarda ilgari surish usullari, ish va oila o‘rtasidagi muvozanat, yetakchilik va vaqtni boshqarish mavzularni qamrab oladi.
[gallery-26256]
O‘quvni yakunlagan har bir ishtirokchi biznesini rasmiylashtirish bo‘yicha shaxsiy harakat rejasini ishlab chiqadi. Eng faol va samarali ishtirokchilar keyinchalik BMT Taraqqiyot dasturining 2026 yildagi kichik grantlar dasturi orqali moliyaviy ko‘mak olish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Dastur Samarqand, Buxoro va Qarshi shaharlarida o‘tkazilib, jami 60 nafar xotin-qizni (har bir hududdan 20 nafar) qamrab oladi.
Loyihaning asosiy maqsadlari xotin-qizlar o‘rtasida moliyaviy va huquqiy savodxonlikni oshirish, rasmiy bandlikka o‘tish uchun amaliy bilim va ko‘nikmalarni berish, ayollar tomonidan boshqariladigan rasmiy bizneslar sonini ko‘paytirishdan iborat.
Zarif Komilov,
Tohirjon Istatov (surat), O‘zA